“Yangi O‘zbekiston yoshlari, birlashaylik!” shiori ostida yoshlar festivali bo‘lib o‘tdi

Туман янгиликлари

Yurtimizda yoshlarning g‘oya va takliflarini eshitish uchun maydon yaratish, zamon qahramonlarini kashf etish, ularning ilmiy va ijodiy salohiyatini ro‘yobga chiqarish va mamlakatdagi yangilanishlarga faol jalb qilish maqsadida ko‘plab ijobiy ishlar amalga oshirilmoqda. Aytish kerakki, hukumatimiz tomonidan yoshlar borasida qabul qilinayotgan qarorlar faqatgina yosh avlodning manfaatlarini ta’minlashga qaratilgan. Prezidentimiz tomonidan qabul qilingan “Mahallalarda yoshlar bilan ishlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaror ham aynan shu maqsadlar ruyobiga hizmat qiladi.

Mazkur qarorda yoshlarning bandligi ta’minlash, kasbga o‘qitish, sportga qiziqtirish va bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish borasida ko‘plab ustuvor vazifalar belgilab berildi.

Ushbu qaror ijrosini ta’minlash maqsadida Amudaryo tumanida sektorlar kesimida ko‘plab tanlovlar va sport musobaqalari o‘tkazib kelinmoqda.

Jumladan, 3 mart kuni Nazarxan ovulida “Yangi O‘zbekiston yoshlari, birlashaylik!” shiori ostida yoshlar festivali bo‘lib o‘tdi.

Festival “Salomatlik uchun 5000 qadam” tadbiri bilan boshlandi. Shundan so‘ng, 3-sonli maktabning sport maydonchasida o‘g‘il bolalar o‘rtasida sportning mini futbol turi bo‘yicha musobaqa bo‘lib o‘tdi. Shiddatli va murosasiz kechgan uchrashuvda “Nazarxan jaslari” jamosi birinchi o‘rinni egalladi.

Xotin-qizlar o‘rtasida sportni targ‘ib qilish bugungi kunning dolzarb masalasi. Sababi, sog‘lom va barkamol avlodni dunyoga keltirish va tarbiyalash davlat siyosati darajasiga ko‘tarilgan. O‘tkazilgan festivalda ayol-qizlar ham faol qatnashishdi. Ular sportning voleybol turi bo‘yicha kuch sinashib sportdagi qobiliyatlarini namoyon qildilar. Musobaqada 3-sonli maktab jamoasi birinchi o‘rinni egalladi. Shuningdek, sportning tennis,shaxmat va shashka turlari bo‘yicha ham musobaqalar bo‘lib o‘tdi. Musobaqalarning barchasida g‘olib bo‘lgan jamoalar tuman Turizm va sport bo‘limi hamda Yoshlar ishlari agentligi tuman bo‘limi tomonidan munosib taqdirlandi.



Kunning ikkinchi yarmida Nazarxan ovul fuqarolar yig‘ini binosida tuman hokimi Sultonboy Yo‘ldashev aholi va yoshlar bilan uchrashdi. Uchrashuv davomida yoshlarga yaratilayotgan imkoniyat va shart-sharoitlar haqida so‘z yuritildi.


Shuningdek, uchrashuv davomida yoshlar tomonidan bir qancha muammo va takliflardan iborat murojaatlar kelib tushdi. Murojaatlarning aksariyati shu joyning o‘zida hal etilgan bo‘lsa, ba’zilariga huquqiy tushuntirishlar berildi. Muddat talab qiluvchi murojaatlar tegishli soha vakillariga topshiriq sifatida berildi.

Shundan so‘ng, tumanimiz hududida joylashgan “Chilpiq” arxeologik yodgorligiga sayohat tashkil qilindi. Yoshlarga ushbu yodgorlik haqida keng turda ma’lumotlar berilib, ularning ilmiy va ma’naviy dunyosini yanada boyitishga hissa qo‘shildi.

Sayohat davomida yoshlar mazkur tarixiy yodgorlikning sir-sinoatlarga to‘la ekanligini va bu xalqimiz tarixining uzoq o‘tmishga borib taqalishini tushunib, qalblarida bir olam tassurot va g‘urur bilan qaytdilar.

Tuman hokimligining Axborot xizmati