“Xotin-qizlarni e’zozlash haftaligi” doirasida mahalla ayol-qizlari o‘rtasida sport musobaqalari bo‘lib o‘tdi

Туман янгиликлари

Mamlakatimiz rahbari olib borayotgan ko‘pqirrali siyosatda xotin-qizlarga alohida e’tibor qaritilib kelinmoqda. Ayniqsa, xotin-qizlar salomatligi uchun qayg‘urish ustuvor masala sifatida belgilab olindi. Zotan, sog‘lom avlodgina yurt kelajagini ta’minlaydigan asosiy omil sanaladi. Bu avlodning dunyoga kelishi va kamolga yetishida esa, shubhasiz, ayollarimiz, onalarimizning o‘rni va xizmatini hech bir narsaga tenglashtirib bo‘lmaydi.

Shu maqsadda, 5 mart kuni Xalqaro xotin qizlar bayrami oldidan “Xotin-qizlarni e’zozlash haftaligi” doirasida tumanimizdagi faol mahalla ayol-qizlari o‘rtasida sport musobaqalari bo‘lib o‘tdi. Musobaqalar tuman Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash bo‘limi, “Mahalla” hayriya jamoat fondi tuman bo‘linmasi, Turizm va sport bo‘limi, Davlat muassasalari va jamoat xizmati xodimlari kasaba uyushmasi tuman Kengashi bilan hamkorlikda tashkil etildi.

Nukus davlat pedagogika instituti huzuridagi matematika fanlariga ixtisoslashtirilgan maktab binosida bo‘lib o‘tgan mazkur sport bellashuvlarini Mahalla va oilani-qo‘llab-quvvatlash bo‘limi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari Go‘zal Soburova ochib berdi hamda barcha ayol-qizlarni bayram bilan qizg‘in muborakbod etdi.

Davlatimiz rahbarining alohida e’tiborlari natijasida mo‘’tabar onalarimiz, opa-singillarimizni hayotdan rozi qilish, ularning jamiyatdagi mavqeini yanada mustahkamlash so‘nggi yillarda davlat siyosatining bosh masalalaridan biriga aylanganini alohida ta’kidlab, yangi tashkil etilgan Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi va uning tizimida har bir mahallada xotin-qizlar faoli lavozimi joriy qilingani xotin-qizlar masalalarini yanada kengroq qamrab olinishiga asos bo‘lishini qayd etdi.

Shundan so‘ng Ayollarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish Qoraqalpog‘iston Respublikasi tumanlararo markazi direktori Gavhar Chimboychiyeva va tuman Turizm va Sport bo‘limi mutaxassisi Xurshid Ismoilovlar ayol-qizlarni Xalqaro xotin-qizlar bayrami bilan muborakbod etib, sport musobaqalarida barchaga omad tiladi.

Shiddatli va murosasiz kechgan musobaqalarda ctol tennisi bo‘yicha 1-o‘rinni Gulbahor Xidirova, 2-o‘rinni Muqaddas Beknazarova va 3-o‘rinni Gavhar Chimboychiyevalar egallashdi.

Darts musobaqalarida 1-o‘rinni Sabohat Rajapova, 2-o‘rinni Dilnoza Otaboyeva, 3-o‘rinni Feruza Allaberganovalar egalladi.

Shaxmat-shashka musobaqalari ham murosasiz kechdi. Musobaqada 16 ta ishtirokchi qatnashib, o‘zaro kuch sinashdilar. Sportning shashka turi bo‘yicha, 1-o‘rinni Gulnora Matniyazova, 2-o‘rinni Feruza Saidmuratova, 3-o‘rinni Sanamjon Kazakovalar egalladi.

Shaxmat musobaqalari uzoq vaqt davom etdi. Ishtirokchilar mazkur musobaqada o‘z aqliy salohiyatini va mantiqiy fikrlash qobilyatini sinovdan o‘tkazish bilan birgalikda ko‘plab do‘stlar orttirdilar. Musobaqa natijalariga ko‘ra, 1-o‘rinni Nodira Yo‘ldosheva, 2-o‘rinni Dildora Kenjaboyeva, 3-o‘rinni Nargiza Boboniyozovalar egalladi.

Musobaqalar yakunida Davlat muassasalari va jamoat xizmati xodimlari kasaba uyushmasi tuman Kengashi raisi Azad Almuratov barcha ayol-qizlarni bayram bilan tabriklab oilaviy hayotlarida va kasbiy faoliyatlarida muvaffaqiyatlar tilab esdalik sovg‘alarini topshirdi.

Tadbir yakunida sport musobaqalarida ishtirok etgan barcha ayol-qizlar jamiyatda ayollarga ko‘rsatilayotgan e’tibor va e’tirofdan mamnunligini bildirib, barcha tashkilotchilarga minnaddorlik bildirishdi.

Tuman hokimligining Axborot xizmati