“Ayol-qizlarni e’zozlash haftaligi” doirasida o‘qituvchi ayol-qizlar o‘rtasida sport musobaqalari o‘tkazildi

Туман янгиликлари

Xalqaro xotin-qizlar kuni bayrami oldidan ayol-qizlar o‘rtasida turli sport musobaqalari, kzrik-tanlovlar o‘tkazish yaxshi an’anaga aylangan. Zero, ayollarning jamiyat va davlat ishlarida ishtirokini kuchaytirish, ijtimoiy faolligini oshirish davlatimiz siyosatining ustuvor yo‘nalishidir. Prezidentimiz raisligida shu yil 1 mart kuni bo‘lib o‘tgan videoselektor yig‘ilishidan keyin ayol-qizlar faoliyatiga doir ko‘plab ijobiy qarorlar qabul qilindi. Ayol-qizlarning o‘z hayotlaridan rozi bo‘lib yashashlari, jamiyatda munosib o‘rin egallashlari borasida amalga oshirilayotgan ishlar tizimli ravishda davom ettirilmoqda.

Shu bilan birga ayol-qizlar hayotida sog‘lom turmush tarzini keng turda qaror toptirish, ular o‘rtasida sport tadbirlarini ommalashtirish masalasiga ham katta e’tibor qaratilmoqda.

Shu maqsadda 8 mart – Xalqaro xotin-qizlar kuni bayrami oldidan “Ayol-qizlarni e’zozlash haftaligi” doirasida tumanimizdagi barcha korxona, tashkilot va muassasalarda faoliyat yuritayotgan ayol-qizlar o‘rtasida sport musobaqalari tashkil etildi.

Jumladan, Ta’lim va fan xodimlari kasaba uyushmasi tuman bo‘linmasi tomonidan 16-sonli ixtisoslashtirilgan davlat umumta’lim maktabi binosida tumanimizdagi umumta’lim maktablarda faoliyat olib boryotgan o‘qituvchi ayol-qizlar o‘rtasida sportning voleybol, shaxmat, shashka, yengil atletika, darts, stol tennisi turlari bo‘yicha musobaqalar o‘tkazildi. Musobaqalarga jami 300 nafar ayol-qiz qamrab olindi.

O‘tkazilgan voleybol musobaqasida tumanimizdagi har bir maktabning ayol-qizlaridan iborat jamoa qatnashib o‘zaro kuch sinashdilar. Mazkur musobaqaning yakuniy natijalariga ko‘ra 28-maktab jamoasi faxrli 1-o‘rinni qo‘lga kiritgan bo‘lsa, 12-maktab jamoasi 2-o‘rinni, 22-maktab jamoasi 3-o‘rinni egalladi.

Shu o‘rinda aytish kerakki, sport musobaqalarini o‘tkazish ayol-qizlarni turli kasb kasalliklaridan muhofaza qilibgina qolmasdan ularning jamiyatning faol a’zosi sifatida alohida o‘ringa ega ekanliklarini his qilishlari uchun yaqindan yordam beradi.

Bundan tashqari, sportning shaxmat va shashka turlari bo‘yicha ham musobaqalar bo‘lib o‘tdi. Shaxmat bo‘yicha 1 –o‘rinni Nazokat Gaipova, 2-o‘rinni Muborak Rahimova, 3-o‘rinni Dildora Karimboyevalar egallagan bo‘lsa, shashka bo‘yicha Adolat Bekchanova, Sanobar Sharifboyeva hamda Saida Yusupovalar mutloq g‘olib bo‘ldilar.

Shuningdek, sporting yengil atletika turi bo‘yicha Nodira Yo‘ldasheva o‘z epchilligini namoyish qilib 1-o‘ringa munosib deb topildi.

Bundan tashqari, sportning darts hamda stol tennisi turi bo‘yicha ham bellashuvlar bo‘lib o‘tdi. Darts bo‘yicha Gulbahor Yo‘ldasheva, Rahima Saparbayeva hamda Matluba Qurbaniyozovalar g‘olib bo‘lgan bo‘lsalar, stol tennisi bo‘yicha E’tibor Bobojanova yetakchilikni qo‘ldan boy bermay 1-o‘rinni egallashga muvaffaq bo‘ldi.

Kun bo‘yi davom etgan sport musobaqalarida jami 28 nafar g‘oliblar aniqlanib, Ta’lim va fan xodimlari kasaba uyushmasi tuman bo‘linmasi Kengashi tomonidan esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.

Tuman hokimligining Axborot xizmati

Туман ҳокимлигининг Aхборот хизмати