8 mart - Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan Amudaryo tumanida bayram tadbiri o‘tkazildi

Туман янгиликлари

Ayol! Uning ta’rifiga so‘z mulki ojiz. U avvalo farzandlarini mehri ardog‘ida avaylab, yurt koriga yaraydigan qilib voyaga yetkazuvchi fidoyi ona, el-yurtimiz tinchligi-totuvligi uchun, farovonligi uchun kurashuvchi matonatli inson, oilalarni va demakki, ko‘ngillarni nurafshon etuvchi muqaddas zot! Shu  boisdan ular doimo davlatimiz g‘amxo‘rligida, e’zozida.

Shu sababli ham mamlakatimizda xotin-qizlarning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish, ularning turli soha va tarmoqlarda o‘z qobiliyat va imkoniyatlarini ro‘yobga chiqarishi uchun sharoit yaratish, qonuniy huquq va manfaatlarini himoya qilish, qo‘llab-quvvatlash, oila institutini mustahkamlash borasida ko‘lamdor  ishlar amalga oshirilmoqda.

Jamiyat hayotida faollik va tashabbuskorlik ko‘rsatgan, o‘zlarining samarali  mehnatlari bilan oilalarning shakllanishiga, farovonligi oshishiga munosib hissa qo‘shayotgan ayollar turli unvonlar va davlat mukofotlari, ko‘krak nishonlari bilan taqdirlanib kelmoqda. Barcha jabhalarda fidoyilik qilayotgan ayollarning mehnati munosib baholanmoqda. Shuningdek, ularning intellektual salohiyatini yuksaltirish, qo‘llab-quvvatlashga e’tibor qaratilayotir.

Har yili mamlakatimizda 8 mart – Xalqaro xotin-qizlar bayrami keng nishonlanadi. Sana munosabati bilan turli sohalarning ilg‘or ayol-qizlariga alohida ehtiro ko‘rsatilib, e’zozlanadi.

7 mart kuni amudaryolik faol ayol-qizlar uchun ham “Muqaddas ayol” deb nomlangan bayram tadbiri tashkil qilindi.

Mang‘it shahridagi “Xon” restoranida bo‘lib o‘tgan adabiy-musiqiy  tadbirda tumanimizdagi turli sohalarda samarali mehnat qilayotgan ayollar, o‘z hayotiy tajribasi asosida yoshlar tarbiyasiga, oilalar mustahkamligiga munosib hissa qo‘shayotgan nuroniy onaxonlar, umidli, iqtidorli qizlar ishtirok  etdilar.

Yig‘ilganlarni tuman hokimi Sultonboy Yo‘ldashev 8 mart – Xalqaro xotin-qizlar kuni bilan qizg‘in tabrikladi. “Haqiqatan ham, go‘zallik va nafosat, mehru muhabbat, vafo va nazokat ramzi bo‘lgan, o‘zining mehribonligi, qalb saxovati bilan har qaysi oilani oila qiladigan, unga fayz-u tarovat beradigan, farzandlarimiz yuragiga o‘z ona yurtiga sevgi va sadoqat tuyg‘usini singdiradigan ayollarimizning betakror fazilatlari haqida har qancha gapirsak, ularni har qancha e’zozlasak, arziydi” dedi tumanimiz hokimi tabrik nutqida.

Darhaqiqat, mamlakatimizda ayollarning jamiyatdagi o‘rni va mavqeiga yuqori baho berilib, ularning huquq va manfaatlarini himoya qilish, xotin-qizlarimizning bilimdon, zamonaviy mutaxassis, malakali kasb egalari bo‘lishlari hamda sog‘lom va mustahkam oila qurishlari uchun zarur shart-sharoitlar yaratish borasida mamlakatimizda keng ko‘lamli islohotlar olib borilmoqda. Prezidentimiz tashabbuslari bilan yaqindagina “Xotin-qizlar va oila ishlari qo‘mitasi” tashkil etilishi, magistraturada o‘qiyotgan qizlarning kontrakt pullari budjetdan, ehtiyojmand oilalar qizlarining kontrakt pullari esa mahalliy budjetlardan to‘liq qoplab berilishi, xususiy sektorda rasmiy ishlayotgan ayollarga homiladorlik nafaqasini davlat tomonidan to‘lab berish tizimi yaratilganligi va boshqa ko‘plab misollar fikrimizning isbotidir.

Tumanimiz hokimi mehnatda o‘rnak ko‘rsatayotgan, shuningdek, turli sohalarda ishlab, ayni kunda keksalik nafaqasiga chiqqan 120 nafar faxriylarni va fidoyi ayol-qizlarni qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirladi.

Tuman mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash bo‘limi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari Go‘zal Sobirova, “Mo‘’tabar ayol” ko‘krak nishoni sohibasi Rohatoy Reyimovalar tabrigidan so‘ng, navbat tuman Madaniyat bo‘limiga qarashli muassasalar san’atkorlariga berildi.

Tuman hokimligi va Madaniyat bo‘limi hamkorligida tashkillashtirilgan tadbirda faol ayol-qizlar to‘kin dasturxon atrofida diltortar qo‘shiqlar tinglab, raqslar tomosha qilib, hordiq chiqardilar. Ayol muqaddasligini, fidoyiligi, matonati va mehri ummonligini madh etuvchi she’rlar, qo‘shiqlar ularga juda manzur bo‘ldi.

“Uchqun” ashula va raqs xalq ansambli xonandalari ijrosidagi “Bahor valsi” qo‘shig‘i  ularning ko‘ngillariga uyg‘onish, jonlanish fasli quvonchini, tarovatini hadya etdi. Bayramga tashrif buyurgan ayol-qizlar ushbu bayramona musiqiy dasturni tomosha qilib,  har bir inson ko‘nglida ulug‘ zot – Onalarga yuksak hurmat, ehtirom joy olganligini his qildilar.

“Muqaddas ayol” deb nomlangan musiqiy dastur tomoshasi va o‘zlariga ko‘rsatilayotgan hurmat barcha ishtirokchilarga olam-olam quvonch va faxr hadya etdi.

Oygul RAJABOVA.