Amudaryo tuman hokimi S.Yo‘ldashevning 8 mart – Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan tabrigi

Туман янгиликлари

Muhtarama onaxonlar, qadrli opa-singillar!

 

Muhtarama onaxonlar, qadrli opa-singillar!

Avvalo, Siz azizlarni, sizlar orqali barcha tumanimiz ayollarini 8 mart – Xalqaro xotin-qizlar kuni bayrami bilan chin qalbimdan samimiy tabriklayman!

Tariximizga nazar soladigan bo‘lsak onalarni, ayol zotini e’zozlash el-yurtimiz uchun azal-azaldan ezgu qadriyat bo‘lib kelgan. Odamzot ongli hayot boshlagan kundan beri insoniyat ayol zotiga ixlos qo‘yib, uni sevib, ardoqlab keladi. Ayolni e’zozlash, unga ehtirom ko‘rsatish o‘zbek xalqiga xos olijanob xislatlardan biridir.

Haqiqatan ham, go‘zallik va nafosat, mehru muhabbat, vafo va nazokat ramzi bo‘lgan, o‘zining mehribonligi, qalb saxovati bilan har qaysi oilani oila qiladigan, unga fayz-u tarovat beradigan, farzandlarimiz yuragiga o‘z ona yurtiga sevgi va sadoqat tuyg‘usini singdiradigan ayollarimizning betakror fazilatlari haqida har qancha gapirsak, ularni har qancha e’zozlasak, arziydi.

Hadisi shariflarda aytilganidek, “Jannat onalarning oyog‘i ostidadir”. Buyuk mutafakkir bobomiz Alisher Navoiyning “Ayollar – farishtalarning opa-singillaridir” degan so‘zlari zamirida ham naqadar chuqur hayotiy falsafa mujassam ekanini anglash qiyin emas.

Hurmatli Prezidentimiz tomonidan ayollarning jamiyatdagi o‘rni va mavqeiga yuqori baho berilib, ularning huquq va manfaatlarini himoya qilish, xotin-qizlarimizning bilimdon, zamonaviy mutaxassis, malakali kasb egalari bo‘lishlari hamda sog‘lom va mustahkam oila qurishlari uchun zarur shart-sharoitlar yaratish borasida mamlakatimizda keng ko‘lamli islohotlar olib borilmoqda.

Prezidentimiz tashabbuslari bilan yaqindagina “Xotin-qizlar va oila ishlari qo‘mitasi” tashkil etilishi, magistraturada o‘qiyotgan qizlarning kontrakt pullari budjetdan, ehtiyojmand oilalar qizlarining kontrakt pullari esa mahalliy budjetlardan to‘liq qoplab berilishi, xususiy sektorda rasmiy ishlayotgan ayollarga homiladorlik nafaqasini davlat tomonidan to‘lab berish tizimi yaratilganligi va boshqa ko‘plab misollar fikrimizning isbotidir.

Bir so‘z bilan aytganda, bugun yurtimizda ayollarni e’zozlash va ardoqlash, ularning huquq va manfaatlarini himoya qilish borasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ishlar hech qachon davlatimiz va jamiyatimizning diqqat markazidan chetda qolmaydi.

Tumanimizda ham ilg‘or va jonkuyar ayollarimiz o‘zlarning bor kuch-g‘ayrati va shijoati bilan davlatimiz ravnaqi va xalqimiz farovonligi yo‘lida fidoyilik bilan mehnat qilmoqdalar. Bugun oila va jamiyat, ta’lim va tibbiyot, tadbirkorlik va ishbilarmonlik, qishloq xo‘jaligi, madaniyat va san’at, qo‘yingki, qaysi sohani olib qaramaylik, o‘z kasbining haqiqiy egasi, o‘z sohasining bilimdoni bo‘lgan faol ayollarni barchaga o‘rnak va namuna qilib ko‘rsatish mumkin. Dilbar va latofatli qizlarimiz esa ilm-fanda, sportda, madaniyat va boshqa ko‘plab sohalarda o‘zlarining kuch-g‘ayrati, aql-zakovati bilan yuksak natijalarga erishmoqdalar. Nuroniy onaxonlarimiz va momolarimizning pand-nasihatlari, yo‘l-yo‘riq va hayotiy tavsiyalari esa yoshlarimizning ertangi kunini, hayot yo‘lini yorituvchi chiroq vazifasini o‘tamoqda.

Fursatdan foydalanib, ularning barchasiga davlat va jamiyat ishlarida, ilm-fanda, oilasida hamda hayotda ulkan muvaffaqiyatlar tilab qolamiz.

Aziz va muhtarama onaxonlar! Dilbar qizlar va munis opa-singillar!

Sizlarni yana bir marta o‘zingiz kabi go‘zal bahor faslining ilk bayrami – 8 mart – xalqaro xotin-qizlar kuni bilan yana bir bor chin qalbimdan qutlab, barchangizga sihat-salomatlik, oilalaringizga tinchlik-xotirjamlik, fayzu baraka tilayman.!

Doimo yaqinlaringiz, farzand va nabiralaringiz, el-yurtimiz ardog‘ida yurish nasib etsin!

Umringiz uzoq, baxtingiz ziyoda bo‘lsin!

Bayramingiz muborak bo‘lsin