AMUDARYOLIK AYOL-QIZLARGA HURMAT-EHTIROM KO‘RSATILDI

Туман янгиликлари

Mamlakatimizda xotin-qizlarning ijtimoiy-siyosiy va ma’naviy faolligini oshirish, ularning turli soha va tarmoqlarda o‘z qobiliyat va imkoniyatlarini ro‘yobga chiqarishi uchun shart-sharoit yaratish, huquq va qonuniy manfaatlariga so‘zsiz rioya qilinishini ta’minlash, onalik va bolalikni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, shuningdek, oila institutini mustahkamlash borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.

Ayollarimizning jismoniy, ma’naviy va intellektual salohiyatini yuksaltirish, ularning salomatligini mustahkamlash, ijtimoiy muhofazasini kuchaytirish, oila, onalik va bolalikni himoya qilish, tadbirkor ayollarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida qator islohotlar amalga oshirilmoqda. Har yili 8 mart sanasining alohida bayram sifatida mamlakat bo‘ylab chinakam tantana qilinishi jamiyatimizda ayollarga bo‘lgan e’tiborning nechog‘lik yuksak ekanligini ifodalaydi.

Joriy qilning 5 mart sanasida 8 mart – Xalqaro xotin-qizlar kuniga bag‘ishlab Qilichboy madaniyat markazi binosida tuman madaniyat bo‘limi tomonidan tashkillashtirilgan amudaryolik aziz va mo‘’tabar ayollarni sharaflovchi “Muqaddas Ayol” deb nomlangan adabiy-musiqiy bayram tadbirida ham fidoyi va mehnatkash, munis va mehribon ayol-qizlarga hurmat-ehtirom ko‘rsatildi.

Yurtimizda uyg‘onish, yangilanish va yashnab-yasharishni tarannum etuvchi “Bahor valsi” kuyi yangragan lahzalarda tadbir mehmonlari bo‘lgan aziz va muhtarama onaxonlar, go‘zal opa-singillar chehrasida bahoriy quvonchlar jilvalandi. Tumanimizdagi 38-, 40-sonli maktablarning raqs guruhlari raqqosalari ijrosidagi bahor va ayol go‘zalligi hamda buyuk ilohiy qudratini ifoda etuvchi “Bahor valsi” ayol zotini ulug‘lovchi “Muqaddas Ayol” musiqiy sadolariga ulanib ketdi.

Tadbir boshlovchilari onalik va bolalikni, ayol latofati va nazokati, mehr-u muhabbatini o‘zida mujassam etgan dilbar she’rlarni o‘qib, ayollarga chuqur ehtirom ko‘rsatdilar.

Shuningdek, tadbir davomida tuman madaniyat bo‘limi san’atkorlari tomonidan tayyorlangan konsert dasturi namoyish etilib, ona, bahor, do‘stlik va tinchlikni tarannum etuvchi kuy va qo‘shiqlar yangradi. Konsert dasturi davomida 38-, 40-sonli, 83- va 47-, 15-sonli umumta’lim maktablarining raqs guruhlari jamoalari o‘zlarining dilbar raqslari bilan tadbir ishtirokchilariga bahoriy kayfiyat ulashdilar.

 Ayniqsa, 4-sonli maktabgacha ta’lim tashkiloti tarbiyalanuvchilari hamda 9-sonli bolalar musiqa va san’at maktabi raqs jamoalarining chiqishlari barchaga manzur bo‘ldi. Ijrochilarning har bir chiqishida mo‘’tabar va munis onalar, aziz va muhtarama Ayollar qadr-qimmati, mehr-muhabbati, oiladagi va jamiyatdagi betakror o‘rni yuksak pardalarda tarannum etildi.

“Muqaddas Ayol” tadbirida aziz Ayollar nafaqat bahorga qiyoslandi, balki mehri quyoshday olamni charog‘on etib, betimsol harorat baxsh etuvchi, bashariyat qalbini nurlantirib turguvchi buyuk xilqat sifatida qadrlandi.

Tadbir yakunida xushovoz xonanda G‘ayratjon Yangiboyev ijrosidagi “Ayol” qo‘shig‘iga barcha ishtirokchilar jo‘r bo‘ldilar.

Risolat IBRAGIMOVA.