AYOLLAR HAFTALIGI MUNOSABATI BILAN Z.M.BOBUR NOMLI OFYDA BAYRAMONA TADBIR O‘TKAZILIB, FAOL AYOLLAR SHARAFLANDI

Туман янгиликлари

Barcha zamonlarda va barcha jamiyatlarda aziz va muhtarama ayol-qizlarga nisbatan alohida mehr-muhabbat, hurmat va ehtirom ko‘rsatilgan. Yerda hayot bardavomligini, avlodlar salomatligi, nasliy uzviyligini ta’minlovchi ilohiy xilqat sifatida e’zozlangan. Mangu va betakror gullash fasli – bahorday mehnatkashligi bilan hayotning turfa chigalliklari qarshisida Matonat va Jasorat timsoli sifatida qadrlanguvchi Ayollarga e’tibor masalasi mustaqil mamlakatimizda davlat siyosati darajasiga ko‘tarilgani ham bejizga emas.

8 mart – Xalqaro xotin-qizlar bayrami arafasida, davlatimiz rahbari Sh.M.Mirziyoyev raisligida bo‘lib o‘tgan videoselektor yig‘ilishida O‘zbekiston xotin-qizlarining ijtimoiy-iqtisodiy, madaniy va ma’naviy faolligini oshirish, ularning hayotdan rozi yashashlari uchun zarur barcha sharoitlarni yaratish maqsadida Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan yangi tashabbuslar Ayolga, oilaga e’tibor va rag‘batning yaqqol ifodasi bo‘ldi.

Ayniqsa, Prezidentimiz tashabbusi bilan “Oila va xotin-qizlar ishlari qo‘mitasi” va uning joylardagi boshqarmalari, barcha mahallalarda oila va xotin-qizlar qo‘mitasi faollari lavozimi tashkil etilishi xotin-qizlarning jamiyatdagi mavqeini yanada yuksaltirishga qaratilgani bilan ahamiyatli bo‘ldi. Bu borada butun mamlakatimiz bo‘ylab, xususan, Amudaryo tumanida ham amaliy ishlar boshlab yuborildi.

8 mart – Xalqaro xotin-qizlar kuni bayrami arafasida Ayollar haftaligi munosabati bilan “Ayollarni e’zozlang!” shiori ostida tashkillashtirilgan ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar har bir mahallaga kirib bordi va aziz ayollar uchun betakror quvonchlar hadya etdi.

Bahorning ilk kunlaridan birida Bobur nomli ovul fuqarolar yig‘inida bo‘lib o‘tgan bayramoldi tadbirida Oq oltin, Bobur nomli, Kuyuk ko‘pir, Xitoy ovullari hamda Jumur ovul, Qizilcholi, Namuna va Toryop mahalla fuqarolar yig‘inlari faol ayol-qizlari mehmon bo‘ldilar.

 “Ayollarni e’zozlang!” bayramona tadbirini Bobur nomli ovul fuqarolar yig‘ini raisi Gulbahor Reyimova ochdi va tadbir mehmonlari bo‘lgan aziz ayol-qizlarni 8 mart – Xalqaro xotin-qizlari kuni munosabati bilan tabrikladi.

Tadbir davomida Amudaryo tuman mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash bo‘limi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari Go‘zal Soburova, Respublika Reabilitatsiya va moslashtirish markazi Amudaryo tuman bo‘linmasi ijrochi direktori Gavhar Chimbaychiyevalar ham so‘zga chiqishib, tadbir ishtirokchilarini yaqinlashib, kelayotgan bahor bayramlari bilan samimiy tabrikladilar.

Shundan so‘ng, Amudaryo tuman Madaniyat markazi san’atkorlari tomonidan tayyorlangan bayramona konsert dasturi namoyish etildi. Ayolni, Onani, vatanparvarlik va insonparvarlikni, millatlararo do‘stlik va totuvlik, bebaho milliy-ma’naviy qadriyatlarimizni madh etuvchi kuy-qo‘shiqlar, raqslar ijrosidan ko‘ngillar yuksaldi.

Ayniqsa, 26-sonli maktabgacha ta’lim tashkiloti tarbiyalanuvchilari – jajji bolajonlarning chiqishlari tadbir ishtirokchilariga zavq-shavq bag‘ishladi. Qizilcholi mahallasi faoli Malikaxon Yo‘ldoshova talqinidagi Ayollarni, bahor go‘zalligini sharaflovchi she’riy tabrik qalblarda bahoriy kayfiyat uyg‘otdi.

Tadbir davomida barcha ishtirokchilar tuman Madaniyat markazi san’atkorlari tomonidan ijro etilgan dilrabo, jo‘shqin ashulalarga monand raqsga tushdilar, bir-birlariga samimiy tilaklarini bildirdilar.

Tadbir yakunida tashkilotchilar tomonidan bir guruh faol ayol-qizlarga bayram sovg‘alari berildi.

Robiya YO‘LDOSHЕVA.