«XORIJIY TILLARNI O‘QITISH BO‘YICHA ENG YAXSHI MAKTAB» TANLOVINING TUMAN BOSQICHI BO‘LIB O‘TDI

Туман янгиликлари

Prezidentimizning «O‘zbekiston Respublikasida xorijiy tillarni o‘rganishni ommalashtirish faoliyatini sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Qaroriga asosan «Xorijiy tillarni o‘qitish bo‘yicha eng yaxshi maktab» tanlovining Amudaryo tumani bosqichi o‘tkazildi.

Joriy yilning 4 mart kuni 40-sonli maktabda tuman Xalq ta’limi bo‘limi tomonidan ta’lim muassasalari o‘rtasida sog‘lom raqobat muhitini shakllantirish, ularda xorijiy tillarni o‘qitishning darajasi va sifatini oshirishni rag‘batlantirish, o‘qitish sifati bo‘yicha xalqaro mezon va standartlarga muvofiq yuqori ko‘rsatkichlarga erishishga zamin yaratish maqsadida o‘tkazilgan ushbu tanlovda 71 ta umumta’lim maktablaridan 336 nafar o‘quvchi ishtirok etdi.

Tanlovning Nizomida asosan har bir maktabdan bitta chet tili, ya’ni ingliz, nemis, fransuz tillaridan biri bo‘yicha 7-9-sinflarda tahsil oladigan 5 nafar o‘quvchidan tashkil topgan bitta terma jamoa qatnashishi kerakligi belgilab qo‘yilgan. Shunga ko‘ra tanlovda ishtirok etish istagini bildirgan ushbu 71 ta maktab 2021 yilning sentabr-dekabr oylarida O‘zbekiston Respublkasi Xalq ta’limi vazirligining axborot tizimiga Vazirlik tomonidan belgilangan asosiy ko‘rsatkichlarini kiritib, tizim tomonidan baholangan edi.

Shu kuni tanlovda maktab terma jamoasining xorijiy tillarni bilish darajasi test topshiriqlari vositasida sinovdan o‘tkazildi. Test sinovlari barcha tuman va shaharlarda bir vaqtda soat 11:00 da boshlandi va yechish uchun 90 daqiqa vaqt ajratilib, sinovlar soat 12:30 da yakunlandi.

Xorijiy til bilish darajasini aniqlashga qaratilgan test topshiriqlari 7-9-sinf o‘quvchilari uchun mo‘ljallangan bo‘lib, xalqaro ta’lim standartlari asosida tayyorlangan 30 ta topshiriqdan iborat. Maktab terma jamoasi a’zolari to‘plagan jami ballarni 5 ga bo‘lgan holda aniqlandi va asosiy ko‘rsatkichlarga qo‘yilgan ballar qo‘shilgan holda maktabning umumiy natijasi chiqarildi.

Ushbu tanlovni o‘tkazishdan asosiy maqsad – maktablarda xorijiy tillarni o‘qitish bo‘yicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar natijadorligini tahlil qilish, xorijiy tillar bo‘yicha o‘quvchilarga sifatli ta’lim berayotgan, samarali faoliyat olib borayotgan o‘qituvchilarni aniqlash va rag‘batlantirishdan iborat. Shuningdek, maktablarda xorijiy tillarni o‘rgatish bo‘yicha ko‘rsatilayotgan ta’lim xizmatlari sifati va samaradorligini oshirish, ularda amalga oshirilayotgan ishlar va erishilayotgan natijalar to‘g‘risida keng jamoatchilikni xolis axborotlar bilan ta’minlash rejalashtirilgan. Undan tashqari, tanlovda yuqori ko‘rsatkichlarni qayd etgan maktablarni rag‘batlantirish, ularning tajribasini ommalashtirish ham ko‘zda tutilgan.

Tanlov g‘oliblari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sovrini bilan mukofotlanadi. Tuman bosqichidagi 1-o‘rin uchun — 100 million so‘m, 2-o‘rin uchun — 75 million so‘m, 3-o‘rin uchun — 50 million so‘m pul mukofotlari tuman mahalliy budjetlari hisobidan beriladi. Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar bosqichidagi 1-o‘rin uchun — 250 million so‘m, 2-o‘rin uchun — 200 million so‘m, 3-o‘rin uchun — 150 million so‘m berilishi ko‘zda tutilgan. Respublika bosqichida 1-o‘rin uchun — 500 million so‘m, 2-o‘rin uchun — 400 million so‘m, 3-o‘rin o‘rin uchun — 300 million so‘m pul mablag‘lari ajratiladi.

Tanlovning tuman bosqichida umumiy natijaga ko‘ra eng yuqori ball to‘plagan maktablar ballar ketma-ketligiga ko‘ra 1-o‘rinni 40-sonli maktab, 2-o‘rinni 56-sonli maktab, 3-o‘rinni 32-sonli maktablar jamoalari qo‘lga kiritdi. Tuman bosqichida 1-o‘rinni ko‘lga kiritgan 40-sonli maktab jamoasi tanlovning Qoraqalpog‘iston Respublikasi bosqichida qatnashish imkoniyatiga ega bo‘ldi.

Tuman hokimligining Аxborot xizmati