“Dugonalar bormisiz?” deb nomlangan tadbir bo‘lib o‘tdi

Туман янгиликлари

Ayolning nafosati va nazokati, vafo va sadoqati, aql-zakovati va fidoyiligi asrlar mobaynida yer yuzida hayot davomiyligi va abadiyligiga asos bo‘lib keladi. Shu bois ham dunyodagi eng buyuk san’at asarlari, qo‘shiq va qasidalar, me’moriy obidalar ayollar sha’niga bag‘ishlangandir.

Yurtimizda xotin-qizlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, onalik va bolalikni muhofaza qilish, oila mustahkamligini ta’minlash davlat siyosati darajasida ekanligi bilan har qancha faxrlansak arziydi. Prezidentimiz tomonidan qabul qilinayotgan qaror va farmonlar tumanimizdagi xotin-qizlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga xizmat qilmoqda.

8 mart Xalqaro xotin-qizlar bayrami oldidan ayol-qizlarga yuqori kayfiyat ulashish qolaversa, ularning qobilyat hamda iste’dodlarini ro‘yobga chiqarish maqsadida har yili muntazam ravishda turli ko‘rik-tanlovlar va sport musobaqalari o‘tkazilib kelinadi.

Jumladan, 5 mart kuni Bolalar musiqa va san’at maktabida “Dugonalar bormisiz?” deb nomlangan tadbir bo‘lib o‘tdi. Tadbirda tumanimizdagi Maktabgacha ta’lim tashkiloti rahbarlari qatnashib belgilangan shartlar asosida o‘zaro bellashdilar.

1-shart “Tanishtirish” sharti bo‘lib unda ishtirokchilar o‘z hayoti va ish faoliyati bilan tadbir qatnashchilarini tanishtirib o‘tishdi. 2-shart “Rahbarning nutq ma’daniyati” shartida har bir rahbar o‘z notiqlik qobilyatini namoyon qilib, rahbar qanday bo‘lishi lozimligi va uning muomala madaniyati va kiyinish odobi haqida o‘z fikr-mulohazalarini bildirishdi. 3-shart “Alla” aytish sharti bo‘lib, bunda har bir ishtirokchining o‘git va nasihatlarga yog‘rilgan allalari tinglandi. Ushbu shart qizlarni onalikka tayyorlash va ularning qalbida muqaddas oilaga nisbatan hurmat ruhini yanada keng qaror toptirishga xizmat qildi. 4-shart esa “Bayramga tabriknoma” deb nomlandi. Bunda har bir ishtirokchi o‘z ijodkorlik qobilyatlaridan kelib chiqib o‘z onasi va opa-singillarini noodatiy ravishda tabrikladilar.

Tadbir doirasida tashkil etilgan har bir shart ayol-qizlarning iste’dodini aniqlashga hamda rivojlantirishga hizmat qildi.

Hakamlar hay’ati a’zolari, Pardagul O‘razbayeva, Sharifa Seyitova, Sanobar Xo‘jamuratova hamda Nilufar Davletovalar ishtirokchilarning har bir chiqishlarini adolatli va shaffof tarza baholab bordilar.

Yakuniy natijalarga ko‘ra, “Eng namunali direktor” nominatsiyasi bo‘yicha Sevara O‘razbayeva, “Eng faol direktor” nominatsiyasi bo‘yicha Shaxnoza Qlicheva, “Eng ijodkor direktor” nominatsiyasi bo‘yicha Zebo Hayitbayeva, “Eng bilimdon direktor” nominatsiyasi bo‘yicha Aynura Rahimova hamda “Eng tashabbuskor direktor” nominatsiyasi bo‘yicha Gulnoza Qurbanbayevalar g‘olib deb topildi. Ishtirokchilar tuman Maktabgacha ta’lim bo‘limi tomonidan faxriy yorliq hamda esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.

Tadbir yakunida so‘zga chiqqanlar barcha ayol-qizlarni 8-mart Xalqaro xotin-qizlar kuni bilan samimiy muborakbod etib kelgusi ish faoliyatlarida muvafaqqiyatlar tilashdi.

Tuman hokimligining Axborot xizmati