Amudaryoning mo’tabar ayoli

Туман янгиликлари

Inson borki, baxt sari intiladi, orzu-umidlarining ro‘yobi uchun kurashib yashaydi. Tumanimizdagi Jumur ovul mahallasida istiqomat qiluvchi faxriy o‘qituvchi Jumagul opa Koshanova ham ana shunday ezgu niyatlar og‘ushida yashab, o‘zining fidoyiligi, el-yurtga qayishuvchanligi, oilaparvarligi bilan mahalladoshlarining hurmat va ehtiromiga sazovor bo‘lgan onaxonlardan.

Jumagul opa Koshanova garchi, oddiy dehqon oilasida tug‘ilib-o‘sgan bo‘lsa-da, Ikkinchi jahon urushi ishtirokchisi bo‘lgan otasi Reym bobo va onasi Aru onalarning mehr-muhabbati taftida, o‘ta intizomli oila muhitida  tarbiyalangani uchunmi, ilmga mehr qo‘ydi. Oiladagi yetti nafar farzandning uchinchisi bo‘lgan Jumagul ham, Reym boboning boshqa barcha farzandlari ham oliy ma’lumotli bo‘lishlarida bu xonadondagi milliy-ma’naviy qadriyatlarning o‘rni muhim ahamiyat kasb etgan bo‘lsa ajab emas.

Jumagul Koshanova umumta’lim maktabini tugatgach, 1976-1981 yillarda Nizomiy nomidagi TDPIning ona tili va adabiyot fakultetida tahsil oldi. Qozoq millatiga mansub Jumagul Koshanova talabalik yillarida institut faxriga aylangan bo‘lsa, o‘qishni tugatib, Amudaryo tumanidagi 48-sonli umumta’lim maktabida ilk mehnat faoliyatini boshlagan kunlardanoq “tilga tushdi”. Mehnatsevar, tirishqoq, o‘z mutaxassislik yo‘nalishi bo‘yicha chuqur bilimga ega bo‘lgan Jumagul Koshanovani 1982 yilda tuman XTB rahbariyati 50-sonli maktabga ona tili va adabiyot fani o‘qituvchisi sifatida ishga yuborishdi. Oradan uch yil o‘tgach, u o‘z pedagogik faoliyatini 45-sonli maktabda davom ettirdi va to pensiyaga chiqquniga qadar, 1985 yildan 2017 yilgacha o‘quvchi-yoshlarga ona tili va adabiyot fanidan saboq berdi.

Mehnatsevarligi, tashabbuskorligi bilan kasbdoshlari orasida katta obro‘-e’tibor qozongan J.Koshanova ta’lim-tarbiya sohasida o‘zi mehnat qilayotgan jamoada qiziquvchan o‘quvchilar bilan yakka tartibda ishlash tajribasini yo‘lga qo‘ydi. Natijada uning o‘quvchilari orasida oliy ta’lim dargohlariga o‘qishga kiruvchilar safi yil sayin oshib bordi. Shogirdlarining aksariyati ayni paytda malakali o‘qituvchi, shifokor, muhandis sifatida o‘z sohalarining bilimdonlaridir.

Jumagul Koshanovaning ta’lim-tarbiya sohasidagi fidoyi xizmatlari  hukumatimiz va soha vazirligi, tuman hokimligi tomonidan munosib taqdirlandi. 2015 yilda u “Qoraqalpog‘iston Respublikasi Xalq ta’limi a’lochisi” ko‘krak nishoni sohibasi bo‘ldi. Biri-biridan aqlli, o‘qimishli bo‘lgan 4 nafar o‘g‘il-qizning mehribon onasi. Alloh rahmat qilsin, katta qizi Dinora ham ona tili va adabiyot fani o‘qituvchisi edi. Ikkinchi qizi Gulmira 55-sonli maktabda oliy ma’lumotli boshlang‘ich ta’lim o‘qituvchisi, oliy ma’lumotli quruvchi-arxitektor o‘g‘li Jamshid “Davr loyiha FA” MCHJda bosh muhandis, kenja o‘g‘li Nurlan esa Toshkent Davlat irrigatsiya instituti elektrotexnologiya va elektr jihozlaridan foydalanish kafedrasi doktoranti.

Bugungi kunda umr yo‘ldoshi Aliy og‘a Utegenov bilan ahil-inoqlikda, farzandlar va el-yurt ardog‘ida yashayotgan, 10 nafar nevaraning  sevimli buvijonisi bo‘lgan Jumagul opa Koshanova Jumur ovul mahallasi faoli sifatida ezgu ishlarga bosh-qosh. Ayniqsa, mahallada  jinoyatchilikning oldini olish, xotin-qizlar bandligini ta’minlash, uyda o‘tirgan ayol-qizlarning o‘zini-o‘zi band qilishlarini ta’minlash maqsadida zarur maslahat va yo‘l-yo‘riqlar beradi. Ayniqsa, mahalla hududida tomorqa xo‘jaligini rivojlantirish, yosh oilalarni mustahkamlash, oilaviy nizolarning oldini olish, millatlararo totuvlikni mustahkamlash, to‘y-marosimlarni ixcham va tartibli o‘tkazish borasida mahalladoshlariga  eng yaqin maslahatgo‘y. Natijada opaning aralashuvi bilan ko‘plab oilalarning ajrashishiga chek qo‘yilib, yarashtirildi. Milliy urf-odat va an’analarni qadrlash, mahalla hududini toza va obod go‘shaga aylantirish, har bir ko‘cha va xonadonni yashil bog‘-rog‘ga burkash maqsadida amalga oshirilayotgan “Yashil yillik” umummilliy loyihasini targ‘ib qilishda opa nafaqat tashviqotchi, balki eng faol tashabbuskor ham.

O‘zining yoshlik davrini, bilim va tajribasini yosh avlod ta’lim-tarbiyasiga, el-yurt farovonligi yo‘lidagi ezgu ishlarga bag‘ishlab, har bir qilgan ezgu amalidan mahalladoshlariga, xalqiga manfaat yetkazib yashayotgan onaxonga mustahkam sog‘lik, uzoq umr, yanada tarovatli hayot tilaymiz.

Bayram arafasida Jumagul Koshanova "Mo‘’tabar ayol" ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi. Uning xonadoni bayram bilan, mukofot bilan tabriklab keluvchi mehmonlarga to‘ldi.

Bahor va yashnash-yasharish, nafosat ayyomi – Xalqaro xotin-qizlar bayrami muborak bo‘lsin, Jumur ovulning fidoyi onaxoni!

Robiya YO‘LDOSHЕVA.