HOKIM YORDAMCHISI SAMARALI TARZDA FAOLIYAT OLIB BORMOQDA

Туман янгиликлари

Ma’lumki, joriy yilning 1 yanvaridan har bir shaharcha, qishloq, ovulda, shuningdek, har bir mahallada tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini ta’minlash va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha tuman hokimining yordamchisi lavozimi ta’sis etilgan edi. E’tiborli jihati shundaki, oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturlari doirasidagi kreditlar, Bandlikka ko‘maklashish davlat jamg‘armasi va Jamoat ishlari jamg‘armasi, Fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalarini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi, “Ayollar daftari” jamg‘armasi, “Yoshlar daftari” jamg‘armasi hisobidan tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yish, o‘zini o‘zi band qilish va ish bilan ta’minlash uchun ajratiladigan subsidiyalar hokim yordamchilarining tavsiyalari asosida beriladi.

Amudaryo tumanining Tosh yop ovul fuqarolar yig‘iniga biriktirilgan hokim yordamchisi Faxriddin Yusupov ham o‘z mahallasida “xonadonbay” va “mahallabay” ishlash tizimini yo‘lga qo‘yib samarali tarzda faoliyat olib bormoqda.

Hokim yordamchisi tomonidan dastlab xatlov jarayonlari o‘tkazilib aholi 4 toifaga ajratib olindi. Birinchi toifa − daromadi kam, biroq daromad topishga harakat qilayotgan xonadonlar, ikkinchi toifa – doimiy daromadga ega, qo‘shimcha daromad topish istagidagi xonadonlar, uchinchi toifa – ijtimoiy himoyaga muhtoj, boquvchisini yo‘qotgan, nogironligi bo‘lgan xonadonlar, to‘rtinchi toifa – iqtisodiy ahvoli yaxshi va o‘ziga to‘q xonadonlar.

Bundan tashqari, xatlov jarayonlarida ishga layoqatli ishsizlar, nogironligi bor fuqarolar, ehtiyojmand oilalar aniqlandi.

Hokim yordamchisi ish boshlaganiga hali ko‘p vaqt bo‘lgani yo‘q. Lekin shunga qaramay uning ko‘magi bilan mahallada istiqomat qiluvchi 7 nafar fuqarolarga oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturlari doirasida imtiyozli kreditlar ajratildi.

Fuqarolardan Maxsud Qurbanbayev 30 mln miqdorda imtiyozli kredit olib 3 sotixlik issiqxona qurdi. Ushbu issiqxonada yetishtiriladigan poliz ekinlari mahalladoshlarini xavfsiz va tabiy mahsulotlar bilan ta’minlabgina qolmasdan oilasi uchun katta daromad manabiga ham aylanadi. Yana bir fuqaro, Sherali Yusupov ham qo‘shimcha daromad manbaiga ega bo‘lishni niyat qilib, hokim yordamchisiga murojaat qildi. Murojaat tezda yechim topib fuqaroga motokultivator va ekinlarni o‘rin uskunasi olib berildi. Chorvachilik qilish istagidagi fuqarolardan Ravshan Atajanovga ham 16 mln imtiyozli kredit ajratilib 5 ta ona-bola qo‘ylar olib berildi. Bundan tashqari, yana 4 nafar fuqaroga tadbirkorlikning turli yo‘nalishlarida faoliyatlarini tashkil etishlari uchun imtiyozli kreditlar ajratilib, bandligi ta’minlandi.

Mahalla infratuzilmasini yaxshilash va tadbirkorlik ob’ektlarini ko‘paytirish hokim yordamchilari oldiga qo‘yilgan asosiy vazifalardan biri hisoblanadi. Umirbek Artikbayev tomonidan mahalla hududida oziq-ovqat do‘koni hamda umumiy ovqatlanish shaxobchasi ochilishi fuqarolar uchun qulayliklar yaratibgina qolmasdan, 4 nafar fuqaroning bandligi ta’minlanishiga sabab bo‘ldi. Umirbek Artikbayev tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yishida Faxriddin Yusupovning ko‘rsatgan yordamlari e’tirofga loyiq ekanligini ta’kidlab, unga minnaddorlik bildirmoqda.

Darhaqiqat, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar faqatgina aholi manfaatlarini ta’minlashga qaratilgan.

Tuman hokimligining Axborot xizmati