G‘allachilik sohasiga suv tejovchi texnologiyalar joriy qilinmoqda

Туман янгиликлари

Dehqonlar yil davomida mehnat qilib, taqir yerdan mo‘l hosil undirib, el-dasturxonini boyitishga qodir insonlardir.

Amudaryo tumanida ham bug‘doy, paxta va boshqa ekinlaridan yuqori hosil olib, xalqimiz farovonligiga hissa qo‘shayotgan mirishkor-dehqonlar va ularning izdoshlari juda ko‘plab topiladi. Tumanimizdagi Bobur nomli ovul hududida bo‘lganimizda dehqonchilik turlarining barcha yo‘nalishlarida olib borilayotgan ijobiy ishlarning guvohi bo‘ldik. Hududda 22 fermer xo‘jaligi bo‘lib ular ko‘p tarmoqli faoliyat yuritadi. Ularga “Zarbdor” muqobil mashina-traktor parki xizmat ko‘rsatadi. Fermer xo‘jaliklari pilla, bug‘doy, paxta hosilidan tashqari ko‘plab donli ekinlarni, sabzavot turlarini ekib, o‘stirib, tarbiyalab mo‘l hosil yetishtirib kelmoqdalar.

Hududdagi “Abdulla” fermer xo‘jaligi ham shular jumlasidan. Mazkur xo‘jalik ham ko‘p tarmoqli xo‘jaliklaridan hisoblanadi. Fermer xo‘jaligiga Po‘lat Abdullayev rahbarlik qilib kelmoqda. Dehqonchilik sirlarini elga mashhur bobolaridan meros qilib olgan Po‘lat o‘z vazifasiga astoydil mehr qo‘yib, xo‘jalikning yildan yilga rivojlanib borishiga erishdi. Aniq reja, maqsadli qo‘yilgan qadamlar o‘zining samarasini berib, xo‘jalikning moddiy texnika bazasi ham mustahkamlanib bordi. Hozirgi kunda xo‘jalikda 4 ta zamonaviy surim traktori, qudratli don kombayni, barcha zarur qishloq xo‘jaligi uskunalari mavjud.

Xo‘jalik a’zolari o‘tgan yili dastlabki hosil 17 quti ipak qurti boqib-o‘stirib 53 kilogramm pilla hosili yetishtirdilar. Dastlabki hosil olish bo‘yicha davlat rejasining muvaffaqiyatli ado etilishi xo‘jalik a’zolarini yangi marralar sari yetakladi. Xo‘jalikda davlatga bug‘doy, paxta hosili yetishtirib berish rejalari ham ortig‘i bilan bajarildi. Fermer xo‘jaligi yil oxiriga kelib 1 milliard so‘mga yaqin daromad olishga erishdi. Bu mablag‘ qishloq xo‘jaligi uchun sarf qilingan xarajatlarni qoplash bilan birga kelasi yil uchun mineral o‘g‘itlar, yonilg‘i-moylash mahsulotlari, ehtiyoj qismlar zahirasini yaratishga ham imkoniyat yaratdi.

Xo‘jalikda o‘tgan yili kuzda bu yilgi hosil uchun 36 gektar maydonga “Grom” navli urug‘lik bug‘doy ekildi. Shu maydonning 10 gektarida yomg‘irlatib sug‘orish yo‘lga qo‘yilgan. Bu yangicha usul suvni tejashga, shu bilan birga yerni sug‘orishga ketadigan xarajatni tejashga qaratilgani bilan ahamiyatlidir. Suv taqchiligi kuzatilayotgan sharoitda bu usul o‘z samarasini berishi ko‘zda tutilmoqda. Yuksak agrotexnika qoidalari asosida tarbiyalanayotgan bug‘doy maysalari kelgusidagi mo‘l hosildan darak berib turibdi. Xo‘jalik a’zolari har bir gektar bug‘doy maydonidan kamida 45-50 sentnerdan hosil olish uchun astoydil mehnat qilmoqdalar.

Shu bilan bir qatorda bahorgi ekish ishlari oldidan chigit ekiladigan maydonlarning ham sho‘ri yuvilib, qondirib sug‘orilgan.

Xo‘jalik a’zolari 51 gektar maydonga “Sulton” navli chigit ekib, gektaridan o‘rtaga 40 sentnerdan paxta hosili undirishga bel bog‘laganlar. Xo‘jalikda 29 nafar ijarachi barakali mehnat qilmoqda.

Fermer xo‘jaligi rahbariyati va ishchilarining oldiga qo‘ygan maqsadlari ulug‘. Shunday ekan, ulug‘ maqsadlarni ko‘zlab olg‘a intilayotgan yurtdoshlarimizning kelgusi ishlarida omadlar tilaymiz.

O‘rozali RЕYIMOV.