Xitoy ovulida yoshlar sayli o‘tkazildi

Туман янгиликлари

Yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish hamda ularning adabiyot san’at, sport, kitobxonlik va kompyuter texnologiyalariga qiziqishlarini oshirish maqsadida Prezidentimiz tomonidan ishlab chiqilgan “Beshta muhim tashabbus” qisqa vaqt mobaynida ommalashib, qamrov darajasi kundan-kunga ortib bormoqda.

“Besh muhim tashabbus” doirasida Amudaryo tumanida sektorlar kesimi bo‘ylab o‘tkazilayotgan tadbirlarda mahalladagi yoshlar yetakchilari o‘rni alohida diqqatga sazovordir.

10 mart kuni tuman hokimligi, Yoshlar ishlari agentligi tuman bo‘limi, Turizm va sport bo‘limi hamda hamkor tashkilotlar bilan birgalikda Xitoy ovuli hududida joylashgan 85-sonli umumta’lim maktabida yoshlar sayli o‘tkazildi.

Yoshlar saylida 3-sektor hududiga qarashli Kuyuk-ko‘pir, Bo‘z yop, Zahiriddin Muhammad Bobur nomli ovullar hamda O‘zbekiston, Qizilcholi, Jumurovul, Tor yop, Namuna mahallalari, shuningdek, Jumurtov shaxarchasi yoshlari faol qatnashishdi.

Ertalabdan boshlangan sport tadbirlari kun bo‘yi davom qildi. Dastlab “Salomatlik uchun 5 ming qadam” shiori ostida piyoda yurish marafoni bo‘lib o‘tdi.

Shundan so‘ng, 85-sonli maktabda yoshlar ishtirokidagi tadbirlar boshlandi. Tadbirni Xitoy ovul fuqarolar yig‘ini raisi Davlatboy Atajanov ochib berdi. Shuningdek tadbirda, tuman Ichki ishlar bo‘limi boshlig‘i o‘rinbosari Muxtor Rahmatullayev, 3-sektor kotibi Farhod Abdurahimov, mehnat faxriysi Kamol O‘razboyev hamda Yoshlar ishlari agentligi tuman bo‘limi boshlig‘i Sardor Ismoilovlar so‘zga chiqib, mamlakatimizda yosh avlodni ma’naviy barkamol inson etib tarbiyalash, ularning bo‘sh vaqtlarini samarali o‘tkazishni tashkil etish, san’at, sport, axborot texnologiyalari, kitob o‘qishga qiziqishlarini oshirish bo‘yicha “Beshta muhim tashabbus” doirasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilayotganligini ta’kidladilar.

Tadbirda dastlab birinchi tashabbus doirasida madaniyat, adabiyot, san’atga qiziquvchan yoshlar o‘z iqtidorlarini namoyish etishdi. Tasviriy san’at asarlari, o‘quvchilar tomonidan tayyorlangan milliy hunarmandchilik buyumlari hamda badiiy chiqishlar yig‘ilganlarda katta taassurot qoldirdi.

Shundan so‘ng ikkinchi tashabbus doirasida Bobur nomli ovul yoshlaridan iborat “Shunqorlar” jamoasining harbiy chiqishlari, Kuyuk ko‘pir ovuli yoshlarining esa taekvandoning WTF turi bo‘yicha chiqishlari namoyish etilib, yoshlarning sportga bo‘lgan qiziqshlari yanada oshishiga hizmat qildi.

Yoshlar saylida har bir mahalladan tashrif buyurgan yoshlar ishtirokida sportning futbol, voleybol, stol tennisi, shaxmat-shashka musobaqalari ham bo‘lib o‘tdi. Har bir musobaqa shiddatli va murosasiz tarzda kechib, hakamlar hay’ati tomonidan odilona baholab borildi.

Tadbir yakunida yoshlar saylida faol ishtirok etgan barcha yoshlarga tuman hokimligining esdalik sovg‘alari torshirildi.

Albatta, bunday sa’y-harakatlarning tub zamirida yoshlarni ilm-ma’rifat, sog‘lom e’tiqod bilan ma’naviy yuksalishlariga ko‘maklashish maqsad qilingan. Shu bois “Besh tashabbus” doirasida tashkil etilgan yoshlar sayli ham o‘quvchi-yoshlarni o‘z iqtidorlarini namoyon qilishga, yurtimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamdagi islohotlarga kamarbasta bo‘lishga yetaklashi bilan ahamiyatlidir.

Tuman hokimligining Axborot xizmati