Toshqal’a mahallasi yoshlari yaratilayogan imkoniyatlardan unumli foydalanishmoqda

Туман янгиликлари

Ma’lumki, 2021 yil 12 dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish va aholining daromad manbaini kengaytirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori qabul qilingan edi. Ushbu qarorga muvofiq, 2022 yil davomida oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturlari doirasida tadbirkorlik qilish istagidagi fuqarolarga yillik 14 foiz stavkada 3 oydan 6 oygacha imtiyozli davr bilan kredit ajratilishi belgilangan.

 E’tiborlisi, kreditlar 30 yoshgacha bo‘lgan yoshlarga mahalladagi yoshlar yetakchisi tavsiyasi asosida berilsa, 30 yoshdan yuqori aholiga mahallada tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini ta’minlash va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha tuman hokimi yordamchisi tavsiyasi asosida beriladi.

Amudaryo tumanining Toshqal’a mahallasiga biriktirilgan hokim yordamchisi Botir Norimbetov hamda mahalladagi yoshlar yetakchisi Izzat Qurbanbayevlar o‘zaro hamkorlikni yo‘lga qo‘yib, yoshlar bandligini ta’minlash bo‘yicha samarali tarzda faoliyat olib borishmoqda.

Jumladan, hokim yordamchisi va yoshlar yetakchisi tomonidan xatlovlar o‘tkazilib, tadbirkorlik qilish istagidagi yoshlar aniqlandi. Xatlovlar jarayonida har bir yosh bilan suhbatlar o‘tkazilib, tadbirkorlik qilish istagidagi yoshlarga imtiyozli kreditlar ajratilishi va onlayn elektron auksionda qatnashish shartlari tushuntirib borildi.

Yaratilayotgan qo‘lay imkoniyat va shart-sharoitlardan vaqtida foydalanish zarurligini yaxshi anglagan yoshlardan Muhayyo Eshboyeva, Iroda Rajabboyeva, Og‘abek Yo‘ldashev, Alisher Xo‘jaqov, Rahmatjon Kenjayev, Doniyor Qurolbayev, Ahmadjon Ortiqov, Sherali Ortiqovlar onlayn auksionda qatnashib, g‘olib bo‘lishdi hamda 25 sotxdan yer maydonlarini ijaraga olishdi.

Bundan tashqari, Go‘zal Soatbayeva, Ahmad Masharipov hamda Maftuna Omonbayevalarga 9 mln 800 ming so‘m miqdorda imtiyozli kreditlar ajratilib, ushbu imtiyozli kreditlar evaziga motokultivator olib berildi. Shuningdek, Quvonchbek Ibodullayevning ham murojaatlari inobatga olinib 33 mln so‘m miqdorda imtiyozli kredit ajratildi va yuk tashishga mo‘ljallangan motosikl olib berildi.

Bugungi kunda yoshlar uchun yaratilayotgan imkoniyatlar ko‘lami har qachongidan ham yuqori. Ayniqsa, so‘nggi yillar davomida imkoniyat va imtiyozlar ko‘lami sezilarli darajada oshdi. Yoshlarga berilayotgan bu e’tibor bugungi kunga kelib o‘z mevasini bermoqda. O‘z biznesini yo‘lga qo‘yib, tadbirkorlik bilan shug‘ullanayotgan yoshlar safi kun sayin ortmoqda. Bu esa o‘z navbatida xalqimiz farovonligi, yurt ravnaqiga puxta zamin yaratadi. Zero, aynan bugungi yoshlar ertangi kunimizning egalari, Uchinchi Renessansning bunyodkorlari bo‘lishadi.

Tuman hokimligining Axborot xizmati