DЕPUTAT BILAN UCHRASHUVDA KO‘PLAB MUAMMOLAR O‘Z YECHIMINI TOPMOQDA

Туман янгиликлари

Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi barcha darajadagi deputatlarning faolligini yanada oshirish maqsadida 9 martdan 19 martgacha o‘tkazilayotgan deputatlar faoliyatida “Dolzarb 10 kunlik” doirasida 32-Qilichboy saylov okrugidan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi deputati Sanobar Xo‘jamuratova Xalq deputatlari Amudaryo tuman Kengashi deputati Bahrom Qodirov bilan birgalikdagi 11 mart kuni Qilichboy ovulida istiqomat qiluvchi saylovchilari bilan uchrashdi.

Deputat bilan uchrashuv ovuldagi Qo‘chqorboy Nurimovning tomorqasida tashkil etilib, unda Qilichboy ovuli faollari va yoshlar ishtirok etdilar.

Uchashuvda deputat Sanobar Xo‘jamuratova saylovchilarga Prezidentimizning Qoraqalpog‘istonga tashrifi, ijtimoiy-siyosiy hayotdagi o‘zgarishlar, mamlakatimizda, xususan, Amudaryo tumanida yoshlar va xotin-qizlarga yaratilayotgan sharoitlar, qishloqlarda tomorqa xo‘jaligi, yoshlar va ayollar tadbirkorligini rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar haqida gapirib berdi.

Sanobar Xo‘jamuratova saylovchilar bilan muloqot qilish va ularning tomorqa xo‘jaligini yuritish bo‘yicha muammolarini o‘rganish jarayonida Taraqqiyot strategiyasida belgilangan ustuvor vazifalarga ham batafsil to‘xtaldi. Ana shu ustuvor vazifalardan kelib chiqib, saylovchilar bilan uchrashuv joyining qilichboylik mohir tomorqa yer egasi Qo‘chqorboy Nurimov tomorqa xo‘jaligida tashkil etilganiga alohida urg‘u berdi. U mahalladoshlari orasida o‘z halol va fidoyi mehnati, tadbirkorligi bilan e’tibor va obro‘ topgan Qo‘chqorboy Nurimov erishayotgan yutuqlarni yoshlarga ibrat qilib ko‘rsatdi.

Rasmiyatchilikdan xoli tarzda tashkillashtirilgan uchrashuvda deputat mo‘’jazgina tomorqadan yilning to‘rt faslida ham unumli foydalanib, o‘zi va barcha  oila a’zolari bandligini ta’minlagan Qo‘chqorboy Nurimovning tajribalarini yoshlar o‘rtasida  keng ommalashtirish yuzasidan zarur tavsiyalar berdi. Uchrashuvda saylovchilar, asosan dehqonchilik uchun bahorgi ekish-tikish ishlarida zarur bo‘ladigan bioorganik mahsulotlar yetishmovchiligi, auksion orqali yer olish, mikrokreditlar ajratish borasida hamda o‘zlarini qiziqtirgan boshqa masalalar bo‘yicha murojaat qildilar.

Ovul yoshlaridan Ra’no Rahimboyeva tomorqa xo‘jaligini yuritish uchun organik o‘g‘it olishni rejalashtirgani, lekin hujjatlarni rasmiylashtirishda huquqiy yordam zarurligini aytib, ushbu masalada yordam berishni so‘radi. Uning murojaati ovul fuqarolar yig‘inida faoliyat olib borayotgan hokim yordamchisi Murodjon Boltayev tomonidan ro‘yxatga olinib, tez fursatlarda bu muammoni bartaraf etishga kelishib olindi.

Shuningdek, Shohista Eshimmetovning dehqonchilik qilish uchun yer ajratib berishni so‘rab qilgan murojaati ham shu yerning o‘zida atroflicha o‘rganib chiqilib, auksionga qo‘yilgan yerlar hisobidan 25 sotix yer olishi mumkinligi va auksionda ishtirok etish tartib-qoidalari to‘g‘risida zarur tushunchalar berildi.

Uchrashuvdan keyin deputat Sanobar Xo‘jamuratova xalq deputatlari Amudaryo tuman Kengashi deputati Bahrom Qodirov bilan birgalikda ovuldagi keksa va bemor onaxonlar holidan ham xabar oldilar.

Deputatlar 84 yoshli bemor onaxon Salima Hayitboyeva xonadonida bo‘lishib, onaxonning oilasidagi muammolarni o‘rgandilar va onaxonning murojaatiga ko‘ra, unga qarayotgan qizi Saida  Hayitboyevaga bemor onasining parvarishiga mas’ul ekanligi to‘g‘risidagi hujjatlarni rasmiylashtirish va budjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasiga topshirish bo‘yicha mas’ul tashkilotlarga Saida Hayitboyevaning bemor onasiga qarab turgan davri mehnat stajiga hisoblanishi to‘g‘risida deputat so‘rovi kiritish bo‘yicha kelishib olindi.

Deputatlar hududdagi 15-sonli umumta’lim maktabining uyda ta’lim olayotgan 8 nafar o‘quvchilari holidan xabar olishib, ularga berilayotgan ta’lim sifati bilan ham yaqindan tanishdilar hamda bu o‘quvchilarga mamlakatimizda ta’lim sohasiga qaratilayotgan e’tibor, nogironligi bo‘lgan o‘quvchi-yoshlarning oliy ta’lim muassasalarida ta’lim olishlari, o‘z orzularini ro‘yobga chiqarishlari uchun yaratilayotgan imtiyozlar xususida ma’lumot berib, ularni yangi orzular, ilm olish, hunar egallash, kuchli tadbirkor bo‘lish sari ruhlantirdilar.