DЕPUTAT OTABЕK YO‘LDOSHOV NAVRO‘Z BAYRAMI ARAFASIDA SAYLOVCHILAR BILAN UCHRASHDI

Туман янгиликлари

Necha asrlardan beri xalqimizning milliy bayrami sifatida nishonlanib, yoshu keksaga birday ulkan quvonch va shodliklar hadya etadigan Navro‘zi olam tabiatning uyg‘onishi, jonlanishi va yashil libosga burkanishi bilan ham azizdir. Bahoriy tengkunlik – sharq taqvimi bo‘yicha Yangi kun – Navro‘z odamlar qalbida ham ezgu intilishlarni, ertagi kuniga umid, ishonch, shukronalik tuyg‘ularini uyg‘otadi.

Shunisi e’tiborliki, yurtimizda nishonlanadigan qutlug‘ sanalar, bayramlardan o‘zgacha Navro‘zi olamning o‘z falsafasi bor. Bu avvalo unda xalqimizning asriy an’analari, urf-odatlari, qadriyatlari yaqqol namoyon bo‘lishi bilan ifodalanadi. Xayr-u saxovat, bag‘rikenglik, do‘st-birodarlik, qo‘ni-qo‘shnilar, mahalladoshlar bilan ahil-inoq bo‘lib yashashdek qadriyatlarimiz yanada mustahkamlanadi. Shuningdek, ko‘makka muhtoj, ehtiyojmand insonlarga, nogironligi bo‘lganlarga, bemorlarga beminnat yordam beriladi, tabarruk keksalarni ziyorat qilib, duolarini olishga, yaqinlarga mehr ko‘rsatishga e’tibor kuchayadi.

Navro‘z shukuhi kezayotgan shu kunlarda Xalq deputatlari Amudaryo tuman Kengashi deputatlari ham o‘z saylovchilari huzurida bo‘lib, ularning hayotidagi, faoliyatidagi yangiliklar bilan tanishmoqda, Navro‘zi olam bilan qutlab, ehtiyojmand oilalar, imkoniyati cheklangan fuqarolar holidan xabar olishmoqda.

15 mart kuni tuman Kengashi deputati Otabek Yo‘ldoshov ham o‘zi saylangan hudud – Oq oltin ovulida bo‘ldi. Ovuldagi hokim yordamchisi Otabek Ibragimov hamrohligida kam ta’minlangan, sog‘lig‘ida muammolari bor fuqarolar holidan xabar oldi va bayram sovg‘alarini topshirdi. Guruh dastlab ovulning Ko‘hna bosu aholi punktida yashaydigan Zebogul Boltaboyeva xonadonida bo‘ldilar. 1980 yilda tug‘ilgan Zebogul Boltaboyeva ko‘pdan beri kasallikdan aziyat chekadi. Bayram arafasida mas’ullarning xonadoniga hol-ahvolini so‘rab kelishgani, sog‘ayib ketishiga umid bildirishgani uning ko‘nglini ko‘tardi, dardini aritganday bo‘ldi.

Deputat ovul fuqarolar yig‘ini mas’ullari hamrohligida kam ta’minlangan, “Ayollar daftari”da ro‘yxatda turuvchi Munavvar Kamolova, Nasiba Kenjayevalarning, kam ta’minlangan Nazokat O‘rozboyeva, Malohat Shomurodovalar, O‘rozimmat Iskandarovlarning xonadonlariga ham borib, bayram bilan qutlab, sovg‘a-salomlar topshirdi.

Deputat hududdagi 41-sonli, 71-sonli maktablarda ham bo‘lib, ta’lim-tarbiya ishlari bilan tanishdi, o‘z xizmat vazifasini sidqidildan bajarayotgan 41-sonli maktab texnik xodimi Sa’dulla Yeshakayevga, yosh avlodga ta’lim-tarbiya berishda kasbdoshlariga o‘rnak bo‘layotgan Gavhar O‘rozboyevalarga sovg‘a-salomlar topshirdi, o‘qituvchilar bilan samimiy suhbatlashdi.

Inson hayotining turli pillapoyalarida turlicha sinovlarni ham, nurli kunlarni ham boshidan kechiradi. Biroq har qanday damda ham og‘ir kunlarida madad bo‘lgan yo mehnatlarini e’tirof etib, ezgu ishlarga rag‘batlantirgan odamlarni unutmaydi. Shu ma’noda olib qaraydigan bo‘lsak, Mang‘it shahrida joylashgan Nukus Davlat pedgogika instituti huzuridagi matematikaga ixtisoslashgan maktab direktori, tuman Kengashi deputati Otabek Yo‘ldoshovning bu ibratli ishlaridan ko‘pchilik o‘rnak olsa, arziydi.

Oygul RAJABOVA.