“Matniyoz Oxun” qabristoni obodonlashtirildi

Туман янгиликлари

O‘tgan davr mobaynida Prezidentimiz va hukumatimiz tomonidan diniy bag‘rikenglikni ta’minlash, diniy urf-odatlarni hurmat qilish, ayniqsa muqaddas qadamjolar, ziyoratgohlar, masjidlar va qabristonlarni yanada obod qilish borasida ulkan ishlar amalga oshirilmoqda. Shuningdek, ushbu sohadagi ishlarni rivojlantirish va faoliyatni tartibga soluvchi bir qator qonun hujjatlari qabul qilingan bo‘lib, ular doirasida ko‘plab tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.

Amudaryo tumanida ham muborak Ramazon oyi hamda “Navro‘z” umummilliy bayrami oldidan ajdodlarimiz qo‘nim topgan muqaddas qadamjolar va qabristonlar obodonlashtirilmoqda.

Jumladan, Amir Temur ovulida joylashgan “Matniyoz oxun” qabristoni ham hashar yo‘li bilan obodonlashtirildi. Obodonlashtirish ishlari bir necha kun davomida uyushqoqlik bilan o‘tkazilib ushbu savobli ishga tuman obodonlashtirish boshqarmasi ishchilari, mahalla imomlari hamda ovul hududida istiqomat qiluvchi yosh-u qari  o‘z hissalarini qo‘shishdi.

Aslida obodlikka intilish, poklik ayniqsa, qabristonlarni ozoda saqlashga doimo e’tibor qaratish xalqimizning ming yillik qadriyatlaridan biridir.

Ma’lumot uchun, qabristonning umumiy yer maydoni 10,7 gektarni tashkil qiladi. Hashar davomida, hasharchilar tomonidan 150 metrlik paxsa devorlar ko‘tarilib, yo‘laklarga tosh yotqizildi. Ziyoratchilar uchun tahoratxonalar ta’mirlanib, pardozlash ishlari olib borildi.

 Shuningdek, daraxt va butalar oqlanib, shakl berildi hamda, ortiqcha shox-shabbalar, qurib qolgan o‘t-o‘lanlar qabriston tashqarisiga chiqarib tashlandi. Har bir qabr atrofi tozalanib, ayrimlari ta’mirlandi.

Shu o‘rinda aytish joizki, mazkur qabristonga Amir Temur ovulining ziyoli, obro‘li insonlari va ularning ajdodlari dafn etilgan. O‘z davrida ovuldagi ma’naviyat va ma’rifatga intiluvchan insonlarga to‘g‘ri yo‘lni ko‘rsatgan ziyolilar sulolasi vakili Matniyoz oxun boboning muborak qabrlari ham shu yerda joylashgan.

Hashar davomida Yusuf Eshon bobo jome’ masjidi imom-xatibi Abdurahmon Matsafoyev xalqimiz azal-azaldan bunday xayrli ishlarni ko‘pchilik bo‘lib, bamaslahat bajarib kelganligini, o‘tganlarni yodga olib, ularning ruhlarini shod etish – savobi ulug‘ amallardan ekanligini, marhumlarning hoki poklari qo‘nim topgan maskanlarni obod qilish va ularning haqlariga duolar qilish insoniy burch ekanligini ta’kidladi.

Bundan tashqari, islom dini ta’limotlariga ko‘ra, atrof-muhitni ko‘klamzorlashtirish, uning tozaligiga, savobli va ezgu ishlarni ado etmoqlikka, ziyoratgoh-u qabristonlarni obod qilishdek xayrli ishlarga kamarbasta bo‘lish farz ekanligi, bu kabi hayrli ishlar ko‘pchilikka manfaatli bo‘lgani bois, savobi ham mislsizligi haqida ibratli so‘zlarini so‘zladi.

Dunyodan o‘tgan ota-bobolari, yaqinlari xotirasiga hurmat ko‘rsatish har bir insonning  zimmasidagi farzandlik, qarindoshlik, qolaversa, insoniylik burchidir. Buni yaxshi angalagan fuqarolar hashar ishlarida uyushqoqlik bilan qatnashib, ziyoratgohlar obodligiga o‘z hissalarini qo‘shdilar.

Tuman hokimligining Axborot xizmati