Hokim yordamichisi: “Har bir oila daromad manbaiga ega bo‘lishi kerak”

Туман янгиликлари

Keyingi yillarda mahalla faoliyatiga katta e’tibor qaratilib, mahallabay va xonadonbay ishlash tizimi joriy etildi. Ushbu tizmlar faoliyati yo‘lga qo‘yilganligi natijasida ko‘plab muammolar yechim topib, xalqimiz turmushi farovonligi kun sayin yuksalmoqda.

Amudaryo tumanining 49 ta mahallalarida hokim yordamchilari o‘z faoliyatini boshlaganiga 2 oydan oshiqroq vaqt bo‘ldi. Ular hududni iqtisodiy rivojlantirish, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash, aholi bandligini ta’minlashga yaqindan ko‘maklashmoqda. Hokim yordamchilarining samarali faoliyat olib borishlari uchun yetarli sharoitlar yaratilgan.

Tumanimizning Oq oltin ovuliga biriktirilgan hokim yordamchisi Otabek Ibragimov ham boshqa kasbdoshlari singari ochiq tanlovda qatnashib, salohiyatli kadr sifatida tanlab olindi. Ish boshlaganiga hali ko‘p vaqt bo‘lmasa ham, mahalladoshlarining hurmati va ishonchiga erishdi.

Ma’lumot uchun, bugungi kunda Oq oltin ovulida 1325 ta xonadon mavjud bo‘lib, ushbu xonadonlarda 7410 nafar aholi istiqomat qiladi. Ovul aholisi asosan dehqonchilik, bog‘dorchilik, chorvachilik bilan shug‘ullanib keladi.

Hokim yordamchisi o‘z ish faoliyatini dastlab, xatlovdan boshladi. Uyma-uy yurgan holda xonadonlardagi ahvol bilan tanishib, ularning muammo va takliflarini o‘rgandi. Shuningdek, mahallaning “o‘sish nuqtalari”ni aniqlab, xizmat ko‘rsatish va servis sohasini rivojlantirish, tadbirkorlarning sonini ko‘paytirishni o‘z oldiga maqsad qilib qo‘ydi.

Hokim yordamchisi ta’kidlaganidek, har bir ro‘zg‘or daromad manbaiga ega bo‘lsa, kambag‘allik degan tushunchaga o‘rin qolmaydi. Aholi bilan yuzma-yuz muloqot chog‘ida Otabek Ibragimov qishloq xo‘jaligi yerlarini ijaraga olish istagidagi fuqarolarga zaruriy tushuntirishlar berib, tadbirkorlik yo‘nalishlarini belgilab olishlarida ham amaliy yordamlar bermoqda.

Ma’lumki, ayni kunlarda Prezidentimizning maxsus qarori asosida joriy yilda tuman bo‘yicha fermer xo‘jaliklarining paxta va g‘alladan qisqartirilgan 897 gektar maydonlarini jami 3 ming 588 ta dehqon xo‘jaliklari tashkil qilish uchun aholiga berish bo‘yicha amaliy ishlar davom etmoqda. Ovul hududida umumiy maydoni 42 gektar bo‘lgan qishloq xo‘jaligi yerlari 168 ta lotlarga bo‘linib, shundan 159 tasi auksionga qo‘yildi. Auksion natijalariga ko‘ra bugungi kunda 6,25 gektar yer 25 nafar fuqarolarga ajratib berilib, fuqarolarning bandligi ta’minlandi.

Shuningdek, hokim yordamchisi tomonida kasb-xunar egallashga ishtiyoqi va qobiliyati bor 5 nafar fuqarolar “Ishga marhamat” monomarkazi, kasb-hunarga o‘qitish markazi va boshqa nodavlat ta’lim muassasalarida o‘qitishga yo‘naltirildi.

Bundan tashqari, fuqarolarning tomorqalariga xizmat ko‘rsatish hamda sifatli va arzon urug‘lar yetkazib berish maqsadida “Oq-oltin tomorqa xizmati” mas’uliyati cheklangan jamiyati ham tashkil etilib, ishsiz fuqarolarning bandligi ta’minlanmoqda.

Shuningdek, ovul hududida 1 gektarlik issiqxona ham tashkil qilindi.

Bir so‘z bilan aytganda, Inson qadrini ulug‘lash va faol mahalla yilida hokim yordamchilari tomonidan olib borilayotgan bu kabi ishlar xalqimiz turmush farovonligini bundan ham yuksaltirishdek ezgu maqsadlarga xizmat qiladi.

Tuman hokimligining Axborot xizmati