Bandligi ta’minlangan fuqarolar bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi

Туман янгиликлари

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 3 dekabrdagi “Mahallada tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini ta’minlash va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha hokim yordamchilari faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga asosan har bir mahallada hokim yordamchilari lovozimi joriy etilib, ular ish faoliyatining asosiy yo‘nalishlari aniq belgilab berildi.

Amudaryo tumanida ham mavjud 49 ta mahallaning hokim yordamchilari oldlariga qo‘yilgan sharafli va shu bilan birga murakkab vazifalarni oqilona bajarish hamda o‘z mahallasi hududida ishsizlik va kambag‘allikni qisqartirish borasida ko‘plab ijobiy ishlarni amalga oshirmoqdalar.

Hokim yordamchilari ish boshlaganiga hali ko‘p vaqt bo‘lmasa ham tuman bo‘yicha 255 nafar fuqaroga o‘z tavsiyalari asosida salkam 5 mlrd. so‘m miqdorda imtiyozli kredit ajratilishida yordam berishdi. Shuningdek, imtiyozli kredit ajratilgan ayrim fuqarolarga bandligini ta’minlashga yo‘naltirilgan  texnika vositalari olib berildi.

Tumanimizdagi mahallalarda  amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohatlar bilan yaqindan tanishish hamda bandligi ta’minlangan fuqarolar bilan suhbatlashish maqsadida joriy yilning 15 mart kuni Qilichboy ovul fuqarolar yig‘inida joylashgan Qilichboy Madaniyat markazida tadbir bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda Amudaryo tumaniga Respublikadan biriktirilgan vakil Umidbek Yo‘ldashov, Davlat xavfsizlik xizmati Amudaryo tumani bo‘limi boshlig‘i Sultanmurat Jolimbetov, Mahallabay ishlash va tadbirkorlikni rivojlantirish markazi boshlig‘i  Jasurbek Davletov, Yoshlar ishlari agentligi tuman bo‘limi boshlig‘i Sardor Ismailov, tuman prokurori yordamchisi Komil Avezov hamda  hokim yordamchilari, yoshlar yetakchilari ishtirok etishdi.

Tadbir davomida 33 mln. so‘mdan imtiyozli kredit ajratilgan 15 nafar fuqarolarga uch g‘ildirakli motosikl va 14 mln so‘mdan imtiyozli kredit ajratilgan 6 nafar fuqarolarga motokultivatorlar topshirildi. Mas’ullar fuqarolar bilan birma-bir suhbatlashib, ish faoliyatlarida muvafaqqiyat tiladilar.

Qilichboy ovul fuqarolar yig‘inida “Yoshlar daftari”ga kiritilgan Doniyor Madaminov, Otabek Olimboyev, Jonibek Jumaboyev, Dinora Rajabbayeva, Shaxzod O‘rinbayev kabi bandligi ta’minlanmagan yoshlarga mahalladagi hokim yordamchisi va yoshlar yetakchisi tashabbusi bilan 25 sotixdan yer ajratib berilgan edi. Mas’ullar ushbu yoshlarning ajratilgan yer maydonlarida  tadbirkorlikning qanday yo‘nalishlarida faoliyat olib borishlariga qiziqib, ular bilan yaqindan suhbat qurishdi.

Shuningdek, yoshlarga onlayn auksionda boshlang‘ich badal to‘lovini amalga oshirmay qatnashishlari mumkinligi, hamda elektron raqamli imzo kalitini olishlari bo‘yicha keng tarzda tushuntirishlar berildi.

Rahbarlar bilan uchrashuv hamda ular tomonidan bildirilgan iliq fikrlar barcha yoshlar dilida o‘zgacha taassurot qoldirdi.

Tuman hokimligining Axborot xizmati