“Yangi O‘zbekiston, yosh avlodlar – senga zo‘r qanot!” shiori ostida tadbirlar tashkil qilindi

Туман янгиликлари

Bugungi kunda yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazish dolzarb masala hisoblanadi. Yoshlar qanchalik ma’naviy barkamol bo‘lsa, turli yot illatlarga qarshi immuniteti ham shuncha kuchli bo‘ladi. Ushbu maqsadlar va vazifalardan kelib chiqqan holda, qolaversa muhtaram Prezidentimiz tomonidan qabul qilingan farmon va qarorlar hujjatlari ijrosini ta’minlash maqsadida Amudaryo tumanida ko‘plab tadbirlar bo‘lib o‘tmoqda.

Jumladan, 16 mart kuni “Besh muhim tashabbus” doirasida Mang‘it shahrining Olmazor mahallasi hududida sport musobaqalari, “Zakovat” intellektual o‘yinlari, iste’dodli yoshlarning ko‘rgazmalari tashkil etilib, yoshlarning bo‘sh vaqtlari mazmunli va unumli o‘tishiga hissa qo‘shildi.

Ertalabdan boshlangan sport tadbirlarida 1-sektor hududidagi 12 ta mahalla yoshlari ishtirok etishib, o‘z mahallasi sha’nini himoya qilishdi. Tadbir davomida bo‘lib o‘tgan sport musobaqalari va intellektual o‘yinlar “Yangi O‘zbekiston, yosh avlodlar – senga zo‘r qanot!” shiori ostida o‘tkazilib, unda jami 1 ming 267 nafar uyushmagan yoshlar qamrab olindi.

Dastlab, tuman markaziy o‘yingohida “Salomatlik uchun besh ming qadam” shiori ostida piyoda yurish marafoni bo‘lib o‘tdi. Shundan so‘ng, yoshlar  ertalabki badantarbiya mashqlarida qatnashishdi.

Shuningdek, ertalabdan tuman markazidagi suv sporti saroyida start olgan suzish musobaqasiga har bir mahalladan 1 nafar ishtirokchi qatashdi. Musobaqada 1-o‘rinni Shuhrat Hojiboyev, 2-o‘rinni Shahzod Ibadullayev, 3-o‘rinni Kamoliddin Kenjaboyevlar egallashdi.

Mini futbol bo‘yicha jamoalar uchrashuvi murosasiz tarzda kechdi. Musobaqada 1-o‘rinni Nazarxonlik yoshlar egallagan bo‘lsa, 2-o‘rinni Oybek mahallasi yoshlari egallashdi. 3-o‘ringa Bosuv mahallasi yoshlari munosib deb topildi. Shundan so‘ng, Olmazor mahallasi hududidagi 82-sonli maktabda basketbol musobaqasi bo‘lib o‘tdi. 12 ta mahalladan tashrif buyurgan jamoalar epchillik mahoratlarini sinovdan o‘tkazishdi. Uchrashuv natijalariga ko‘ra 1-o‘rin To‘lqin ovuli yoshlariga nasib qildi. 2-o‘rinni Cho‘yko‘l ovuli yoshlari va 3-o‘rinni Olmazor mahallasi yoshlari egalladilar.

Shuningdek, 76-sonli maktabda valeybol musobaqasi o‘tkazilib, mazkur musobaqada mahalla yigitlaridan tashkil topgan jamoalar o‘zaro bellashdilar. Musobaqa natijalariga ko‘ra, 1-o‘rinni Olmazor mahallasi yoshlari, 2-o‘rinni Qipchoq shaharchasi yoshlari va 3-o‘rinni uyshinlik yoshlar egallashdi.

Bundan tashqari, sportning kurash turi bo‘yicha ham bellashuvlar o‘tkazildi.

Kun davomida yoshlar faqatgina sport musobaqalarida qatnashish bilan cheklanib qolmadilar. Yoshlar o‘z bilimlarini mustahkamlash maqsadida 82-sonli maktabda tashkil qilingan  “Zakovat” intellektual o‘yinida ham ishtirok etishdi.

Kunning ikkinchi yarmida Olmazor mahallasi hududida joylashgan “Barkamol avlod” bolalar maktabida qobiliyatli  yoshlarning ko‘rgazmalari tashkil qilindi. Ko‘rgazmaga qo‘yilgan san’at asarlari, hunarmandchilik buyumlari, milliy cholg‘u asboblari yig‘ilganlar etirofiga sazovor bo‘ldi.

Yoshlar kun davomida o‘tkazilgan sport musobaqalarida jismonan chiniqishi bilan birgalikda ma’naviy ozuqa ham oldilar. Ular tumanimizda yangidan bunyod etilgan tarixiy o‘lkashunoslik muzeyida bo‘lib, tumanimiz hayotini o‘zida aks ettiruvchi osori-atiqalar bilan yaqindan tanishishdi.

Tadbir yakunida sport musobaqalarida ishtirok etgan barcha g‘olib jamoalar Yoshlar ishlari agentligi tuman bo‘limi, tuman turizm va sport bo‘limi tomonidan munosib taqdirlandi.

Tuman hokimligining Axborot xizmati