AMUDARYODA NAVRO‘Z SAYLI KO‘TARINKI RUHDA O‘TKAZILDI

Туман янгиликлари

Mavzuga oid fotogalereya

Navro‘z – sharqona yangi yilning boshlanishi, tabiat uyg‘onishi bilan bog‘liq bo‘lgan eng ardoqli, asl milliy bayramdir. Bugungi kunda xalqimizning ezgu va go‘zal qadriyatlarini, orzu-intilishlarini o‘zida mujassam etib, ajdodlardan bezavol o‘tib kelayotgan Navro‘zi olam shu diyordagi millati, tili va dinidan qat’iy nazar, barcha yurtdoshlarimiz orziqib kutadigan tom ma’nodagi umumxalq bayramiga aylandi.

Amudaryo tumanida ham xalqimizning ushbu sevimli va azaliy bayrami munosabati bilan katta sayil tashkil etildi.

19 mart kuni tumandagi Bolalar-o‘smirlar sport maktabi o‘yingohida «Assalom Navro‘z – yangilanish, mehr-oqibat va qadr-qimmat ayyomi!» shiori ostida o‘tkazilgan bayram tadbiriga barcha hududlardan turli yoshdagi yurtdoshlarimiz tashrif buyurdilar. O‘yingohdagi Navro‘zni madh etuvchi shiorlar, rang-barang, turfa gullar, charxpalaklar, arg‘imchoqlar, dorlar va shu kabi qadimiy, milliy bezaklar bayramga tashrif buyurganlarga o‘zgacha ruh bag‘ishladi. Chor tarafdagi atlas ko‘rpachalar solingan so‘ri, shohsupalarda o‘tirgan keksa otaxonu-onaxonlarning yor-yor, lapar va o‘lanlar aytishayotgani, qizaloqlarning qoshlariga o‘sma qo‘yib, sochlariga jamalaklar taqib, milliy o‘yinlarni o‘ynayotgani, bolajonlarning samoni to‘ldirib uchirayotgan varraklari bayramga yanada fayz kiritdi.

Qator rastalardagi xalq milliy hunarmandchilik, milliy taomlar ko‘rgazmalari ko‘rgan ko‘zlarni yashnatdi. Ko‘rgazmalarda hunarmandlar tayyorlagan beshik, mis obdasta, qumg‘on, patnis, savat va shu kabi ro‘zg‘or buyumlari o‘rin olgan. Milliy taomlar ko‘rgazmasida esa turli qadimiy va tansiq taomlar ramziy ko‘rkam dasturxoniga ko‘rk bag‘ishlagan. Sayilgohda mehmonlarga tumanimiz fermerlari va oqsoqollari tomonidan katta doshqozonlar o‘rnatilib, shu yerning o‘zida tayyorlangan osh va boshqa bahoriy tansiq taomlar ham tarqatildi.

Bayram tomoshasi boshlanishidan oldin tumanimiz rahbarlari mas’ul mehmonlar bilan birgalikda ko‘rgazmalarni tomosha qildilar hamda tashkilotchilarni bayram bilan qutladilar.

Shundan so‘ng, hashamat bilan bezatilgan katta sahnada bayram tomoshalari boshlandi. Tuman hokimi Sultonboy Yo‘ldashev so‘zga chiqib, butun xalqimizni Navro‘zi olam bilan muborakbod etdi.

Tabriklardan so‘ng, tuman Madaniyat bo‘limi tomonidan tayyorlangan bayramona musiqiy dastur namoyish etildi. Dastur davomida tabiatning uyg‘onishi, bahor manzaralari, zaminning gulga burkanishi maydon bezaklari bilan hamohang tarzdagi ajoyib kompozitsiyalar, sahna ko‘rinishlari, raqs va qo‘shiqlar guldastasi bilan ko‘rsatib berildi.

Bayram tomoshasida “Uchqun” ashula va raqs xalq ansambli, “Ofarin” folklor-etnografik xalq jamoasi, “Jayhun mo‘’jizasi” an’anaviy xalq jamoalarining kompozitsion chiqishlari namoyish etildi. Tumandagi taniqli havaskorlik jamoalari va ijodiy to‘garak a’zolari, estrada xonandalarining yangi ohanglar bilan boyitilgan qadimiy xalq qo‘shiqlari orqali ona yurtimiz go‘zalligi, tinchligi va do‘stlik tuyg‘ulari tarannum etildi. Xalq qo‘shiqlarining uslubiy rang-barangligi estradamizda yangicha jarang kasb etishi aytishuvlar, yangicha talqindagi qo‘shiqlar misolida ko‘rsatildi.

Amudaryo tumaniga xos bo‘lgan mumtoz navolar, askiyachilik, masxarabozlik xalq san’ati o‘yinlari, rasm-rusumlari namoyon etilgan kompozitsion chiqishlar ham barchaga manzur bo‘ldi.

Navro‘z nafasi, shukuhi ufurayotgan Amu eli ahli Navro‘zi olam shodiyonalariga bag‘ishlangan sayilda ko‘tarinki ruh, shod-u xurramlik bilan ishtirok etib, bayramni katta xursandchilik kayfiyatida nishonladilar. Ezgu tilaklar bildirib, yurtimizdagi tinchlik-osoyishtalik, farovon hayot uchun shukronalar aytdilar.

O.XUDOYBERGANOVA.