Hokim va yoshlar uchrashuvi bo‘lib o‘tdi

Туман янгиликлари

Zamonaviy bilim va ko‘nikmalarga ega, maqsadga intiluvchan, serg‘ayrat yoshlarni tarbiyalash yangi O‘zbekistonda eng ustuvor vazifalardan biriga aylandi. Shu ma’noda yoshlarning muammo va takliflarini tinglash, ijobiy yechim topishiga ko‘maklashish maqsadida tumanimiz bo‘ylab “Hokim va yoshlar uchrashuvlari” tashkil qilinmoqda.

Amudaryo tumanidagi Beshtom ovul fuqarolar yig‘ini hududida joylashgan 24-sonli umumta’lim maktabida navbatdagi “Hokim va yoshlar uchrashuvi” bo‘lib o‘tdi.

Uchrashuvda tuman hokimi Sultonboy Yo‘ldashev, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Amudaryo tumanidagi Xalq qabulxonasi mudiri Erkin Rajapov, Yoshlar ishlari agentligi tuman bo‘limi boshlig‘i Sardor Ismailov hamda tegishli muassasa, tashkilot mas’ullari qatnashishdi.

Uchrashuv rasmiyatchilikdan holi ochiq va samimiy ruhda bo‘lib o‘tdi. Tuman hokimi dastlab, yoshlarga qaratilayotgan e’tibor va shart-sharoitlar haqida to‘xtalib, mahalladagi yoshlar yetakchisining faoliyati bilan qiziqdi. Yoshlar yetakchilari, yoshlarning muammo va takliflarini o‘rganishda hokim yordamchisi bilan hamkorlikda ish yuritishi lozimligini aytib o‘tdi.

Tuman hokimi Sultonboy Yo‘ldashev yoshlarga murojaat qilib, bugun amalga oshirilayotgan ulkan bunyodkorlik ishlarining barchasi yoshlar uchunligini, yoshlar o‘z ustida doimiy ishlab, hamisha yuqori marralarni zabt etishga intilishlari lozimligini ta’kidladi.

Uchrashuvda tuman Xalq qabulxonasi mudiri Erkin Rajapov Vatan kelajagi faqat yoshlar qo‘lida ekanligi, ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash muammolarini hal qilish uchun tumanimizdagi barcha mutasaddi tashkilot rahbarlari mas’ul ekanligini aytib o‘tdi. Shuningdek, yoshlar uchun tuman Xalq qabulxonasi eshiklari doimo ochiqligi ta’kidlandi.

Shundan so‘ng yoshlar tuman xokimiga o‘z muammo va takliflari bilan murojaat qildi. Uchrashuvda yoshlar tomonidan turli mazmundagi murojaatlar kelib tushdi. Joyida hal qilish imkoni bo‘lgan murojaatlar, taklif va tashabbuslar yuzasidan yoshlarning talablari qanoatlantirildi. Atroflicha o‘rganishni taqozo etadigan dolzarb masalalarni hal etish yuzasidan Yoshlar ishlari agentligi tuman bo‘limi hamda aloqador muassasa, tashkilot, idoralarga muddatlar belgilanib, topshiriqlar berildi.

Xususan, imtiyozli kredit evaziga chorvachilikning qo‘ychilik yo‘nalishi bo‘yicha o‘z tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yishni istagan Ergash Davlatbayev hamda issiqxona bunyod etib mahalladoshlarini arzon va xavfsiz poliz mahsulotlari bilan ta’minlashni niyat qilgan Umida Gulmirzayevalarning murojaati shu yerning o‘zida ko‘rib chiqildi. Hamda qisqa muddatda hal etilishiga kelishib olindi.

Murojaat va savollar barobarida uchrashuvda ishtirok etgan yoshlar tuman hokimiga o‘z takliflarini ham berishdi. Hokim va yoshlar uchrashuvi barcha yoshlarda o‘zgacha taassurot qoldirdi.

Tuman hokimligning Axborot xizmati