“MIRZO ULUG‘BЕK VORISLARI” TANLOVINING TUMAN BOSQICHI O‘TKAZILDI

Туман янгиликлари

Mamlakatimizning zukko, ilmli, ma’rifatli va intiluvchan yoshlari uchun o‘zligini namoyon etishlari uchun yana bir imkoniyat yaratildi.

“Iste’dodli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, “Ulug‘bek jamg‘armasi faoliyatiini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi hukumatimiz qaroriga muvofiq endilikda 2022 yildan boshlab, har yili “Mirzo Ulug‘bek vorislari” respublika tanlovi o‘tkaziladi.

Qarorda belgilanishicha, iste’dodli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash “Ulug‘bek” jamg‘armasi, Innovatsion rivojlanish vazirligi, Yoshlar ishlari agentligi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari hamkorligida tashkillashtirilib, ushbu tanlovda 16 yoshdan 25 yoshgacha bo‘lga yoshlar ishtirok etishi mumkin.

Iqtidorli yoshlarni kashf qilish, ularning tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash borasida amalga oshirilayotgan ishlarni yanada jadallashtirish, ularni ilmiy-texnik faoliyatga keng jalb qilish, olis hududlarda istqomat qilayotgan yigit-qizlarning bilim, ko‘nikma va malakasini oshirish, innovatsion g‘oyalarini amaliyotga tatbiq etish va hayotda o‘z o‘rinlarini topishiga ko‘maklashish maqsadida tashkil etilgan tanlovning ilk bosqichi Amudaryo tumanida shu yil 16 mart kuni bo‘lib o‘tdi.

Tuman Madaniyat saroyida bo‘lib o‘tgan tanlovda Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududiy innovatsion rivojlanish boshqarmasi, “Yoshlar kelajagimiz” jamg‘armasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi filiali boshqarmasi, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Orolbo‘yi xalqaro innovatsiya markazi, Yoshlar ishlari agentligi tuman bo‘limi mas’ullari ishtirok etib, tanlovning saralash bosqichi, ya’ni testdan muvaffaqiyatli o‘tgan 10 nafar iste’dodli yoshlarning innovatsion loyihalarini ko‘rib chiqdilar.

Ushbu tanlovni o‘tkazish yuzasidan hukumatimiz qabul qilgan qarorda tanlovning birinchi bosqichi tuman va shaharlarda fevral-mart oylarida o‘tkazilishi, unda eng yuqori natijaga erishgan 5 nafardan nomzodlar 2-bosqichiga ishtirok etish huquqini qo‘lga kiritishi belgilangan.

Shunga muvofiq tumanimiz o‘tkazilgan tanlovda 5 nafar iste’dodli yoshlar g‘olib deb topilib, keyingi bosqichga yo‘llanma berildi hamda maxsus sertifikat, bazaviy hisoblash miqdorining 5 baravari, ya’ni 1 million 350 ming so‘m pul mukofoti bilan taqdirlandilar.

Tanlov g‘oliblari endi shu yilning aprel oyida o‘tkaziladigan “Mirzo Ulug‘bek vorislari” tanlovining Qoraqalpog‘iston Respublikasi bosqichida ishtirok etib, o‘z intellektual salohiyatini sinovdan o‘tkazadilar.

Ushbu tanlovning ikkinchi bosqichi g‘oliblari bazaviy hisoblash miqdorining 10 baravari, Respublika bosqichi g‘oliblari esa 20 baravari miqdorida bir martalik pul mukofoti, diplom bilan taqdirlanadi.

Tanlovning ilk bosqichidan muvaffaqiyatli o‘tgan tumanimizning iqtidorli yoshlarining keyingi bosqichlarda ham g‘oliblikka erishishlarini tilab qolamiz.

O.RAJABOVA.