Xalq deputatlari Amudaryo tuman Kengashining 47-sessiyasi to‘g‘risida axborot

Туман янгиликлари

2022 yil 25 mart kuni Xalq deputatlari Amudaryo tuman Kengashining 47-sessiyasi bo‘lib o‘tdi. Sessiya ishida tuman Kengashi deputatlari, sektorlar rahbarlari, hokim o‘rinbosarlari, hokimlik mas’ul xodimlari, huquq-tartibot organlari, bo‘limlar, jamoat tashkilotlari rahbarlari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etishdi.

Sessiya ishini tuman hokimi, Xalq deputatlari tuman Kengashi raisi Sultonboy Yo‘ldashev ochdi va olib bordi.

Sessiya kotibligiga 28-Daryo bo‘yi saylov okrugidan deputat Akbar Rajapov saylandi.

Sessiyada dastlab Jinoyat ishlari bo‘yicha Amudaryo tuman sudining 2022 yilning o‘tgan davri mobaynida odil sudlovni amalga oshirish bo‘yicha faoliyati haqida sud raisi Jasur O‘razbayevning hisoboti tinglandi. Hisobotda joriy yilning o‘tgan davri mobaynida odil sudlovni amalga oshirish sifatini yanada yaxshilash, fuqarolar va yuridik shaxslarning buzilgan huquqlari va qonuniy manfaatlarining sud yo‘li bilan himoya qilinishi to‘laqonli ta’minlash bo‘yicha “Harakatlar dasturi” asosida amalga oshirilayotgan ishlar haqida batafsil ma’lumotlar berildi. Shuningdek, fuqarolarning huquqiy savodxonligini oshirish, aholiga har tomonlama qulay imkoniyatlar yaratish maqsadida sayyor sudlarni tashkil qilish amaliyoti haqida ham ma’lumotlar berildi.

Sessiya ishida Fuqarolik ishlari bo‘yicha tuman sudi tomonidan odil sudlovni amalga oshirish borasida 2022 yil 1 yanvardan 18 martgacha amalga oshirilgan ishlar ham muhokama qilindi. Ushbu masala yuzasidan Fuqarolik ishlari bo‘yicha tuman sudi raisi Qayrulla Atamuratovning axboroti tinglandi. Ta’kidlanganidek, hisobot davrida sud tomonidan 683 ta ish ko‘rib tamomlangan. Tamomlangan ishlarning 515 tasi bo‘yicha hal qiluv qarorlari chiqarilgan bo‘lib, shundan 488 ta ish bo‘yicha da’vo arizalar qanoatlantirilgan va 27 ta ish bo‘yicha da’vo arizalar rad etilgan. 168 ta ish bo‘yicha ajrimlar chiqarilgan bo‘lib, 3 ta ish yuritishdan tugatilgan. 165 ta ariza esa ko‘rmasdan qoldirilgan.

Sessiya kun tartibidagi navbatdagi masala – 2021 yil davomida Amudaryo tumani Bolalarni himoya qilish masalalari sho‘’basi tomonidan amalga oshirilgan ishlar xususida sho‘’ba mudiri Jahongir Xolmurodov hisobot berdi. Hisobotda tuman bo‘yicha jami aholining 74 ming 200 nafarini voyaga yetmaganlar tashkil qilishi, tuman Bolalarni himoya qilish masalalari komissiyasi huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan taqdim qilingan, voyaga yetmaganlar tomonidan sodir qilingan ma’muriy huquqbuzarliklar bo‘yicha hujjatlarni komissiyada ko‘rib chiqib, voyaga yetmagan huquqbuzarlarning ota-onalariga nisbatan tegishli tartibda jarimalar solinayotgani qayd etildi.

Cessiya kun tartibida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Meva-sabzavotchilik va uzumchilikda oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish, qishloq ho‘jaligi mahsulotlarini ishlab chiqarishida dehqon xo‘jaliklarining ulushini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosi bo‘yicha tuman hokimining qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Islambek Matkarimovning hisoboti tinglandi.

Hisobotda qayd qilinganidek, aholining daromad topishga qaratilgan tadbirkorlik tashabbuslarini moliyaviy qo‘llab-quvvatlash, aholiga agrar tarmoqda o‘z biznesini tashkil etishga ko‘maklashish, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirishda dehqon xo‘jaliklarining ulushini oshirish hamda oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash maqsadida tumanda fermer xo‘jaliklarining foydalanishidagi past hosilli paxta va g‘alla ekinlaridan qisqartirilgan   yer maydonlari  hisobidan fuqarolarga   10 sotixdan 1 gektargacha bo‘lgan o‘lchamda jami 2242 gektar ekin maydonlarini 2022-2025 yillarda bosqichma-bosqich aholiga berish rejalashtirilgan. Shundan joriy yilda jami 897 gektar  yer  maydonlari ishsiz aholiga ajratib beriladi. Hisobotda bu borada amalga oshirilayotgan ishlarning hozirgi holati va kelgusidagi rejalar haqida batafsil ma’lumotlar berildi.

Shundan so‘ng Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Prezidiumining 2021 yil 22 dekabrdagi 555-sonli qarorning ijrosi bo‘yicha tuman Davlat soliq inspeksiyasi boshlig‘i Aydos Seitovning hisoboti tinglandi. Deputatlar tumanda qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yerlar uchun yagona miqdorlarda belgilangan bazaviy soliq stavkalariga kamaytiruvchi koeffitsiyentlarni qo‘llash masalasini bir ovozdan ma’qulladilar.

 Bundan tashqari sessiyada joriy yilning may oyida o‘tkaziladigan fuqarolar yig‘inlari raislari sayloviga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish, xususan, saylovni o‘tkazishga ko‘maklashuvchi tuman komissiyasini tuzish masalasi hamda Kengash vakolatiga kiruvchi boshqa masalalar ham ko‘rib chiqildi.

Kun tartibidagi barcha masalalar yuzasidan Xalq deputatlari tuman Kengashining tegishli qarorlari qabul qilindi. Shuning bilan sessiya o‘z ishini yakunladi.

Tuman hokimligining Axborot xizmati