Daryobo‘yi mahallasida “Hokim va yoshlar uchrashuvi” bo‘lib o‘tdi

Туман янгиликлари

26 mart kuni Amudaryo tumani Daryobo‘yi mahallasi hududidagi 21-sonli Bolalar musiqa va san’at maktabining majlislar zalida “Hokim va yoshlar uchrashuvi” bo‘lib o‘tdi.

Uchrashuvda tuman hokimi Sultonboy Yo‘ldashev, hokim o‘rinbosari Mahmud Shermetov, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Amudaryo tumanidagi Xalq qabulxonasi mudiri Erkin Rajabov, hududda yashovchi 28 nafar faol yoshlar hamda tumanimizda faoliyat yuritayotgan mutasaddi tashkilot vakillari ishtirok etishdi.

Uchrashuv davomida tuman hokimi Sultonboy Yo‘ldashev tarixan qisqa davrda O‘zbekiston yoshlari erishgan muvaffaqiyat va yutuqlar zamirida davlatimiz tomonidan ko‘rsatilayotgan katta g‘amxo‘rlik va yuksak e’tibor mujassam ekanligini ta’kidladi.

Qayd etilganidek, bugun mamlakatimizda yoshlarni har jihatdan barkamol qilib tarbiyalash, ularning salomatligini mustahkamlash, qobiliyatlarini ro‘yobga chiqarish va bandligini ta’minlashga ko‘maklashish, bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazish, barcha sohalarda olib borilayotgan islohotlar jarayonidagi ishtirokini kengaytirish masalasiga davlat siyosati darajasida e’tibor qaratilmoqda.

Ayniqsa, yuksak ma’naviyatli, mustaqil fikrlovchi, qat’iy pozitsiyasi, keng dunyoqarash va chuqur bilimlarga ega bo‘lgan vatanparvar yoshlarni tarbiyalash, ularda turli mafkuraviy tahdidlarga qarshi immunitetni shakllantirish, sportga jalb qilish orqali ular orasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish borasida hayotga tatbiq etilayotgan islohotlar o‘z samarasini bermoqda.

 Uchrashuvda tuman Xalq qabulxonasi mudiri Erkin Rajabov tomonidan Aholi muammolari bilan ishlash jarayonida yoshlar murojaatlariga alohida e’tibor qaratilayotganligi ta’kidlab o‘tildi.

 Shuningdek, murojaatlar tahliliga ko‘ra, yoshlarni asosan bandlik, o‘qishga kirish, o‘qishni ko‘chirish, qayta tiklash, yer maydoni ajratish, kredit olish kabi masalalar o‘ylantirayotganligi aytib o‘tildi.

Shundan so‘ng, yoshlar tuman hokimiga taklif va muammolari bilan murojaat qilishdi.

Yoshlardan, Oybek Qurbonboyev o‘z tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yishda elektr payvandlash uskunasini, Malika Raximova esa tikuv mashinasini subsidiya asosida olish niyatlari borligini bildirib, amaliy yordam so‘rab murojaat qilishdi.

Murojaatlar shu yerning o‘zida tegishli tashkilot mas’ullariga topshiriq sifatida berilib, ijrosi nazoratga olinishi belgilab qo‘yildi.

Ochiq va samimiy ruhda o‘tgan uchrashuvda yoshlarga taalluqli barcha dolzarb masalalar muhokama qilindi. Shu bilan birga yoshlar o‘zlarini qiziqtirgan masalalar, g‘oya va tashabbuslarini tuman hokimiga tug‘ridan-to‘g‘ri murojaat qilib yetkazishdi.

Uchrashuv Daryobo‘yi mahallasi yoshlari dilida o‘zgacha taassurot qoldirdi.

Tuman hokimligining Axborot xizmati