“Yashil makon” loyihasi doirasida ko‘kalamzorlashtirish ishlari qizg‘in davom etmoqda

Туман янгиликлари

Ma’lumki, muhtaram Prezidentimizning tashabbuslari bilan butun mamlakatimiz bo‘ylab “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida keng ko‘lamli obodonlashtirish va ko‘chat ekish ishlari amalga oshirilmoqda. Loyihani samarali amalga oshirish uchun shu yilning 25 martidan 5 may sanasiga qadar ko‘chat ekish bo‘yicha “Dolzarb 40 kunlik” e’lon qilindi.

Ushbu tadbirdan ko‘zlangan asosiy maqsad − joriy bahorgi mavsumda Respublikamiz bo‘ylab 125 mln. dona manzarali, mevali daraxt va buta ko‘chatlarini ekish, yashil maydonlarni kengaytirish bo‘yicha belgilangan rejalarni o‘z vaqtida va sifatli amalga oshirishdir.

Shu maqsadda Amudaryo tumanining barcha hududlarida “Yashil makon” loyihasi doirasida obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish ishlari uyushqoqlik bilan amalga oshirilmoqda.

29 mart kuni tuman hokimi Sultonboy Yo‘ldashev, hokim o‘rinbosarlari hamda mutasaddi tashkilot rahbarlari ushbu hayrli ishga o‘z hissalarini qo‘shish maqsadida Do‘stlik mahallasi hududidagi yashil maydonga mevali va manzarali daraxt ko‘chatlarini o‘tqazishdi.

Ma’lumot uchun aytib o‘tish kerakki, mazkur loyiha doirasida ariq-zovurlarni tozalash, daraxtlarga shakl berish va obodonlashtirish ishlari bilan birga, tumanimiz bo‘ylab bahor mavsumida 724 ming tupdan ziyod virgin archasi, sharq tuyasi, yapon soforasi, katalpa, shumtol, qayrag‘och, jiyda, tut, zarang, akatsiya, terak, suriya atirguli, uzum qalamchalari, yong‘oq va shu kabi manzarali va mevali daraxt ko‘chatlarini ekish rejalashtirilgan.

Daraxtlar hududning iqlim sharoitidan kelib chiqib, bog‘lar hosil qilish va ko‘kalamzorlashtirishni nazarda tutgan holda tanlab olindi. Ekish ishlari yakunlanganidan keyin ko‘chatlar agrotexnik talablar asosida parvarish qilinadi, mineral va organik o‘g‘itlar bilan oziqlantirilib, zararkunandalardan himoya qilish choralari ko‘riladi.

Turli xildagi daraxt ko‘chatlari ekilishi tumanimiz tabiatining sofligi va tozaligiga qolaversa, iqlim barqarorligiga katta qo‘shadi.

Muhtaram Prezidentimiz ta’kidlaganidek, “Yashil makon” loyihasi− bu bir yillik tadbir emas. Yashab turgan joyimizni ozoda saqlab, tabiatga qanchalik ko‘p mehr va e’tibor bersak, kelajak avlod ham munosib ekologik sharoitda yashaydi. Buning uchun bizdan talab qilinadigan birgina narsa –tabiatni toza saqlagan holda yer va suv resurslarini, ekologik tizimni asrash hamda daraxt ko‘chatlarini ekib, bog‘ yaratishdir.

Darhaqiqat, o‘tgan 2021 yil davomida ekilgan nihollar bugun bo‘y ko‘rsatib, ko‘zni quvontirmoqda. Galdagi vazifa ushbu ko‘kalamzorlashtirish ishlarini samarali tarzda davom qildirishdir.

Amalga oshirilayotgan bu kabi ezgu ishlar ona tabiatni asrashga, shu bilan birga xalqimizning asrlar osha saqlanib kelayotgan milliy qadriyatlarini yoshlarimiz qalbiga yanada chuqur singdirishga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir.

Shunday ekan, “Yashil makon” loyihasi doirasidagi ko‘kalamzorlashtirish va obodonlashtirish ishlarida barchamiz faol qatnashib, yashil maydonlar ko‘payishiga o‘z hissamizni qo‘shaylik!

Tuman hokimligining Axborot xizmati