TOMORQA YERLARDAN SAMARALI FOYDALANISHGA OID SЕMINAR BO‘LIB O‘TDI

Туман янгиликлари

Mamlakatimiz aholisining ko‘pchilik qismi qishloq joylarda istiqomat qilgani bois, ularning turmush farovonligi qishloq xo‘jaligi tarmog‘i bilan bog‘liq. Bugungi kunda agrar tizim aholiga oziq-ovqat mahsulotlari yetishtiruvchigina emas, balki yangi ish o‘rinlari yaratish va aholi bandligini ta’minlashda ham muhim sohaga aylandi. Shu boisdan ham qishloq joylrida aholiga ekin maydonlarini ajratish, tomorqa yerlaridan samarali foydalanishini ta’minlashga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Shunisi e’tiborliki, Amudaryo tumani bo‘yicha hududlarda aholi tomorqa yerlarini shudgorlash, zarur urug‘lik va ko‘chat yetkazib berish, xonadonlarga ixcham issiqxona qurib berish, shuningdek oilalarda  daromad manbalarini ko‘paytirish maqsadida echki, qo‘y, parranda, asalari uyalari, quyon yetkazib berish kabi xizmatlarni amalga oshiradigan 12 ta “Tomorqa xizmati” mas’uliyati cheklangan jamiyatlari faoliyati yo‘lga qo‘yilgan.

Tomorqa yer egalariga amaliy yordam ko‘rsatish maqsadida to‘qsonbosti usulida ekinlarni ekish yuzasidan shu kungacha ovul va mahallalarda 41 ta seminarlar tashkil etilib, ularda 1500 nafardan ortiq usta dehqonlar, ovul va mahalla fuqarolar yig‘inlari raislari, tomorqa yer egalari ishtirok  etdilar. Buningdek sa’y-harakatlar natijasida hududiy dasturga asosan aholi tomorqalariga ekilishi belgilangan 1484 gektar o‘ringa 1632 gektar tomorqa yerlarga to‘qsonbosti usulida ekinlar ekilgan.

26 mart kuni Qilichboy ovulidagi namunali tomorqa yer egalaridan biri,  “Mehnatkash dehqon” ko‘krak nishoni sohibi Baxtiyor Mangliyev xonadonida O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari Kengashi bo‘lim boshlig‘i Umirzoq Rahmatov ishtirokida tomorqachilik tajribalarini ommalashtirish, Baxtiyor  Mangliyev ish uslubini barcha mahallalar ovullardagi aholi tomorqalarida yo‘lga qo‘yish maqsadida seminar o‘tkazildi.

Tadbirga sektor rahbari, qishloq xo‘jaligi mas’ullari, ovul va mahallalar fuqarolar yig‘inlari raislari, hududlardagi hokim yordamchilari, tomorqa yer egalari ishtirok etdilar. Yig‘ilganlarga O‘zbekiston  fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari Kengashi bo‘lim boshlig‘i Umrzoq Rahimov, tuman  fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari Kengashi raisi Ilhom Polvonovlar tomorqadan unumli foydalanish yuzasidan ma’ruza qildilar. Keyin Baxtiyor Mangliyevning 4 sotixlik issiqxonasi ko‘zdan kechirildi va barcha bu yerda amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishtirildi, erishilayotgan natijalar haqida batafsil ma’lumotlar berildi.

Baxtiyor Mangliyev issiqxonada dehqonchilik qilish bo‘yicha ulkan tajriba to‘plagan tomorqachidir. O‘tgan yilning kuzida u 4 sotixlik issiqxonasining 2 sotix joyiga piyoz, 1 sotix joyiga rediska, 1 sotixiga turli ko‘katlar ekkan edi. Oila a’zolari bilan hamjihatlikda ekinlarni yaxshi parvarish qilgani bois, qish bo‘yi bozorga ko‘katlar, ko‘k piyoz sotib, yozdagiday daromad olib keldi. Hozirgi kunda rediskalari ham sotishga yarab qoldi va kundalik daromadi yana ham ko‘paydi. Natijada oila farovon, dasturxoni to‘kin. Demak, astoydil mehnat qilinsa, yaxshi ishlab, yaxshi yashashga ishtiyoq bo‘lsa, 4 sotixgina yer ham ulkan daromad manbai bo‘lar ekan.

Albatta, buningdek tajribalarni ommalashtirish tumanimizda tomorqa yerlardan samarali foydalanish, qishloq aholisining bandligini ta’minlash va  doimiy daromadga ega bo‘lishlariga erishishda, kambag‘allikni qisqartirishda kelgusida o‘zining ijobiy natijalarini beradi.

Hozirgi davrda tumanimizda 39 ming 406 nafar tomorqa yer egalari ixtiyorida  6652 gektar ekin maydoni mavjud. Bu maydonlardan samarali foydalanilishiga erishish maqsadida tajribali tomorqachilar Oq oltin ovulidan Yangiboy Qurbonboyev, Bobur ovulidan Abdurahmon Matsapoyev, Choyko‘l ovulidan Mahmudjon Norboyev, Qoramon mahallasidan Otaxon O‘tamurodovlarning yil davomida tomorqadan daromad olish tajribalari yuzasidan targ‘ibotlar olib borilmoqda. Baxtiyor Mangliyev xonadonida o‘tkazilgan seminar ham aynan tomorqadan yil davomida mahsulot yetishtirish va daromad olishni ommalashtirishga xizmat qiladi.

Seminar barcha ishtirokchilarda ulkan taassurotlar qoldirdi. Mas’ullar ishtirokchilarni qiziqtirgan savollarga batafsil javoblar berdilar.

Oygul RAJABOVA.