TUMAN MUDOFAA ISHLARI BO‘LIMI MAS’ULLARI ТOMONIDAN O‘QUVCHI-YOSHLAR UCHUN YIG‘ILISH O‘TKAZILDI

Туман янгиликлари

Yoshlarni harbiy vatanparvarlik ruhida tarbiyalash – bu millati, tili va kasbidan qat’iy nazar, yoshlarda Vatanga sadoqat tuyg‘usini shakllantirish, ularni o‘z fuqarolik burchi va konstitutsion majburiyatlarini bajarishga, jamiyat va davlat manfaatlarini himoya qilishga qodir shaxslar qilib tarbiyalashga yo‘naltirilgan faoliyatdir.

Bugungi kunda mamlakatimizda faoliyat yuritayotgan umumiy ta’lim maktablarida yoshlarni chaqiriqqa qadar boshlang‘ich tayyorgarlik fani yoshlarni Vatan himoyasi uchun munosib xizmat qilishga ruhan va jismonan tayyorlashga yo‘naltirilgan, shuningdek, milliy armiyamiz saflarida xizmat qilish uchun jismonan baquvvat, ma’nan yetuk yoshlar zarurligi, harbiy xizmatning ahamiyati, Qurolli Kuchlarda olib borilayotgan islohotlar haqida ular batafsil xabardor qilib boriladi.

28 mart kuni Amudaryo tumanidagi 16-sonli maktabda ushbu muassasa yoshlarni chaqiruvga qadar boshlang‘ich tayyorgarlik fani o‘qituvchisi Akmal Saidov va tuman Mudofaa ishlari bo‘limi mas’ullari hamkorligida harbiy vatanparvarlik tarbiyasiga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Tadbirda Mang‘it shahrida faoliyat yuritayotgan maktablarning 9- va 11-sinflari bitiruvchilari ishtirok etdilar.

Yig‘ilishda tuman Mudofaa ishlari bo‘limi boshlig‘i, podpolkovnik Sherzod Murodov, yoshlarni harbiy xizmatga tayyorlash bo‘linmasi boshlig‘i Roman Ro‘zmetovlar so‘zga chiqib, ishtirokchilarga keng turda tushunchalar berdi. Ta’kidlanganidek, mamlakatimizda o‘smirlarni harbiy – vatanparvarlik ruhida tarbiyalash hamda O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari va davlat xizmati uchun kadrlash zahirasini tayyorlash tizimini takomillashtirish bo‘yicha qator amaliy ishlar qilinmoqda. Shu maqsadda qabul qilingan Prezident qaroriga ko‘ra Mudofaa, Ichki ishlar, Favqulodda vaziyatlar vazirliklari, davlat xavfsizlik xizmati, milliy gvardiya tarkibida “Temurbeklar maktabi” harbiy-akademik litseylari tashkil etildi. Ushbu litseylarga umumta’lim maktablarining 9-sinfini a’lo baholarga tamomlagan, sog‘lig‘ining holatiga ko‘ra o‘qishga yaroqli deb topilgan hamda saralash tanlovidan muvaffaqiyatli o‘tgan o‘smir o‘g‘il bolalar qabul qilinadi. “Temurbeklar maktabi” harbiy-akademik litseylarida o‘qish davomiyligi ikki yil ekanligi, bitiruvchilarga mazkur sohalarda ishlash yo o‘qishni davom ettirish uchun yaratilgan imkoniyatlar haqida batafsil ma’lumot berdilar.

Harbiy xizmat – har bir yigitning muqaddas burchidir. Yurtimizda harbiy xizmatga borishni, oliy harbiy bilim yurtlarida tahsil olib, yetuk harbiy mutaxassis bo‘lib, Qurolli Kuchlarimiz safida xizmat qilishni, yurtimiz tinchlik-osoyishtaligiga hissa qo‘shishni orzu qiladigan yigitlar ko‘pchilikni tashkil etadi.

Maktabda o‘tkazilgan tadbirda o‘quvchilarga yurtimizdagi mavjud harbiy oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirish shartlari keng tushuntirildi.

Tadbir so‘ngida yoshlarni chaqiriqqa qadar boshlang‘ich tayyorlash fani o‘qituvchisi Akmal Saidov so‘zga chiqib, o‘z faoliyatida o‘quvchi-yoshlarni bilimli, kuchli, yurt koriga yaraydigan vatanparvar qilib voyaga yetkazish maqsadida amalga oshirayotgan ishlari, erishayotgan yutuqlari haqida ma’lumot berdi. Uchrashuv tashkilotchilari o‘quvchilarni “Temurbeklar maktabi”da, harbiy oliy ta’lim muassasalarida o‘qishga, iqtidorli harbiy mutaxassislar bo‘lib yetishib, vatanimiz ravnaqiga, osoyishtaligiga munosib hissa qo‘shishga chaqirdi.

Tadbir o‘quvchilarda ulkan taassurotlar qoldirdi.

O.RAJABOVA.