“Yashil makon” loyihasi doirasida sektorlar rahbarlari daraxt ko‘chatlarini o‘tqazdi

Туман янгиликлари

Inson uchun yashab turgan maskanini yashillikka burkashdan ulug‘ ish yo‘q. Xalqimizda ko‘chat ekkan, bog‘ yaratgan insonlarni qadrlashgani, hurmatini joyiga qo‘yishgani ham bunga aniq misol bo‘la oladi. Binobarin, ekilgan har bir ko‘chat zamirida bozorlarimiz to‘kinchiligi, qurilish materiallari sanoati, yerni erroziyadan saqlash, o‘zimiz nafas olayotgan kislorodni ishlab chiqarish va yurtga chiroy hamda fusunkorlik kasb etishi bilan muhim ahamiyatga ega.

Ushbu maqsad va vazifalardan kelib chiqqan holda, Muhtaram Prezidentimiz tashabbuslari bilan 25 martdan 5 maygacha ko‘chat ekish bo‘yicha “Dolzarb 40 kunlik” e’lon qilindi.

Respublikamizning barcha hududlari singari “Yashil makon” loyihasi doirasidagi tadbirlar Amudaryo tumanida ham uyushqoqlik bilan o‘tkazilmoqda. Mazkur loyiha doirasida daraxtlarni ekish, parvarishlash va ko‘kalamzorlashtirish ishlari hamda mahallalardagi ko‘p-qavatli uylar atrofi, markaziy ko‘chalarda, qishloqlarda obodonlashtirish ishlari olib borilmoqda.

30 mart kuni Amudaryo tumani prokurori Aziz Ro‘zmetov, Ichki ishlar bo‘limi boshlig‘i Ulug‘bek Xudoyberganov, Davlat soliq inspeksiyasi boshlig‘i Aydos Seitov, Xalq ta’limi bo‘limi boshlig‘i Akmal Ismailov, Majburiy ijro byurosi tuman bo‘limi va boshqa qator tashkilotlar mutasaddilari tuman obodonlashtirish bo‘limi hamda Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish bo‘limi xodimlari ishtirokida Farovon mahallasi hududida joylashgan 87-sonli maktab oldida tashkil qilinayotgan yashil hududga mevali va manzarali daraxt ko‘chatlarini ekdilar.

Aytish kerakki, sektor rahbarlari tomonidan ushbu hayrli ishga hissa qo‘shilishi yosh avlodga har tomonlama o‘rnak va namuna bo‘ldi.

“Yashil makon” loyihasining tadbiq etilishi faqatgina atrof-muhitni ko‘kalamzorlashtirish uchun emas balki, xalqimizning azaliy qadriyatlarini yoshlar qalbiga chuqur singdirishi bilan ham ahamiyatlidir.

 Muhtaram Prezidentimiz ta’kidlaganidek, “Yashil makon” umummilliy loyihasi bir yillik tadbir emas. Uning doirasida kelgusi besh yilda 1 milliard tup daraxt ko‘chatini ekilishi maqsad qilingan. Bu umummilliy harakatning natijasi har bir mahallada ko‘rinishi hamda har bir yurtdoshimiz bu savobli ishga o‘zining munosib hissasini qo‘shishi kerak.

Qolaversa, atrof-muhitni obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish faqatgina Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish qo‘mitasi xodimlarining vazifasi emas. Shunday ekan, keling har birimiz o‘zimiz yashab turgan hovli, ko‘cha va mahalladagi yo‘l bo‘ylariga, o‘zimiz mehnat qilayotgan korxona yoki tashkilot hududiga ko‘chat ekib, yon-atrofimizni yashil makonga aylantirishga hissa qo‘shaylik. Ko‘chat ekish bo‘yicha “Dolzarb 40 kunlik” davrida faollik ko‘rsatib, “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasidagi tadbirlarda uyushqoqlik bilan ishtirok etaylik. Zero, bizdan kelgusi avlodga faqatgina obod go‘shalar meros bo‘lib qolsin!

Tuman hokimligining Axborot xizmati