“QON TOPSHIR – HAYOT IN’OM ET!” AKSIYASI DAVOM ETMOQDA

Туман янгиликлари

Ma’lumki, pandemiya sababli joriy etilgan karantin cheklovlari barcha sohalar qatori Sog‘likni saqlash tizimida ham jiddiy muammolarni yuzaga keltirdi. Ayniqsa, turli qon guruhlariga bo‘lgan talab oshib, tizimda yetarli qon zahirasini shakllantirishda qiyinchiliklar paydo bo‘ldi. Biroq hamisha mehr-oqibatli va elparvar xalqimizning beg‘araz himmati tufayli, shuningdek, turli davlat va jamoat tashkilotlari tashabbusi bilan tashkil etilayotgan beg‘araz donorlik aksiyalari samarasi bois mamlakatimizdagi barcha sog‘likni saqlash muassasalarida qon zahirasiga bo‘lgan ehtiyoj qondirilishi uchun zamin yaratildi.

O‘zbekiston Respublikasi Sog‘likni saqlash Vazirligi tashabbusi bilan bolalar va katta yoshdagi bemorlar uchun beg‘araz yordam sifatida tashkil etilgan “Qon topshir – hayot in’om et!” aksiyasida ayni paytda yuzlab vatandoshlarimiz faol ishtirok etishib, hayotga mushtoq, xastadil insonlar qalbiga madad bo‘lishmoqda.

Joriy yilning 29 mart sanasida “Qon topshir – hayot in’om et!” aksiyasida Amudaryo tuman Tibbiyot birlashmasining 10 nafar ko‘ngilli shifokor va o‘rta tibbiyot xodimlari ham ishtirok etishib, ushbu xayrli va savobli ishga munosib hissalarini qo‘shdilar.

Shuni alohida qayd etish kerakki, “Qizil yarim oy” jamiyati tomonidan tuman aholisi orasida jarrohlik amaliyotlari, gematologik xastaliklarda bemorlarga donor qoni tarkibiy qismlaridan foydalanish, donorlikni targ‘ib qilish borasida o‘tkazilgan “Qon topshirish – insonning insonga hadya etgan oliy darajadagi sovg‘asidir”, “Hayot hadya etish – savob ishning eng oliy ifodasi” kabi mavzularda o‘tkazilgan targ‘ibot tadbirlari natijasida uyushmagan aholi vakillaridan 34 nafari ko‘ngilli ravishda donor bo‘ldilar. Ularning himmati bilan tuman bo‘yicha jami salkam 20 litr qon zaxirasi yaratildi.

Amudaryo tuman Tibbiyot birlashmasi huzuridagi Qon banki tomonidan bir yil davomida bemorlar uchun o‘rtacha 100 litrdan ortiq qon yig‘iladi. Shu bois, Amudaryo tuman tibbiyot birlashmasi bo‘limlarida qon zahirasi bilan bog‘liq muammolar bo‘lmaydi. Qolaversa, donorlikning ahamiyati beqiyos. O‘zini sog‘lom deb bilgan, irqi, kasbi, jinsidan qat’iy nazar har bir inson qon va uning komponentlari uchun donor bo‘la oladi.

Inson organizmi shunday mo‘’jizaki, qon topshirish uning umumiy salomatligi uchun nihoyatda foydalidir. Donorlik – inson organizmiga yangilanishni, yosharishni hadya etadi.

Shunday ekan, biz yurtdoshlarimizni “Qon topshir – hayot in’om et!” aksiyasida faol ishtirok etishga, ushbu savobli ishi tufayli hayot uchun kurashayotgan xastadil insonlar qalbiga mador bo‘lishga chaqiramiz.

Qon topshiring va xasta ko‘ngillarga go‘zal hayotdan bahra olib yashashlari uchun imkon yarating!

I.Nurimbetov, Qizil yarim oy jamiyati Amudaryo tuman bo‘limi ijrochi direktori.

Rayhon Xo‘jametova, Respublika qon quyish markazi shifokori.