MA’MURIY NAZORAT O‘RNATISHGA DOIR SUD MAJLISI O‘TKAZILDI

Туман янгиликлари

Ma’muriy nazorat – nazorat ostidagi shaxslarga sud tomonidan belgilanadigan ma’muriy cheklovlarni qo‘llashdan iborat tarbiyaviy-profilaktik ta’sir ko‘rsatish choralaridir. Sud tomonidan belgilangan muddat mobaynida ma’muriy nazorat o‘rnatilgan shaxs o‘z hududidagi ichki ishlar organlarining muntazam nazoratida bo‘ladi.

Yaqinda Amudaryo tumani Ichki ishlar bo‘limining majlislar zalida Jinoyat ishlari bo‘yicha tuman sudi tomonidan Ichki ishlar bo‘limining huquqbuzarliklar profilaktikasi bo‘limida hisobda turgan muqaddam sudlangan fuqarolarga nisbatan ma’muriy nazorat o‘rnatish to‘g‘risidagi taqdimnomalariga asosan ish materiallari ko‘rib chiqildi. Unda Jinoyat ishlari bo‘yicha tuman sudi raisi Jasur O‘razboyev, sudya yordamchisi Elyor Jumaniyozov, tuman Ichki ishlar bo‘limi mas’ullari va profilaktika inspektorlari, voyaga yetmaganlar masalalari bo‘yicha inspektor-psixologlar ishtirok etdilar.

Dastlab mas’ullar “Jazoni ijro etish muassasalaridan ozod etilgan ayrim toifadagi shaxslar ustidan ma’muriy nazorat o‘rnatish tug‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni va unda belgilangan talablar, maqsadi kabilar to‘g‘risida tushunchalar berishdi. Qonunga muvofiq, ma’muriy nazorat voyaga yetgan shaxslarga sud tomonidan o‘rnatilishi, ya’ni o‘ta xavfli retsidivistlar, og‘ir yoki o‘ta og‘ir jinoyatlar sodir etganlik uchun ozodlikdan mahrum qilingan shaxslar, shu jumladan boshqa davlatlarda ozodlikdan mahrum qilinganlar, qasddan qilingan jinoyatlari uchun ikki yoki undan ortiq ozodlikdan mahrum qilinganlarga nisbatan qo‘llanilishini bayon etdilar.

Undan tashqari, tumanda jinoyatchilik va huquqbuzarlikning oldini olishda tegishli davlat organlari va tashkilotlar bilan xamkorlikda profilaktik va targ‘ibot ishlari olib borilayotgani xususida so‘z yuritdilar. Shuningdek, hududlarda voyaga yetmaganlar va yoshlar o‘rtasida jinoyatchilik, huquqbuzarliklarning oldini olish maqsadida tuman Ichki ishlar bo‘limining Huquqbuzarliklar profilaktikasi bo‘linmasi, voyaga yetmaganlar masalalari bo‘yicha inpektor-psixologlari tomonidan targ‘ibot-tashviqot ishlari olib borilayotgani ta’kidlab o‘tdilar.

 Bo‘lib o‘tgan sud majlisida mazkur Qonunning talabidan kelib chiqib, muqaddam og‘ir jinoyat sodir qilganligi uchun jazo muddatini o‘tab kelgan 1 nafar shaxs ustidan ma’muriy nazorat o‘rnatildi. Ushbu fuqaroning kelgusida turmush tarzi va xulq atvorini nazorat qilish, qayta jinoyat yoki huquqbuzarliklar sodir qilishiga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida kunning belgilangan vaqti davomida yashash uyidan chiqish, spirtli ichimliklar qo‘yib sotiladigan joylar, ya’ni kafe va shu kabi boshqa ovqatlanish joylarida bo‘lish, ichki ishlar bo‘limining ruxsatisiz hududdan chiqib ketish, alkogolli ichimliklar iste’mol qilmaslik kabi cheklovlar o‘rnatildi. Shuningdek, unga ma’muriy nazoratdan bo‘yin tovlash maqsadida hududdan o‘zboshimchalik bilan chiqib ketsa, o‘rnatilgan cheklovlarni buzsa qayta javobgarlikka tortilishi tushuntirildi.

Sud majlisi davomida tumandagi mahallalardan birida yashovchi yana bir fuqaroning bezorilik qilib, ko‘chada yurish-turish qoidalarini buzganligiga doir ish ham ko‘rildi. Ushbu fuqaro O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 183-moddasida ko‘rsatilgan huquqbuzarlikni sodir qilganlikda ayblandi va unga nisbatan 15 kunlik ma’muriy qamoq jazosi berildi.

O.Qosimov, tuman IIB HPB boshlig‘i.