O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining 24-yalpi majlisida qabul qilingan qonun hujjatlari mazmun-mohiyatiga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi

Туман янгиликлари

Ma’lumki, joriy yil 17-19 mart kunlari Toshkent shahrida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining yigirma to‘rtinchi yalpi majlisi bo‘lib o‘tgan edi. Yalpi majlisda 18 ta masala, shu jumladan 9 ta qonun ko‘rib chiqilib, senatorlar tomonidan qizg‘in muhokama qilindi.

30 mart kuni Amudaryo tumani hokimligining majlislar zalida Senatning yalpi majlisida ko‘rib chiqilgan masalalarning mazmun-mohiyatini tushuntirish va jamoatchilik nazoratini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.

Yig‘ilishda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Orolbo‘yi mintaqasini rivojlantirish masalalari qo‘mitasi raisi o‘rinbosari, senator Botir Matmuratov, tuman hokimi, Xalq deputatlari Amudaryo tuman Kengashi raisi Sultonboy Yo‘ldashev, shuningdek, tumandan saylangan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi deputatlari, Xalq deputatlari tuman Kengashi deputatlari, sektor rahbarlari, hokim o‘rinbosarlari hamda tegishli korxona va tashkilotlar rahbarlari, ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etishdi.

Dastlab Senator Botir Matmuratov yalpi majlis davomida ko‘rib chiqilgan maslalar yuzasidan ma’ruza qildi.

Shundan so‘ng “Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish tizimini yanada takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonunning mazmun-mohiyati yuzasidan Amudaryo tumani Jinoyat ishlari bo‘yicha sudi raisi Jasur O‘razboyevning maruzasi tinglandi.

Qayd qilinganidek, ushbu qonunga muvofiq 3 ta Kodeks hamda 4 ta Qonunga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilgan bo‘lib, buning natijasida ijro tartib-taomillari yanada soddalashtiriladi hamda sud va boshqa organlar hujjatlarining so‘zsiz va o‘z vaqtida ijro etilishi ta’minlanadi.

 “Reklama to‘g‘risida”gi, “O‘zbekiston Respublikasining Fuqarolik kodeksiga qiynoqqa solishdan jabrlanganlarga yetkazilgan zararni qoplash tartibini takomillashtirishga qaratilgan qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi va “Kiberxavfsizlik to‘g‘risida”gi Qonunlarning mazmun-mohiyati haqida Amudaryo tumani Adliya bo‘limi boshlig‘i Mo‘’minjon Matyusupov tomonidan batafsil tushuntirish berildi.

Shuningdek, yig‘ilishda “O‘zbekiston Respublikasining Mehnat kodeksini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qonun loyihasi bilan tuman Aholi bandligiga ko‘maklashish markazi mas’ul xodimi tanishtirib o‘tdi. Ta’kidlanganidek, 1995 yilda qabul qilingan amaldagi Mehnat kodeksi tahriri zamonaviy voqelikka mos kelmasligi sababli xorijiy davlatlar tajribasini o‘rgangan holda yangidan tahrirda ishlab chiqilgan.

Bundan tashqari, yig‘ilishda “Organik mahsulotlar to‘g‘risigi” Qonun loyihasining mazmun-mohiyati bilan tuman Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi markazi boshlig‘i Gulmurot Bekiyev tanishtirib o‘tdi. Qayd etilganidek, hujjat organik mahsulotlarga doir barcha munosabatlarni tartibga solishga qaratilgan.

Yig‘ilishda “Nobank kredit tashkilotlari va mikromoliyalashtirish faoliyati to‘g‘risida”gi, hamda “Korporativ boshqaruv tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonunlar loyihalari bo‘yicha ham so‘z yuritildi.

Yig‘ilish yakunida deputatlar va yig‘ilish ishtirokchilari o‘zlarini qiziqtirgan masalalar bilan cenatorga murojaat qilishib, atroflicha javoblar oldilar.

Yig‘ilishdan so‘ng senator Botir Matmuratov tuman hokimi Sultonboy Yo‘ldashev va sektor rahbarlari hamrohligida “Yashil makon” loyihasi doirasida “Do‘stlik” mahallasi hududidagi 2-sonli kasb-hunar maktabi oldida barpo etilayotgan yashil maydonga borib, mevali va manzarali daraxt ko‘chatlarini o‘tqazishdi.

Senator tomonidan tumanimiz bo‘ylab davom etayotgan ko‘chat ekish bo‘yicha “Dolzarb 40 kunlik” uyushqoqlik bilan amalga oshirilayotganligi e’tirof etildi.

Tuman hokimligining Axborot xizmati