TURKMAN GILAMLARINI XARID QILING VA O‘Z XONADONINGIZGA KO‘RK BAG‘ISHLANG!

Туман янгиликлари

Qayerda deysizmi, Turkmanistonga bormasdan tumanimizning o‘zidayoq sizga shunday imkoniyat yaratamiz. Siz xohlagan o‘lchamdagi asl, nafis turkman gilam va paloslarini sotib olishingiz yoki ularga buyurtma berishingiz mumkin.

Tumandagi Amir Temur nomli ovul hududidagi Mehnatkash aholi punktida asosan turkman millatiga mansub aholi istiqomat qiladi. Hudud aholisi asosan dehqonchilik bilan shug‘ullanadi.

Aytish joizki, qariyb yigirma yildan buyon ushbu hududdagi aholi shug‘ullanadigan qadimiy va milliy hunarmandchilik turlaridan biri bo‘lgan turkman gilamdo‘zligi to‘xtab qolgan edi. Ushbu faoliyat bugunga kelib, tuman prokuraturasi tashabbusi va boshqa mas’ullarning jonbozligi tufayli qayta yo‘lga qo‘yildi.

Mehnatkash aholi punktida yashovchi ishsiz aholining bandligi ta’minlanishiga ko‘maklashish maqsadida tuman prokuraturasi tomonidan 5 ta xonadonga to‘qish stanogini o‘rnatib berilib, gilam to‘qish uchun zarur bo‘lgan mahsulotlar va boshqa to‘qish uskunalari bilan ta’minlandi. O‘tgan yilning bahor oylarida faoliyat boshlagan gilamdo‘zlik sexlarida ayni paytda biri-biridan chiroyli gilam va paloslar to‘qilib, xaridorlarga yetkazib berilmoqda.

Qadimdan ma’lumki, qardoshlarimizning an’anaviy gilamdo‘zligi qo‘l mehnatiga asoslanadi. Gilamlarda rang-barang naqshlar, manzaralar, ushbu xalq milliy qadriyatlari, an’analari, mahalliy hayvonot va nabotot olami tasvirlanadi. Ushbu kasb asrlardan asrlarga, avlodlardan avlodlarga o‘tib kelayotgani uchun ham juda qadrlanadi. Shu sababli turkman gilamdo‘zligi insoniyat nomoddiy madaniy boyligining Reprezentativ ro‘yxatiga kiritilgan.

Aziz yurtdoshlar, biz bilan bir hududda yashab kelayotgan qardoshlarimiz qo‘l mehnati bilan yaratilgan, biri-biridan chiroyli, qadimiy va zamonaviy andozalardagi naqshlar uyg‘unlashgan, fusunkor va bejirim turkmaniy gilamlar, paloslarni siz ham xarid qilishingiz mumkin.

Agarda xonadoningizni asl gilamlar bilan bezab, ko‘rkiga ko‘rk qo‘shmoqchi bo‘lsangiz, tumanimizdagi Amir Temur nomli ovul hududidagi Ayna Bayrammurodova xonadonida tuman prokuraturasi tashabbusi bilan tashkil qilingan sexga tashrif buyurib, o‘z ko‘zingiz bilan ko‘ring va xarid qiling.

Qo‘shimcha ma’lumotlar uchun: 94 451 87 06 telefon raqamiga qo‘ng‘iroq qilishingiz mumkin.

Ozoda Xudoyberganova