Senator qishloq xo‘jaligi hamda tibbiyot sohasida Amudaryo tumanida amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishdi

Туман янгиликлари

30 mart kuni Amudaryo tumaniga O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining yigirma to‘rtinchi yalpi majlisida qabul qilingan qonun hujjatlarining mazmun-mohiyatini tushuntirish hamda jamoatchilik nazoratini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Orolbo‘yi mintaqasini rivojlantirish masalalari qo‘mitasi raisi o‘rinbosari, senator Botir Matmuratov tashrif buyurdi.

Tuman hokimligining majlislar zalida bo‘lib o‘tgan yig‘ilishdan so‘ng senator tegishli sohalar mutasaddilari hamrohligida Oq oltin ovuli hududidagi qishloq oilaviy poliklinikasiga tashrif buyurib, tibbiyot xodimlari bilan suhbatlashdi.

Suhbat davomida senator mazkur qishloq oilaviy poliklinikasi tomonidan Oq oltin ovulida istiqomat qiluvchi 8 ming 939 nafar aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatish sifatini yaxshilash maqsadida tashkil etilayotgan ishlar bilan yaqindan tanishdi.

Qishloq oilaviy poliklinikasi  aholiga birlamchi tibbiy-sanitariya yordami ko‘rsatishni yanada yaxshilash, kasalliklar profilaktikasi, aholi o‘rtasida sog‘lom turmush tarzi va sanitariya-gigiyenik madaniyatni targ‘ib qilish borasida samarali ish olib bormoqda. Ayniqsa, aholi, birinchi navbatda fertil yoshidagi ayollar va homilador ayollar, bolalar, shuningdek o‘zgalar yordami va ijtimoiy himoyaga muhtoj yolg‘iz keksalar, nogironligi bo‘lgan shaxslar, surunkali kasalliklarga chalingan bemorlar orasida patronaj ishlarini muntazam olib borish borasida sezilarli natijalarga erishilmoqda. Shifoxonaga yotqizish, kasalliklarga chalinish va nogironlik darajasining pasayishi, ayniqsa aholining ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmat sifatidan qoniqishi tibbiyot xodimlari faoliyati samaradorligi nechog‘li yuqori ekanidan dalolat beradi.

Ayni kunlarda aholini karonavirusga qarshi Buster doza bilan emlash ishlari ham samarali yo‘lga qo‘yilgan.

Senator tibbiyot xodimlari bilan suhbatda Prezidentimizning 15 mart kuni tibbiyot xodimlari bilan o‘tkazgan ochiq muloqoti davomida tibbiyot sohasini rivojlantirish bo‘yicha belgilab bergan vazifalari hamda dolzarb masalalar haqida to‘xtalib, shifokorlarning sharafli, shu bilan birga mashaqqatli ishlarida omad tiladi.

Shundan keyin mehmonlar To‘lqin ovuli hududida joylashgan “Amu sohili” chorvachilik fermer xo‘jaligiga tashrif buyurdi.

Senator Botir Matmuratov fermer xo‘jaligida amalga oshirilayotgan ishlar bilan yaqindan tanishib, sohani yanada rivojlantirishga oid qabul qilinayotgan qonunlar haqida tushunchalar berdi.

Uchrashuv davomida tuman hokimi o‘rinbosari Islom Matkarimov O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 1 mart kungi “Qishloq xo‘jaligida suvni tejaydigan texnologiyalarni joriy etishni yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga asosan tumanda, xususan mazkur fermer xo‘jaligida amalga oshirilayotgan ishlar haqida keng turda ma’lumot berdi.

Qayd etilganidek, hozirgi kunda tumanda cuv resurslaridan foydalanish mexanizmlarini tubdan isloh qilish, ulardan oqilona va samarali foydalanish maqsadida jami 2 ming 630 gektar maydonga suvni tejovchi texnologiyalar joriy etilgan. Shundan 250 gektar g‘alla maydonlariga yomg‘irlatib sug‘orish texnologiyalarini joriy qilish bo‘yicha ta’minotchilar bilan shartnomalar tuzilgan.

Bugungi kunda tumanimizda g‘allachilik sohasida “Qipchoq g‘alla klaster” hamda “Amu Rich Xarvest” mas’uliyati cheklangan jamiyatlari klaster usulida faoliyat yuritib kelmoqda.

Senator Botir Matmuratov tumanimizda qishloq xo‘jaligi sohasida amalga oshirilayotgan ishlar alohida e’tirofga loyiq ekanligini ta’kidladi.

Tuman hokimligining Axborot xizmati