“ONALAR – YASHIL MAKON UCHUN!” AKSIYASI DOIRASIDA “ONALAR BOG‘I” TASHKIL ETILMOQDA

Туман янгиликлари

Joriy yilning 2 fevral kuni davlatimiz rahbari raisligida bo‘lib o‘tgan videoselektor yig‘ilishida «Yashil makon» umummilliy loyihasini davom ettirish bo‘yicha dolzarb vazifalar muhokama etilib, 1 martdan e’tiboran yurtimiz bo‘ylab «Yashil yillik» umummilliy tadbiri boshlanishi e’lon qilingan edi.

Ayni kunlarda mamlakatimizda “Yashil yillik” umummilliy loyihasi doirasidagi vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida xotin-qizlarni jalb qilgan holda aksiyalar tashkil qilinmoqda. “Onalar – yashil makon uchun!” aksiyasi mazkur xayrli loyiha doirasida o‘tkazilmoqda.

Aksiyani amalga oshirishdan ko‘zlangan maqsad xotin-qizlarning manzarali va mevali daraxt, buta ko‘chatlari hamda urug‘ yetishtirish, ekish va parvarish qilish bo‘yicha ko‘nikmalarini oshirish, ular qalbiga ekologiyani asrash tushunchasini singdirishdan iboratdir.

Amudaryo tumanida ham ayni shu maqsadga yo‘naltirilgan ishlar qizg‘in boshlab yuborildi. Jumladan Amudaryo tumanining Durunki mahallasida tashkil qilinayotgan “Onalar bog‘i”da 300 tadan ortiq mevali va manzarali daraxt ko‘chatlari, 3000 donadan ortiq gul va rayhonlar ekish rejalashtirilgan. Qutlug‘ Ramazon oyining ilk kunlarida “Onalar bog‘i”ga amudaryolik ayol-qizlar ko‘chat ekishni uyushqoqlik bilan boshladilar.

Yangi bog‘da ko‘chat ekish ishlarida tuman hokimi o‘rinbosari, oila va xotin-qizlar bo‘limi boshlig‘i Go‘zal Soburova, Ayollarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish tumanlararo markazi direktori Gavxar Chimbaychiyeva, Xalq deputatlari tuman Kengashi deputatlari, mahalla raislari va ularning o‘rinbosarlari hamda faol xotin-qizlar qatnashdilar.

O‘tkazilgan aksiyada ishtirok etuvchi ayollar o‘z sa’y-harakatlari bilan tumanimizni yashil makonga aylantirishga munosib hissa qo‘shmoqdalar.

Mo‘’tabar va munis onaxonlar, muhtarama opa-singillarimiz qo‘li bilan bunyod etilayotgan “Onalar bog‘i” hududida kelgusida onalar va bolalar uchun salomatlik yo‘laklari, turli sanalar munosabati bilan o‘tkaziladigan bayramona tadbirlar uchun mo‘ljallangan zamonaviy tadbirlar zali va boshqa infratuzilma inshootlari tadbirkorlar tomonidan barpo etilishi ko‘zda tutilgan. Vaqti kelib “Onalar bog‘i” tumanimiz xalqi uchun xushkayfiyat baxsh etuvchi sayilgoh maskanga aylanishga shak-shubha yo‘q.

Zero, yam-yashil dov-daraxtlar nafaqat ona shahrimizga, balki har bir xonadonga ko‘rkamlik, fayz va tarovat bag‘ishlashini aziz ayollarimiz juda yaxshi biladilar va har yilgi ko‘chat ekish mavsumida mo‘’tabar va munis onaxonlarimiz, go‘zal opa-singillarimiz eng avvalo o‘z xonadonlari ostonasini obod qilish, anvoyi gullar ekishni an’anaga aylantirishgan. Chunki xalqimizning eng ezgu orzulari ro‘yobi obod va so‘lim manzillardan boshlanadi. Gullar ifori taratib turgan xonadonlar fayzi ona Vatanga ziynat bag‘ishlaydi. Amudaryolik ayollar barpo etayotgan “Onalar bog‘i” esa eng obod, eng ko‘rkam va fayziyob go‘shalardan biriga aylanadi.

 “Onalar yashil makon uchun!” aksiyasi tumanda davom etmoqda. Zero ushbu aksiya farovonlik va obodlik sari qo‘yilgan ezgu va xayrli qadamdir.

Robiya YO‘LDOSHЕVA.