“Yoshlar ovozi – 2022” tanlovi boshlandi

Туман янгиликлари

O‘zbekiston Respublikasi Yoshlar ishlari agentligi qator tashkilotlar bilan hamkorlikda “Bo‘zatov iqtidorlarni kashf etadi” shiori ostida 2021 yilda o‘tkazgan “Yoshlar ovozi” tanlovini joriy yilda ham davom ettirmoqda. Ushbu tanlov o‘tgan yili ilk bor o‘tkazilganiga qaramay, yoshlar orasida o‘z o‘rni va nufuziga ega bo‘ldi. Yoshlarning katta sahnalarda o‘z iqtidorini namoyish etish uchun imkon bergan tanlovning madhiyasi ham yaratildi va yoshlarning e’tiboriga tushdi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasining qayta tiklangan Bo‘zatov tumani yosh san’at ixlosmandlarini birlashtiradigan, o‘z san’atini namoyish etadigan minbarga aylandi. Ushbu tanlovning joriy yilgi mavsumi o‘tgan yilgidan farqliroq besh bosqichda o‘tkaziladi: saralash bosqichi, sektor bosqichi, mahalliy bosqich, hududiy bosqichi hamda respublika bosqichi. Hududiy bosqichdan muvaffaqiyatli o‘tgan yosh iste’dodlar Bo‘zatov tumanida bo‘lib o‘tadigan ushbu tanlovning respublika bosqichida ishtirok etadilar. Quyi, ya’ni barcha mahallalarda o‘tkaziladigan saralash bosqichidan boshlab ro‘yxatdan o‘tgan har bir ishtirokchining iqtidori sinovdan o‘tkaziladi.

10-15 yosh, 16-22 yosh va 23-30 yosh toifalarida ishtirokchilarning baxshichilik, an’anaviy ijro (maqom, katta ashula, suvoraxonlik), opera hamda estrada kabi 4 ta yo‘nalishning birida iqtidorini sinovdan o‘tkazishni maqsad qilgan tanlovning ilk bosqichi tumanimizda ham boshlandi.

Shu kungacha Amudaryo tumanining 1- va 3-sektorlari hududidagi 24 ta ovul, mahalla, shaharchalardan 700 nafardan ziyod yoshlar tanlovning ilk bosqichida o‘z qobiliyatlarini sinovdan o‘tkazdilar. Shularning 63 nafari keyingi – sektor bosqichida ishtirok etish huquqini qo‘lga kiritdilar. Shu jumladan joriy yilning 4 aprelida 21-sonli Bolalar musiqa va san’at maktabida Qipchoq ovuli, shaharchasi va Daryo bo‘yi mahallasi san’atsevar yoshlari tanlovning ilk bosqichida qatnashib, o‘z iqtidorlarini sinovdan o‘tkazdilar.

Shunisi quvonarliki, mamlakatimizda yoshlarning intellektual salohiyati yuksaltirish, bo‘sh vaqtlarini mazmunli va maqsadli o‘tkazish, iqtidorlarini rivojlantirishga ko‘maklashish va ularni birlashtirish maqsadida o‘tkazilayotgan tanlov chekka hududlar yoshlarini ham qamrab olayapti.

21-sonli Bolalar musiqa va san’at maktabida o‘tkazilgan tanlovning ilk bosqichiga ishtirokchilar puxta tayyorgarliklar ko‘rishganini namoyish etishdi. Unda qatnashgan 100 nafardan ziyod uch yosh toifasidagi ishtirokchilarning 36 nafari keyingi sektor bosqichida qatnashish imkoniyatini qo‘lga kiritishdi.

Baxshichilik, an’anaviy ijro, opera va estrada yo‘nalishlarida o‘tkazilgan tanlovni malakali mutaxassislar, Yoshlar ishlari agentligi tuman bo‘limi xodimlari haqqoniy baholab bordilar. “Yoshlar ovozi” tanlovi ko‘plab iqtidorli yoshlarni aniqlashga xizmat qilmoqda. Ushbu tanlovning quyi ya’ni mahallalar bosqichi tumanimizda davom etmoqda.

Yangi ovozlarni kashf etish, ularni qo‘llab-quvvatlash, katta sahnalarda o‘z san’atini namoyish etish uchun keng yo‘l ochib beradigan tanlovning yakuniy bosqichi joriy yilda ham Bo‘zatovda bo‘lib o‘tadi.

O.RAJABOVA.