YANGI O‘QUV MARKAZI ISH BOSHLADI

Туман янгиликлари

Mamlakatimizda keyingi yillarda ta’lim tizimiga e’tibor tobora kuchaytirilmoqda. Ma’nan yetuk, ilg‘or davlatlar vakillari bilan bemalol raqobatlasha oladigan yoshlarni kamolga yetkazishga g‘amxo‘rliklar kuchaytirilmoqda. Davlat ta’lim muassasalari qatori bu ulug‘vor vazifalar ijrosiga yo‘naltirilgan nodavlat ta’lim tashkilotlari soni ham kun sayin ko‘payib bormoqda.

“Nodavlat ta’lim tashkilotlarini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash va ta’lim jarayonida yoshlar uchun qo‘shimcha shart-sharoitlar yaratish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident Qaroriga ko‘ra nodavlat ta’lim muassasalari davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlanayotgani, ular uchun zarur shart-sharoitlar yaratishga e’tibor berilayotgani o‘zining ijobiy samaralarini berayotir. Natijada chet tillarni, boshqada fanlarni chuqur o‘rgatishga, abituriyentlarni oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirishlari uchun tayyorlaydigan nodavlat ta’lim tashkilotlari kun sayin ko‘paymoqda.

Yaqinda Amudaryo tumanining Mang‘it shahri Boyovul mahallasida yana bir ana shunday nodavlat ta’lim tashkiloti o‘z faoliyatini boshladi. Yuqori darajadagi o‘quv standartlariga mo‘ljallangan o‘quv markazi tadbirkor Hushnuddin Fayzullayev tomonidan tashkil etildi.

Markazning ingliz tilidan maksimal tayyorgarlik kurslarida har bir guruh sig‘imi 5 nafardan 10 nafargacha qilib belgilangan bo‘lib, har bir o‘quvchiga ikki nafardan o‘qituvchi ta’lim beradi. Bitta dars davomiyligi 2 soatni tashkil qiladi va o‘quvchilarning ingliz tilida yozish, o‘qiy olish, gapirish va eshitish ko‘nikmalari shakllantiriladi.

O‘quv markazida zamonaviy darsliklar, elektron doska mavjud. O‘quv markazida ingliz tilini o‘rganish istagidagi har bir o‘quvchiga uchtadan shu maqsadga qaratilgan kitob bepul taqdim etiladi va o‘quv mashg‘ulotlaridan keyin hamda yakshanba kunlari o‘quvchilar bilan suhbatlar o‘tkazish, inglizcha filmlar namoyish qilish, har xil ko‘ngilochar baxs-munozarali tadbirlar o‘tkazish ham rejalashtirilgan.

O‘quv markaziga ingliz tilini mukammal o‘rganish istagida tashrif buyuruvchilardan malakali o‘qituvchilar tomonidan ingliz tilini bilish darajasini aniqlash maqsadida test olinadi. Darsning birinchi kuni albatta, bepul.

Shunisi e’tiborliki, ingliz tilini bilish yoshlar uchungina emas, barcha aholi uchun ham juda muhim. Shu boisdan ham farzandini ingliz tilini chuqur o‘rgatadigan o‘quv markazlariga olib boruvchi ota-onalar soni kundan kunga ko‘paymoqda. Boisi ingliz tili – xalqaro til ekanligi, ingliz tilini bilgan kishi dunyoning barcha hududlarida yashovchi fuqarolar bilan ozmi-ko‘pmi muloqotga kirisha oladi. Davlatlar o‘rtasida xalqaro aloqalarning kengayishi, o‘zaro hamkorlikda ilmiy texnik kashfiyotlarning amalga oshirilishi ingliz tilini yurtdoshlarimiz uchun ham doimiy ehtiyojga aylantirmoqda.

Mang‘it shahrida yangidan tashkil etilgan “ICEBERG” o‘quv markazi ingliz tilini o‘qitishga ixtisoslashgan o‘quv markazi ham yoshlarga ushbu tilni o‘rganishga chorlaydi.

O.RAJABOVA.