Amudaryo tumanida fuqarolar yig‘inlari raislari saylovini tashkil etish va o‘tkazishga qizg‘in tayyorgarlik ko‘rilmoqda

Туман янгиликлари

2022 yil “Inson qadrini ulug‘lash va faol mahalla yili” deb nomlanganligi bejiz emas. Sababi, mahalla jamiyat jipslashuvida muhim bo‘g‘in hisoblanadi.

Ma’lumki, joriy yilning 16 mart kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashi tomonidan fuqarolar yig‘inlari raislarining vakolat muddati tugashi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 105-moddasi hamda “Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari to‘g‘risida”gi va “Fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) saylovi to‘g‘risida”gi qonunlarning tegishli moddalariga muvofiq fuqarolar yig‘inlari raislarining navbatdagi saylovini shu yilning may oyida o‘tkazish to‘g‘risida qaror qabul qilindi.

 Ma’lumot uchun aytib o‘tish kerakki, ushbu saylovda mamlakatimiz bo‘ylab 9 ming 349 nafar fuqarolar yigini raisi saylanadi. Amudaryo tumanidagi 49 ta ovul va mahalla fuqarolar yig‘inida ham saylov jarayonlariga puxta tayyorgarlik ko‘rish, saylov jarayonlarini namunali tarzda tashkil qilish ishlari boshlab yuborildi.

5 aprel kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining Fuqarolar yig‘inlari raislari saylovini tashkil etish va o‘tkazishga ko‘maklashuvchi respublika komissiyasi raisi o‘rinbosari Tolibjon Madumarov, komissiya mas’ul kotibi Abdurahmon Boboyev hamda komissiya a’zosi, senator Botir Matmuratov hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesining Fuqarolar yig‘inlari raislari saylovini tashkil etish va o‘tkazishga ko‘maklashuvchi komissiyasi raisi Atabek Davletovlar Amudaryo tumanida bo‘ldi.

Mas’ullar dastlab tuman hokimi Sultonboy Yo‘ldoshev boshchiligida Qipchoq ovul fuqarolar yig‘inida bo‘lib, bu yerda saylovga tayyorgarlik jarayonlari bilan yaqindan tanishdi.

Ma’lumot o‘rnida aytish kerakki, 25 mart kuni Xalq deputatlari Amudaryo tuman Kengashining navbatdagi sessiyasida saylovga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish yuzasidan dolzarb vazifalar muhokama qilinib, tadbirlar rejasi ishlab chiqildi va tuman komissiyasi tarkibi tasdiqlandi.

Qonunda belgilangan muddatlarda barcha fuqarolar yig‘inlarida saylovni tashkil etish va o‘tkazish uchun fuqarolar yig‘ini hamda fuqarolar vakillarining yig‘ilishi qarori bilan ishchi guruhlar tuzildi. Ushbu ishchi guruhlar “Fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) saylovi to‘g‘risida”gi Qonun talablaridan kelib chiqib o‘z faoliyatini olib bormoqda.

Ishchi guruhlar tomonidan fuqarolar yig‘inlari kesimida saylov yoshiga to‘lganlarning soni va ro‘yxatlari tuzilib, saylov o‘tkaziladigan manzil va binolar belgilab olindi. Respublika ko‘maklashuvchi komissiya raisi Tolibjon Madumarov va boshqa mas’ullar saylovga tayyorgarlik ishlarini yuqori saviyada tashkil qilish, saylovchilarga qulay shart-sharoitlar yaratish, shuningdek, saylovni ochiq va oshkora, shaffof o‘tkazish yuzasidan ahamiyatga molik topshiriq va tavsiyalar berdi.

Shu kunning o‘zida fuqarolar yig‘inlari raislari saylovini tashkil etish va o‘tkazishga ko‘maklashuvchi Respublika komissiyasining a’zosi – senator Botir Matmuratov hamda Vazirlar Kengashi raisi o‘rinbosari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesining Fuqarolar yig‘inlari raislari saylovini tashkil etish va o‘tkazishga ko‘maklashuvchi komissiyasi a’zosi Maryam Ahmedova boshchiligida yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Unda fuqarolar yig‘inlari raislari saylovini tashkil qilish va o‘tkazishga ko‘maklashuvchi tuman komissiyasi a’zolari, tuman hokimiligi mas’ullari ishtirok etdi.

Yig‘ilishda bo‘lajak saylovga tayyorgarlik ko‘rish hamda uni o‘tkazish bilan bog‘liq dolzarb masalalar muhokama qilindi.

Shuningdek, yig‘ilish davomida bu galgi saylovlar mamlakatimiz rivojlanishining butunlay yangi bosqichida, jumladan, mahalla instituti faoliyatining samaradorligini oshirish, uni jamoatchilik boshqaruvi va nazoratining tayanch omiliga aylantirish borasidagi muhim islohotlar davrida o‘tkazilayotgani alohida ta’kidlandi. Mahallalarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash – O‘zbekistonni rivojlantirish bo‘yicha Taraqqiyot strategiyasining ustuvor yo‘nalishi etib belgilangani esa ushbu muhim ijtimoiy-siyosiy jarayonning ahamiyatini yanada oshiradi.

Shu sababli ham saylov jarayonlarini qonun talablari asosida tashkil qilish va o‘tkazish, fuqarolarning saylovda ishtirok etishga oid konstitutsiyaviy huquqlarini to‘liq ro‘yobga chiqarish uchun zarur bo‘lgan barcha tashkiliy-huquqiy shart-sharoitlarni yaratish, saylov jarayoniga yoshlar va xotin-qizlarni keng jalb etish, saylov ishtirokchilari qonun talablariga, shu jumladan, oshkoralik, muqobillik hamda teng saylov huquqi tamoyillariga so‘zsiz rioya etishlarini ta’minlash kabi eng muhim masalalar bo‘yicha tushuntirishlar berildi. Bu borada saylovni tashkil qilish va o‘tkazishga ko‘maklashuvchi tuman komissiyasining faoliyati alohida ahamiyatga ega bo‘lishi qayd qilindi.

Yig‘ilishda shuningdek, saylovni tashkil etish hamda o‘tkazishda fuqarolar yig‘inlariga har tomonlama ko‘maklashish, saylovni o‘tkazishda jamoat tartibi va xavfsizligini ta’minlash, saylov o‘tkaziladigan joylarda tibbiy xizmat ko‘rsatilishini samarali tashkil etish, sanitariya-gigiyena talablari va karantin qoidalariga rioya qilinishini nazorat qilish, shuningdek, saylov jarayonini keng yoritish bo‘yicha alohida vazifalar belgilab olindi.

Tuman hokimligining Axborot xizmati