TUMANIMIZDA O‘ZBЕKISTON RЕSPUBLIKASI DAVLAT XAVFSIZLIK XIZMATI RAISI KUBOGI UCHUN FUTBOL, MINI FUTBOL BO‘YICHA MUSOBAQALARGA START BЕRILDI

Туман янгиликлари

Sport qadimdan odamlarni birdamlikka, hamkorlikka va tinch-totuvlikka chorlovchi muhim vosita bo‘lib kelgan.

Sport kishini jismonan chiniqtiribgina qolmay, ma’naviy dunyosini boyitishga, o‘z yurti sharafini munosib himoya qilishga o‘rgatadi. Shu boisdan ham mamlakatimizda sportning ommaviyligiga erishish, aholi qatlamlari orasida turli musobaqalar o‘tkazib, iqtidorlilarni rag‘batlantirib borishga e’tibor kuchaymoqda.

Mamlakatimizning qishloq va mahallalarida yashovchi uyushmagan yoshlar orasida sog‘lom turmush tarzini shakllantirish, ularning o‘z qobiliyatlarini namoyish etishlariga sharoit yaratish va ko‘nglida vatanparvarlik tuyg‘ularini yuksaltirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati raisi kubogi uchun sportning futbol va mini futbol turlari bo‘yicha musobaqalar o‘tkazilmoqda.

Ushbu musobaqaning Amudaryo tumani saralash bosqichi boshlanishi bayram tusini oldi. Shu yilning 5 aprel kuni Mang‘it shahrining Chordara mahallasidagi sun’iy qoplamali mini futbol maydonchasida bo‘lib o‘tgan tadbirda tuman hokimi Sultonboy Yo‘ldoshev, hokim o‘rinbosari Mahmud Shermetov, turizm va sport bo‘limi boshlig‘i G‘ulomjon Qurbonboyev, tuman Bolalar-o‘smirlar sport maktabi direktori Chorsham Tajimurodov, sektorlar rahbarlari, Davlat xavfsizlik xizmati tuman bo‘limi mas’ul xodimi hamda yosh sportchilar qatnashdilar.

Bayramona bezatilgan sun’iy qoplamali maydonchada saf tortgan sportning futbol, mini futbol turlari bilan shug‘ullanayotgan mahallalar yoshlarini tuman hokimi Sultonboy Yo‘ldoshev qizg‘in muborakbod etdi va O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati raisi kubogi uchun boshlanayotgan ushbu nufuzli bellashuvda barcha jamoalarni muvaffaqiyatli ishtirok etishga va g‘olib bo‘lishga chaqirdi.

Qayd etish lozimki ushbu musobaqaning ilk bosqichida tumanimizdagi 49 ta mahallalarning har biridan bittadan, jami 49 ta jamoalar ishtirok etadi.

Tadbirda ishtirok etgan Davlat xavfsizlik xizmati tuman bo‘limi boshlig‘i, tuman Bolalar-o‘smirlar sport maktabi direktori Chorsham Tojimurodovlar sport maktab hamda Davlat xavfsizlik xizmati, Yoshlar ishlari agentligi tuman bo‘limlari, tuman hokimligi Turizm va sport bo‘limi hamkorligida tashkillashtirilayotgan ushbu musobaqa 16 yoshdan 30 yoshgacha bo‘lgan futbol ishqibozlari jamlangan barcha jamoalar uchun unutilmas voqea bo‘lib qolishini ta’kidladilar.

Tadbirda musobaqaning ilk bosqichida qaysi jamoa kim bilan g‘oliblik uchun to‘p surishini aniqlash uchun qur’a tashlandi. Futbol, mini futbol ishqibozlari jamoalari uch bosqichda – tuman saralash, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlar, Toshkent shahri bo‘yicha saralash va final musobaqalarida o‘zaro kuch sinashadilar.

So‘nggi yillarda an’anaviy tarzda o‘tkazib kelinayotgan ushbu musobaqa minglab yoshlarni qamrab olmoqda va tobora nufuzi ortib bormoqda.

Musobaqaning avgust oyida bo‘lib o‘tadigan final bosqichida Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridan o‘z hududlarida g‘olib bo‘lgan 14 ta jamoalar bellashadi. G‘olib jamoaga o‘zlari istiqomat qiluvchi hududda mini futbol maydonchasi, 2-, 3-o‘rinlar egalariga esa “Workout” trenajyor maydonchalari qurib beriladi. Tumanimiz yoshlariga bellashuvlarda muvaffaqiyatlar tilab qolamiz.

O.RAJABOVA.