Uyshin ovuli hududida joylashgan “Polvon bobo” qabristoni obodonlashtirildi

Туман янгиликлари

Muqaddas dinimizda qabristonni ziyorat qilish katta savoblar qatoriga kiritilgan. Zero, marhumlarning qo‘nim topgan maskanlarini obod qilish va ularning haqlariga duoda bo‘lish insoniylik burchimizdir.

Ma’lumki, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 15 fevraldagi “Muqaddas qadamjonlar, ziyoratgohlar, masjidlar va qabristonlarni obodonlashtirish ishlarini samarali tashkil etish to‘g‘risida”gi qarori qabul qilingan edi.

Ushbu qaror ijrosini ta’minlash maqsadida Respublikamizning barcha hududlari singari Amudaryo tumanidagi qabristonlar, ziyoratgohlarda ham muntazam ravishda obodonlashtirish ishlari olib borilmoqda.

Tumanimizning Uyshin mahalla fuqarolar yig‘ini hududida joylashgan “Polvon bobo” qabristonida ham Ramazon oyi arafasida obodonlashtirish ishlari olib borildi. Ushbu ezgu va hayrli ishga mahallalardagi imom-xatiblar, nuroniylar va keng jamoatchilik vakillari, tuman Obodonlashtirish boshqarmasi ishchi-xizmatchilari o‘z hissalarini qo‘shishdi.

Hashar − xalqimizning azaliy odatidir. Ozodalik, poklik va hamjihatlik xalqimiz qoniga singgan azaliy qadriyat, go‘zal an’analardan biri.

Muqaddas dinimizda ham poklik birlamchi masala sanaladi. Hashar bahona odamlar orasida oqibat rishtalari bog‘lanadi, yon-atrof tartibga keltiriladi. Qabristonlar gul-maysalarga, yashillikka burkansa, har bir qabr usti tozalanib, sarishta qilinsa, marhumlar ruhi shod bo‘ladi.

Umumiy yer maydoni 3 gektar bo‘lgan “Polvon bobo” qabristoniga hasharchilar tomonidan 30 turdan ortiq daraxt ko‘chatlari hamda gullar ekildi. Paxsa devorlar ohak bilan oqlanib, daraxtlarga shakl berildi. Shuningdek, qabriston ichkarisi qurib qolgan shox-shabbalardan tozalanib, qabriston yo‘lakchalariga tosh yotqizildi. Ta’mirtalab bo‘lib qolgan qabrlar ta’mirlandi. Bundan tashqari, ziyoratchilarga qulaylik yaratish maqsadida tahoratxonalar pardozlanib, o‘rindiqlar o‘rnatildi.

Mahalla nuroniylari hashar davomida barcha yurtdoshlarimizni yanada jipslashib, qabristonlarni obod qilishga, o‘tganlar ruhiga hamisha izzat-ikrom ko‘rsatishga chaqirdi. Shuningdek, yoshlarga qabristonni ziyorat qilish bilan birga uni obodonlashtirish savobi ulug‘ amallardan ekanligini o‘zining hikmatga to‘la nasihat va o‘gitlari bilan tushintirishdi.

Qolaversa, qabristonlarning tashqi ko‘rinishini obod qilishga e’tibor qaratish bilan birga, qabristonlarga kirganda kulishdan, baland ovozda gaplashishdan, ortiqcha harakatlardan tiyilib, odob-axloqni saqlagan holda ziyorat qilish lozimligini aytib o‘tishdi.

Darhaqiqat, milliy qadriyatlarimizni asrash, o‘tgan ajdodlarimiz xotirasini ulug‘lash, ularga hurmat-ehtirom ko‘rsatish, muqaddas ziyoratgoh va qadamjolarni obod qilish insoniy burchimizdir.

Buni yaxshi anglagan Uyshin mahallasining yosh-u qarilari tashkil etilgan hasharda faollik bilan qatnashib ota-bobolari qo‘nim topgan mangu maskanning hamda o‘z mahallasi hududining obodligiga hissa qo‘shishdi.

Tuman hokimligining Axborot xizmati