QORAQALPOG‘ISTON KONSTITUTSIYASINING 29 YILLIGIGA BAG‘ISHLANGAN TADBIR O‘TKAZILDI

Туман янгиликлари

Bundan 29 yil oldin, aniqrog‘i 1993 yil 9 aprel kuni XII chaqiriq Qoraqalpog‘iston Respublikasi Oliy Kengashining XII sessiyasida asosiy qonunimiz bo‘lgan Konstitutsiyamiz qabul qilindi. 9 aprel – umumxalq bayram deb e’lon qilindi. Bu bayramni xalqimiz davlatimizdagi adolatni, qonun ustuvorligini his qilgan holda erkin demokratik fuqarolik jamiyat, huquqiy davlat qurish yo‘lidagi ishonchli qadam tashlagan kun sifatida har yili tantanali ravishda nishonlanib kelinmoqda.

Sana munosabati bilan 82-sonli maktabda tumandagi “Madad” huquqiy maslahat byurosi va Yuridik xizmat ko‘rsatish markazi huquqshunoslari ishtirokida ma’naviy-ma’rifiy tadbir o‘tkazildi.

Tadbirda so‘zga chiqqan “Madad” huquqiy maslahat byurosi bosh mutaxassisi Davron Pirmanov, Yuridik xizmat ko‘rsatish markazi boshlig‘i Nilufar Jumaniyozova va boshqa huquqshunoslar har bir davlatning asosiy qomusi hisoblanuvchi konstitutsiyaning huquqiy negizi, uning tub mohiyati, jamiyatda u orqali belgilab berilgan har bir munosabat to‘g‘risida so‘zlab, teran fikrlar bildirishdi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Konstitutsiyasi muqaddima, 6 bo‘lim, 26 bob, 121 moddadan iborat bo‘lib, uning barcha moddalarida dunyoda umume’tirof etilgan tamoyillar, xalqaro huquq normalari va boshqa bir qator xalqaro hujjatlardagi umuminsoniy tamoyillar mazmuni mujassamdir.

Konstitutsiyaning muqaddima qismida Qoraqalpog‘iston Respublikasi konstitutsiyasini qabul qilish maqsadi ko‘rsatilgan. Birinchi bo‘limda asosiy prinsiplar belgilangan, ya’ni davlat suvereniteti, xalq hokimiyatchiligi, Konstitutsiya va qonunning ustunligi, Qoraqalpog‘istan Respublikasining xalqaro va tashqi iqtisodiy aloqalariga bag‘ishlangan. Konstitutsiyaning 11-moddasida Qoraqalpog‘iston Respublikasi davlat hokimiyatining tizimi – hokimiyatning qonun chiqaruvchi, ijro etuvchi va sud hokimiyatiga bo‘linishi prinsipiga asoslanishi ko‘rsatib o‘tilgan.

Ikkinchi bo‘limda inson va fuqaroning asosiy huquqlari, erkinliklari va burchlari belgilangan. Ushbu bo‘lim umumiy qoidalar, fuqarolik, shaxsiy huquqlar va erkinliklar, siyosiy huquqlar, iqtisodiy va ijtimoiy huquqlarni, shuningdek, inson huquqlari va erkinliklarining kafolatlari va fuqarolarning burchlarini o‘z ichiga oladi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilingan kun munosabati bilan o‘tkazilgan tadbirda Konstitutsiyaga kiritilgan oxirgi o‘zgartirish va qo‘shimchalar xususida ham keng turda ma’lumotlar berildi.

Ta’kidlanganidek, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Oliy Kengashining 1994 yil 26 fevraldagi o‘n beshinchi sessiyasida, birinchi chaqiriq Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesining 1995 yil 31 oktabrdagi to‘rtinchi va 1997 yil  15 dekabrdagi  o‘n  uchinchi  sessiyalarida, ikkinchi chaqiriq Qoraqalpog‘iston  Respublikasi  Jo‘qorg‘i  Kengesining 2003 yil 12 noyabrdagi o‘n ikkinchi sessiyasida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Konstitutsiyasiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilgan. Bundan tashqari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesining 2014 yil 27 iyundagi o‘n beshinchi sessiyasida, 2019 yil 29 iyundagi yigirma oltinchi sessiyasida, 2019 yil 16 dekabrdagi yigirma to‘qqizinchi sessiyasida va 2021 yil 12 fevraldagi o‘n  beshinchi  sessiyasida ham Konstitutsiyaga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilgan.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Konstitutsiyasida belgilangan me’yor va prinsiplar demokratik huquqiy davlat qurish, inson huquq va erkinliklarini ta’minlashda eng muhim hujjat bo‘lib hisoblanadi. Shubhasiz, Qomusimiz yurtimiz taraqqiyotining mustahkam poydevori bo‘lib xizmat qiladi.

M.Matyusupov, tuman Yuridik xizmat ko‘rsatish markazi bosh yuriskonsulti.