9 aprel — Qoraqalpog‘iston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilingan kun munosabati bilan Amudaryo tumanida bayram tadbiri o‘tkazildi

Туман янгиликлари

1993 yil 9 aprel kuni Qoraqalpog‘iston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilindi va bu sana umumxalq bayrami, deb e’lon qilindi. Bu bayramni xalqimiz davlatimizdagi adolat, qonun ustuvorligini ta’minlash hamda huquqiy demokratik davlat qurish yo‘lidagi muhim qadam deb biladi.

9 aprel kuni Qoraqalpog‘iston Respublikasining barcha hududlarida baxtimiz qomusi bo‘lgan konstitutsiya kuni munosabati bilan bayram tadbirlari o‘tkazildi. Jumladan, Amudaryo tumanida ham Qoraqalpog‘iston Respublikasi Konstitutsiyasisi qabul qilinganiga 29 yil to‘lishi munosabati bilan “Konstitutsiyam – mening g‘ururim” shiori ostida tantanali yig‘ilish va konsert dasturi bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda tuman hokimi Sultonboy Yo‘ldashev, deputatlar, sektorlar rahbarlari, hokim o‘rinbosarlari, tuman hokimligi, muassasa, korxona va tashkilotlar mas’ullari, fuqarolar yig‘inlari raislari, ta’lim sohasi ilg‘orlari, keng jamoatchilik vakillari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Sahnada o‘rnatilgan ekranda hilpirab turgan O‘zbekiston va Qoraqalpog‘iston Respublikalari bayroqlari tadbirga o‘zgacha salobat baxsh etdi. Tadbir ishtirokchilari ko‘z o‘ngida videolavhalar orqali yurtimizda amalga oshirilayotgan islohotlar, ulkan o‘zgarishlar, yoshlarning bilim olishi, aholining farovon turmush kechirishi uchun yaratilayotgan sharoit va imkoniyatlar namoyon bo‘ldi.

Tadbir avvalida O‘zbekiston va Qoraqalpog‘iston Respublikalarining davlat madhiyalari yangradi.

Shundan so‘ng tuman hokimi Sultonboy Yo‘ldashev yurtdoshlarimizni Qoraqalpog‘iston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganining 29 yilligi bilan samimiy muborakbod etib, xalqimiz hayotini yanada obod va farovon qilish, yurtimizda yashayotgan, millati, tili va dinidan qat’i nazar, har bir insonga e’tibor va g‘amxo‘rlik ko‘rsatish – Konstitutsiyamizning bosh maqsadi e’kanligini etirof etdi. Shuningdek, bosh qonunimizni chuqur o‘rganish, anglash, hayotga joriy etish va unga so‘zsiz amal qilish – barchaning sharafli burchi ekanligini ta’kidladi.

Tuman prokurori Aziz Ro‘zmetov yig‘ilganlarga asosiy qonunimizda insonning ijtimoiy huquqlariga qaratilgan e’tibor, ularning huquq va majburiyatlari haqida to‘xtalib, Respublikamizda qonun doirasida amalga oshirilayotgan katta o‘zgarish va yangilanishlar haqida aytib o‘tdi hamda yurtdoshlarimizni bayram shodiyonasi bilan samimiy qutladi.

 Shundan so‘ng tadbirda tumanimizning taniqli va xushovoz san’antkorlari tomonidan ona Vatan madhi tarannum etilgan go‘zal kuy-qo‘shiqlar yangradi. Maktab o‘quvchilarining Konstitutsiya haqida to‘lqinlanib o‘qigan she’rlari yig‘ilganlar diliga o‘zgacha g‘urur va iftixor baxsh etdi.

Ayniqsa, turli millat urf-odatlarini o‘zida namoyon etuvchi, bosh qomusimizda belgilab berilgan barcha millat vakillari tili, dini va e’tiqodidan qat’iy nazar qonun oldida tengligi va tinch-totuv yashab kelayotganligi go‘zal raqslar orqali ko‘rsatib berildi.

Darhaqiqat, baxtimiz qomusi bo‘lgan Konstitutsiyamiz millatidan qat’iy nazar barcha yurtdoshimizning huquq va majburiyatlarini o‘zida aks ettirgan bo‘lib, hali uzoq yillar davomida yurtimiz buyuk kelajagi va xalqimiz farovon turmushining huquqiy asosi bo‘lib xizmat qiladi.

Tuman hokimligining Axborot xizmati