Muborak Ramazon oyi munosabati bilan ijtimoiy himoyaga muhtoj fuqarolar holidan xabar olindi

Туман янгиликлари

Yurtimizda ertangi kun egalari bo‘lgan yoshlarning bilim olishi kasb-hunar egallashi uchun barcha imkoniyat va shart-sharoitlar yaratilgan. Shunisi quvonarliki, davlatimiz tomonidan uzoq vaqt davolanishga muhtoj, imkoniyati cheklangan bolalar uchun uyda yakka tartibda ta’lim berish usuli ham yo‘lga qo‘yilgan. Uyda yakka tartibda ta’lim berishning asosiy maqsadi o‘quvchilarning ta’lim olishga bo‘lgan huquqlarini ta’minlash hamda ularning ta’lim olishlari uchun zarur sharoit yaratishdan iborat.

Yaqinda Amudaryo tumani prokurori katta yordamchisi Abbaz Niyazimbetov, tuman Xalq ta’limi bo‘limi mudiri Akmal Ismoilovlar muborak Ramazon oyi munosabati bilan hamda yakka tartibda ta’lim oluvchilar uchun yaratilagan qulay shart-sharoitlar bilan tanishish maqsadida ularning xonadonida bo‘lishdi.

Jumladan, 82-sonli umuta’lim maktabining 4-sinfida yakka tartibda tahsil olayotgan o‘quvchi Baxtiyor Maqsudovning holidan xabar olindi. Mas’ullar Baxtiyor bilan yaqindan suhbatlashish asnosida o‘qituvchi-murabbiylarning ta’lim berish jarayonida qo‘llayotgan metodik uslublari, ta’lim metodlari o‘quvchining ta’lim olishga bo‘lgan itilish va qiziqishini yanada oshirishga xizmat qilayoganligini e’tirof etishib, ta’lim olishga bo‘lgan ishtiyoqini qo‘llab-quvvatladilar.

Shundan so‘ng mas’ullar Tosh yop ovulida joylashgan 76-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabining 2-sinfida yakka tartibda ta’lim oluvchi o‘quvchi Abror Allamberganovning holidan xabar oldilar.

Mas’ullar o‘quvchining shaxsiy qiziqishlari, mutolaa qiladigan badiiy asarlarining mavzu va g‘oyasi, shuningdek internetdan foydalanish madaniyati bo‘yicha fikrlarini tinglab, zaruriy maslahat va tavsiyalarini berdilar.

Shu kunning o‘zida tuman prokraturasi va tuman Tibbiyot birlashmasi tomonidan Arnabo‘yi mahallasida yashovchi, nevrolog shifokor dispanser nazoratida turuvchi fuqaro Qizlargul Rajapova holidan ham xabar olindi.

Fuqaroga tuman prokraturasi tomonidan nogironlik aravachasi, oziq-ovqat mahsulotlari hamda tuman tibbiyot birlashmasi tomonidan umumiy quvvatlantiruvchi, qon bosim kasalligiga qarshi hamda yurak-qon tomir kasalliklari profilaktikasi uchun dori-darmon vositalari berildi.

Shuningdek, ushbu fuqaroning holidan doimiy ravishda xabar olinib, muntazam ravishda shifokor nazoratida bo‘lishi hamda salomatligini tiklash bo‘yicha amaliy yordamlar berib borilishi ma’lum qilindi.

Darhaqiqat, ijtimoiy himoyaga muhtoj, kamxarj oilalar holidan xabar olish, ularga ko‘mak ko‘rsatish millatimizning oliy insoniy qadriyatlaridan biridir. Ijtimoiy yordamga muhtoj insonlarga yordam berish, ularni moddiy va ma’naviy qo‘llab-quvvatlash jamiyatdagi ijtimoiy tenglikning muhim omillaridan biridir.

Amudaryo tumani prakaturasi, Xalq ta’lim bo‘limi va Tibbiyot birlashmasi tashabbusi bilan Ramazon oyida tashkil etilgan ushbu xayriya tadbirlari ana shu ezgu niyatlarni o‘zida mujassamlashtirgani bilan yanada ahamiyatlidir.

Tuman hokimligining Axborot xizmati