“Besh muhim tashabbus” doirasidagi tadbirlarga start berildi

Туман янгиликлари

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Mahallalarda yoshlar bilan ishlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga asosan yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazish maqsadida “Besh muhim tashabbus” doirasidagi tadbirlar muntazam ravishda o‘tkazilib kelinmoqda.

8 aprel kuni “Besh muhim tashabbus” doirasidagi sport tadbirlarining boshlanishi munosabati bilan Do‘stlik mahallasidagi Bolalar va o‘smirlar sport maktabida tadbir bo‘lib o‘tdi. Unda har bir mahalladan turli jabhalarda ilg‘or, faol sportchi yoshlar ishtirok etishdi.

Tadbir avvalida tuman hokimi Sultonboy Yo‘ldashev yoshlarga yaratilayotgan imkoniyat va shart-sharoitlar haqida to‘xtalib, Yoshlar ishlari agentligi, tuman Turizm va sport bo‘limi va boshqa bir qator hamkor tashkilotlar tomonidan loyiha doirasida tumanimizning barcha hududlaridagi minglab yoshlar orasida sport va sog‘lom turmush tarzini ommalashtirish hamda rivojlantirish bo‘yicha tadbirlar yuqori saviyada o‘tkazilib kelinayotganligini ta’kidladi.

Shundan so‘ng O‘zbekiston Respublikasi Sportni rivojlantirish vazirligining vakili Bobur Bobomuradov so‘zga chiqib, tumanimizda yoshlarning sportga bo‘lgan qiziqishlari qo‘llab-quvvatlanayotganligi e’tirof etdi. Qolaversa, muhtaram Prezidentimiz tashabbusi bilan mahalladagi yoshlar yetakchisi lavozimining tashkil etilganligi yoshlarga bo‘lgan ulkan e’tibor namunasi ekanligini ta’kidladi hamda barcha yoshlarga sport musobaqalarida omad tiladi.

Ma’lumot uchun aytib o‘tish kerakki, “Besh tashabbus” doirasidagi tadbirlar 11 apreldan boshlandi. Unda 7 yoshdan 30 yoshgacha bo‘lgan yoshlar o‘rtasida sportning 9 ta turi, jumladan, futbol, mini-futbol, voleybol, yengil atletika, shaxmat-shashka, stol tennisi, stritbol, vorkaut bo‘yicha musobaqalar o‘tkaziladi. Ushbu sport musobaqalari dastlab, mahallalardagi ko‘chalar orasida o‘tkazilib, ular orasidan iqtidorli, kuchli va iste’dodli yoshlar saralanib olinadi. Bu esa yurtimiz bayrog‘ini yuksakka ko‘taradigan yoshlarni kashf etishda muhim omil bo‘ladi.

Darhaqiqat, muhtaram Prezidentimiz tomonidan joriy yil 11 aprel kuni imzolangan “Mahallalarda yoshlarni ommaviy sportga jalb qilishni yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaror ham ayni shu maqsadlarga xizmat qiladi.

Qarorda keltirilishicha, 2022 yildan boshlab har yili an’anaviy tarzda 30 iyun – O‘zbekiston Respublikasi yoshlari kuni hamda dekabr oyida o‘tkaziladigan “Yoshlar forumi” doirasida sportning futbol, mini-futbol, voleybol, yengil atletika, shaxmat, shashka, stol tennisi, stritbol, vorkaut turlari bo‘yicha besh bosqichli ommaviy sport musobaqalarini o‘tkazish tizimi joriy etiladi. Musobaqalarning birinchi bosqichi – ko‘chalar orasida mahallalarda, ikkinchi bosqichi – sektorlar kesimida mahallalar orasida, uchinchi bosqichi – sektor musobaqalarida g‘olib bo‘lgan mahalla jamoalari o‘rtasida tuman miqyosida, to‘rtinchi bosqichi – Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlar miqyosida, beshinchi bosqichi esa O‘zbekiston miqyosida final musobaqalari shaklida o‘tkaziladi.

O‘tkazilayotgan sport musobaqalaridan ko‘zlangan asosiy maqsad – ertangi kun egalarining qalbida Vatanga muhabbat va sadoqat, milliy g‘urur va iftixor tuyg‘ularini qaror toptirish, yoshlarimizning buyuk ajdodlarimizga munosib avlod bo‘lib voyaga yetishlariga imkoniyat yaratishdir.

Tuman hokimligining Axborot xizmati.