“YOSHLAR – NURONIYLAR NIGOHIDA” NOMLI TADBIR O‘TKAZILDI

Туман янгиликлари

Prezidentimiz tomonidan shu yil 15 martda imzolangan Qarorga muvofiq mamlakatimizda keksa avlod vakillarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha yangi ijtimoiy-iqtisodiy tizim yaratildi va shu asosida qator ishlar amalga oshirilmoqda. Mazkur qarorda mahallalarda keksalarning ijtimoiy faolligini rag‘batlantirishga oid normalar o‘z aksini topgan.

Yoshi ulug‘ insonlarni e’zozlash, qadrlash, hurmatini joyiga qo‘yish xalqimizning azaliy qadriyatlaridandir. Chunki keksalar bugungiday dorilomon kunlarimizning bunyodkorlaridir.

Shu yilning 12 aprelida Mang‘it shahridagi Xotira maydonida bo‘lib o‘tgan “Yoshlar – nuroniylar nigohida” deb nomlangan uch avlod uchrashuvida ham keksa avlod vakillariga bo‘lgan ehtirom yaqqol ifodasini topdi.

Tadbirda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Mahalla va nuroniylarni qo‘llab-quvvatlash vaziri o‘rinbosari Tursunboy Abdujabborov, O‘zbekiston Respublikasi Mahalla va nuroniylarni qo‘llab-quvvatlash vazirligi bo‘lim boshlig‘i Ma’murjon Shukurov, boshqarma boshlig‘i o‘rinbosari Qadamboy Matniyozov, tuman hokimi Sultonboy Yo‘ldashev, sektorlar rahbarlari va hokimlik mas’ullari, tuman Mahalla va nuroniylarni qo‘llab-quvvatlash bo‘limi xodimlari, tumandagi ovul va mahalla fuqarolar yig‘inlari raislari, nuroniy keksalar va yoshlar ishtirok etdilar.

Tadbir mehmonlari karnay-surnay sadolari ostida samimiy kutib olindi. Mehmonlar dastlab tumanimiz ovul va mahallalaridagi hunarmandlarning mehnat mahsuli bo‘lmish turli mahsulotlar ko‘rgazmasi, amudaryolik ijodkorlar asarlari bilan tanishdilar. So‘ngra otaxon san’atkor, Qoraqalpog‘istonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi Gulmirza Nurmatov va tumanimiz yosh san’atkorlari jo‘rovozligida mashhur  “Yashna, yashna Amudaryom!” qo‘shig‘i yangradi.

“Yoshlar – nuroniylar nigohida” deb nomlangan tantanali uch avlod uchrashuvini tuman hokimi Sultonboy Yo‘ldashev ochdi va barcha ishtirokchilarni qutlug‘ ramazon oyi  bilan qizg‘in qutladi. U o‘z so‘zida avlodlar uchrashuviga bag‘ishlangan ushbu tadbirning mazkur maydonda o‘tkazilayotgani ham o‘ziga xos ramziy ma’noga egaligi, tuman hokimligining tashabbusi bilan qurilgan ushbu maydon va unga tutash bo‘lgan muzey xalqimizning yaqin o‘tmishini o‘zida aks ettirgani bilan barchamiz uchun qadrli ekanligini ta’kidladi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Mahalla va nuroniylarni qo‘llab-quvvatlash vaziri o‘rinbosari Tursunboy Abdujabborov, tuman Nuroniylar jamoatchilik Kengashi raisi o‘rinbosari Bekman Allamberganov, tuman Mahalla va nuroniylarni qo‘llab-quvvatlash bo‘limi qoshidagi “Buvijonlar maktabi” jamoatchilik Kengashi raisi, “Barkamol avlod” bolalar maktabi direktori, Qoraqalpog‘istonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi Xonimjon Rajabova ham bugungi kunda mamlakatimizda keksa avlod vakillariga qaratilayotgan e’tibor haqida, nuroniylarning yoshlarimizni Vatanga fidoyi, bilimdon va oqil qilib tarbiyalashda namuna bo‘layotganligi haqida to‘lqinlanib gapirdilar.

So‘zga chiqqanlar mamlakatimizda nuroniylarni e’zozlash, ularning jamiyat hayotidagi ishtirokini kengaytirish borasida qilinayotgan ishlar xususida gapirdilar. Keksa avlod vakillari mahallalarda tibbiy xizmatlar, o‘quvchi-yoshlarga ta’lim-tarbiya berishning ahvoli va boshqada sohalarda jamoatchilik nazoratini o‘rnatib, tarbiyasi og‘ir va muammoli yoshlarni jamiyat uchun foydali shaxslarga aylantirish borasida “Bir nuroniy – o‘n yoshga mas’ul” tamoyili asosida faol ish olib borayotgani alohida qayd etildi.

O‘z navbatida milliy o‘zligimizni anglash, tariximizni chuqur o‘rganish, mustaqilligimiz yo‘lida jonini fido qilgan ajdodlarimizni xotirlash barchamizning muqaddas burchimiz, ularning o‘tmish xotiralari, bosib o‘tgan hayot yo‘li yoshlarimiz uchun haqiqiy ibrat maktabi ekani e’tirof etildi.

Shundan so‘ng mas’ullar turli sohalarda ishlab, tumanimiz ijtimoiy-iqtisodiy ravnaqiga munosib hissa qo‘shgan bir guruh mehnat faxriylariga sovg‘alar topshirdilar. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Mahalla va nuroniylarni qo‘llab-quvvatlash vazirligi tomonidan 1 nafar nuroniyga nogironlar aravachasi, 3 nafar nuroniyga eshitish moslamasi, 10 nafariga qo‘ltiqtayoqlar topshirildi. Tuman hokimligi nomidan esa 40 nafar nuroniylarga esdalik sovg‘alari berildi.

Tadbirning badiiy qismini tumanimiz yosh san’atsevarlari jo‘shqin qo‘shiqlar bilan boshlab berishdi. Badiiy gimnastika bilan shug‘ullanayotgan bir guruh qizlar ishtirokidagi quvnoq raqsdan so‘ng sahnaga Shimoli-G‘arbiy harbiy okrug orkestri xonandalari chiqishib, tinchlik, baxtiyor davronimiz, shu ulug‘ va muqaddas Vatanimiz madh etilgan jo‘shqin qo‘shiqlar kuyladilar.

Tumanimiz san’atkorlari ijrosidagi kuy-qo‘shiqlar ham barchaga manzur bo‘ldi.

Shuningdek, tadbir davomida mehmonlar Gulzor mahallasida “Bir nuroniy – o‘n nafar yoshga mas’ul” tamoyili asosida amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishdi.

Qayd etish kerakki, Amudaryo tumanida jami keksalar soni 19 ming 895 nafarni tashkil qiladi. Shundan 12 ming 872 nafari ayollardir. “Bir nuroniy – o‘n nafar yoshga mas’ul” tamoyili asosida 49 ta mahallada yashovchi 70 nafar nuroniylar 490 nafar yoshlarga mas’ul qilib biriktirilgan.

O‘z navbatida o‘zgalar parvarishiga muhtoj, yakka-yolg‘iz keksalarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida 50 nafar keksa avlod vakillari holidan doimiy xabar olib kelinmoqda. O‘tgan davr mobaynida 31 marotaba madaniy-ma’rifiy va sog‘lomlashtirish tadbirlari tashkil etilib, tadbirlarga 1 ming 36 nafar yurtdoshlarimiz qamrab olindi. Yil boshidan bayon 7 ta fuqarolar yig‘inlarida “Uch avlod uchrashuvlari" tashkil etilib, tadbirlarda 50 nafar nuroniylar hamda 325 nafar yoshlar ishtirok etdilar.

Shu kuni mehmonlar 82-sonli maktabda tashkil qilingan “Nuroniylar tarbiyaviy soati”da ham ishtirok etdilar. Aytish joizki, har haftaning juma kuni tumanimiz bo‘ylab “Nuroniylar tarbiyaviy soati” davra suhbatlari o‘tkazib kelinmoqda. Davra suhbatlarini jonli muloqot tarzida tashkil qilish uchun 85 ta umumta’lim maktablariga 3 nafardan jami 255 nafar faol nuroniylar biriktirilgan. 82-sonli maktabda ham 2 nafar nafaqadagi ofitserlar, 1 nafar afg‘on urushi qatnashchisi har juma kuni yoshlar bilan suhbatlar uyushtirib kelmoqda.

“Nuroniylar tarbiyaviy soati”da bugungi tinch va osoyishta zamonamizning, erkin va farovon hayotimizning qadriga yetib, ona Vatanimizning tinchligini ko‘z qorachig‘iday asrash har bir fuqaroning burchi ekani yoshlarga hayotiy misollar orqali tushuntirib kelinmoqda.

Har qanday mamlakat taraqqiyoti fuqarolarining aql-zakosi, yurti uchun qilgan fidoyi mehnatiga bog‘liq. Shu ma’noda olib qaraydigan bo‘lsak, nuroniylarimiz bugungi baxtiyor zamonaning bunyodkorlaridir. Ular har qancha hurmatga, e’tiborga munosibdirlar. “Yoshlar – nuroniylar nigohida” deb nomlangan avlodlar uchrashuvi bu hayot haqiqatini yoshlarga yetkazishga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir.

Oygul RAJABOVA.

Ozoda XUDOYBЕRGANOVA.