Xalq deputatlari Amudaryo tuman Kengashining 48-sessiyasi to‘g‘risida axborot

Туман янгиликлари

2022 yil 13 aprel kuni Xalq deputatlari Amudaryo tuman Kengashining 48-sessiyasi bo‘lib o‘tdi.

Sessiya ishida tuman Kengashi deputatlari, sektorlar rahbarlari, hokim o‘rinbosarlari, hokimlik mas’ul xodimlari, huquq-tartibot organlari, bo‘limlar, jamoat tashkilotlari rahbarlari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Sessiya ishini tuman hokimi, Xalq deputatlari tuman Kengashi raisi Sultonboy Yo‘ldashev ochdi va olib bordi.

Sessiya kotibligiga 30-“Nazarxan” saylov okrugidan deputat Guljahon Ibragimova saylandi.

Sessiyada dastlab Amudaryo tumanini kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha sektorlar hududlarida 2022 yilda amalga oshiriladigan ishlar bo‘yicha “Yo‘l xaritalari”ning 1-chorakdagi ijrosi to‘g‘risida sektorlar rahbarlarining hisobotlari tinglandi.

Tuman hokimi, 1-sektor rahbari Sultonboy Yo‘ldashev kun tartibidagi masala yuzasidan axborot berib, 49 ming 907 fuqaro istiqomat qiluvchi 1-sektor hududida joriy yilda 270,5 mlrd. so‘mlik 25 ta investitsiya loyihalar amalga oshirilishi va 2 160 ta yangi ish o‘rinlari yaratilishi rejalashtirilganini ta’kidladi. Bugungi kun holatiga 2,6 mlrd. so‘mlik 3 ta investitsiya loyihalar amalga oshirildi. Buning natijasida 25 ta yangi ish o‘rinlari yaratildi. Bu boradagi ishlar izchillik bilan davom ettirilmoqda.

Tuman prokurori, 2-sektor rahbari Aziz Ro‘zmetovning hisobotida keltirilishicha, joriy yilning birinchi choragida sektor hududidagi aholi turmush darajasini yanada yaxshilash bo‘yicha qator ishlar amalga oshirilgan. Jumladan, sektor hududida vaqtincha ishsiz bo‘lgan ayollar va yoshlarning 134 nafari doimiy ishga joylashtirilgan. Tadbirkorlik faoliyatini boshlash istagida bo‘lgan 7 nafar ishsiz fuqaroga davlat ro‘yxatidan o‘tish uchun subsidiyalar ajratilib, ishlash istagini bildirgan vaqtincha ishsiz 59 nafar fuqarolar jamoat ishlariga jalb qilingan. 13 nafar ishsiz fuqarolar esa mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan kasbga o‘qitish, xorijdan qaytgan 92 nafar mehnat migrantlarining bandiligi ta’minlash choralari ko‘rilgan.

Ushbu masala yuzasidan 3-sektor rahbari, tuman Ichki ishlar bo‘limi boshlig‘i Ulug‘bek Xudoyberganovning xisobotida ta’kidlanganidek, sektor hududida hokim yordamchilari va yoshlar yetakchilari bilan hamkorlikda ish olib borilib, “Temir daftar”, “Yoshlar daftari” va “Ayollar daftari”ga kiritilgan fuqarolarga har tamonlama yordamlar ko‘rsatilgan. Shuningdek, ijtimoiy himoyaga muhtoj 30 nafar fuqaro reablitatsiya texnik vositalari va nogironlik aravachalari bilan ta’minlangan.

4-sektor rahbari, tuman Davlat soliq inspeksiyasi boshlig‘i Aydos Seyitovning kun tartibidagi masala bzasidan hisobotida joriy yilning dastlabki uch oyi davomida sektor hududidagi Namuna va Chordara mahallalariga yangi transformatorlar o‘rnatilgani, Beruniy va Bo‘ston mahallalari hududlarida yangi maktabgacha ta’lim tashkilotlari barpo etilgani va aholi uchun boshqa ko‘plab qulayliklar yaratilgani qayd etildi.

Sessiya ishida sektorlar va hududdagi tashkilotlar rahbarlarining aholi murojaatlari va muammolari bilan ishlash holati yuzasidan tuman Xalq qabulxonasi bo‘limi mudiri Erkin Rajapovning axboroti tinglandi.

Axborotda mahallalardagi hokim yordamchilari faoliyati hamda “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlari doirasida amalga oshirilayotgan ishlar, shuningdek, aholining hal qilingan va e’tibordan chetda qoldirilgan murojaatlari haqida batafsil ma’lumotlar berildi.

Shundan so‘ng, tuman Adliya bo‘limining 2022 yil 1-choragi yakuni bo‘yicha ish faoliyati yuzasidan bo‘lim boshlig‘i Mo‘’minjon Matyusupovning axboroti tinglandi. Qayd etilganidek bo‘limga 2022 yilning 1-choragi davomida jami 62 ta ariza va shikoyat kelib tushgan bo‘lib, ushbu murojaatlarning 21 tasi ariza, 41 tasi shikoyat shaklida bo‘lgan. Qonunbuzilish holatlarini o‘rganish natijasida idora va tashkilotlarga jami 20 ta taqdimnomalar kiritilib, 10 nafar shaxs intizomiy javobgarlikka tortilgan.

Sessiyada 2022 yilning dastlabki uch oyi davomida tumanda sodir etilgan jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar yuzasidan tuman Ichki ishlar bo‘limi boshlig‘i o‘rinbosari – jamoat xavfsizligi xizmati boshlig‘i Muxtor Raxmatullayevning hisoboti tinglandi.

Unga ko‘ra, kriminogen vaziyat bo‘yicha “Qizil”, “Sariq” va “Yashil” toifadagi mahallalarda profilaktik ishlar amalga oshirilib, huquqbuzarlik holatlari o‘tgan yilgiga qaraganda sezilarli darajada kamayishiga erishilgan. Hisobotda bu borada kelgusida amalga oshiriladigan ishlar xususida ham batafsil ma’lumotlar berildi.

Sessiya kun tartibida ayol-qizlarnig ishbilarmonlik va tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash, “Ayollar daftari”, “Yoshlar daftari” va “Temir daftar”ga kiritilgan fuqarolarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar bo‘yicha tuman hokimining moliya-iqtisodiyot va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari Rashid Salayevning hisoboti tinglandi.

Kun tartibidagi navbatdagi masala yuzasidan Amudaryo tumani Xalq ta’limi bo‘limi mudiri Akmal Ismailovning hisoboti tinglandi. Axborotda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 5 apreldagi “Xalq ta’limi sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar natijadorligi hamda “Milliy dastur” loyihasi taqdimotiga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida beglilab berilgan vazifa va topshiriqlar ijrosini ta’minlash bo‘yicha kelgusida amalga oshiriladigan ishlar haqida batafsil ma’lumotlar berildi. Tumandagi barcha maktablar hamda Xalq ta’limi bo‘limining bu boradagi rejalarini o‘z ichiga olgan “Yo‘l xaritasi” deputatlar tomonidan tasdiqlandi.

Sessiya kun tartibidagi Amudaryo tumani Xalq ta’limi bo‘limiga qarashli maktablarda bo‘shab qolgan direktorlik lavozimlariga o‘tkazilgan tanlov yakunlari bo‘yicha nomzodlarga kelishim to‘g‘risidagi masala ham ko‘rib chiqildi.

4-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabi direktori lavozimiga
Sherzod Bobojonov, 15-sonli maktab direktori lavozimiga Jasorat Artiqov, 61-sonli maktab direktori lavozimiga Hakimjan Davletyarov, 77-sonli maktab direktorii lavozimiga Shavkat To‘rayevlar nomzod sifatida ko‘rsatilgan.

 Nomzodlarning kelgusi 3 yilga mo‘ljallangan dasturlari tinglanib, ochiq ovoz berish jarayoni orqali Xalq deputatlari Amudaryo tuman Kengashining nomzodlarga kelishim berish to‘g‘risidagi qarori qabul qilindi.

Shuningdek, sessiya ishida Kengash vakolatiga kiruvchi boshqa masalalar ham muhoka qilinib, ular yuzasidan ham tegishli qarorlar qabul qilindi. Shuning bilan sessiya o‘z ishini yakunladi.

Tuman hokimligining Axborot xizmati