Tomorqa − yuqori daromad manbai

Туман янгиликлари

Bugungi kunda tomorqa qishloq aholisining asosiy daromad manbaiga aylanib bormoqda. Aslida ham, tomorqa – rizq-ro‘z, qo‘shimcha daromad manbai, bandlikni, arzonchilikni ta’minlashning samarali usulidir. Mehnatga ishtiyoq, havas bo‘lsa, inson nafaqat o‘z hayotini balki oila a’zolarini turmushini ham farovon qila oladi. Buni yaxshi anglagan Amudaryo tumani aholisining asosiy qismi o‘z tomorqalarida issiqxonalar tashkil qilib, yaxshigina daromad manbaiga ega bo‘lishmoqda.

O‘z tomorqalaridan unumli foydalanayotgan fuqarolar bilan suhbatlashish hamda zaruriy tavsiyalar berish maqsadida O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari Kengashining Amudaryo tumaniga biriktirilgan vakili Umrzoq Rahmatov mas’ullar bilan birgalikda Qoramon mahallasida uchrashuv o‘tkazdi.

Uchrashuv davomida davlatimiz rahbari tomonidan 2021 yil  1 aprel sanasida imzolangan “Dehqon xo‘jaligi to‘g‘risida”gi qonunning mazmun-mohiyati xaqida keng tushunchalar berib o‘tildi.

Ta’kidlanganidek, “Dehqon xo‘jaligi to‘g‘risida”gi qonunga ko‘ra, 18 yoshga to‘lgan, muomalaga layoqatli bo‘lgan, o‘ziga dehqon xo‘jaligini yuritish uchun yer uchastkasi meros qilib qoldiriladigan umrbod egalik qilish yoki ijara huquqi asosida berilgan O‘zbekiston fuqarosi yoki O‘zbekiston hududida doimiy yashovchi fuqaroligi bo‘lmagan shaxs dehqon xo‘jaligi boshlig‘i bo‘lishi mumkin.

Shuningdek, qonun bilan belgilanganidek, dehqon xo‘jaliklaridan davlat boji va yig‘im undirilmaydi, dehqon xo‘jaligini yuritish uchun 6 sotixdan 1 gektargacha bo‘lgan o‘lchamda yer uchastkalari beriladi. Qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlarning asosiy ekindan bo‘shagan qismi 6 sotixdan 10 gektargacha bo‘lgan o‘lchamda bir yilgacha bo‘lgan muddatga ikkilamchi ijaraga berilishi mumkin. Berilgan yer uchastkasidan faqat qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirish uchun foydalanilishi kerak.

Mas’ullar mahallaning faol a’zosi, o‘z tomorqasida bir necha yillardan buyon issiqxona tashkil qilib, yuqori daromad manbaiga ega bo‘lib kelayotgan Yangiboy Sultonovning xonadonida bo‘lishdi. Mehmonlar Yangiboy Sultonovning issiqxonasida pomidor va bodringning bir necha xil navlari, bulg‘or qalampiri va ertagi tarvuz nihollari barq urib rivojlanayotganligiga hamda oilaning o‘z chorvasi, parrandasi borligi daromadiga yana daromad qo‘shayotganiga guvoh bo‘lishdi.

Darhaqiqat, Prezidentimiz tomonidan puxta o‘ylangan rejalar asosida uzoqni ko‘zlab qabul qilinayotgan farmon va qarorlar avvalo aholining eng muhim oziq-ovqat mahsulotlariga bo‘lgan talabini to‘laqonli ta’minlashga, oltinga teng bo‘lgan sug‘oriladigan yer maydonlarimizdan samarali foydalanish orqali ko‘proq mahsulot yetishtirish va ichki bozorda oziq-ovqat mahsulotlari narx-navosining barqarorligini ta’minlashga xizmat qilmoqda.

Zero, dehqon xo‘jaliklariga va tomorqa yer egalariga ko‘rsatilayotgan g‘amxo‘rliklar zamirida qishloq joylarda yashovchi oilalarni qo‘llab-quvvatlash, ularning daromadlarini ko‘paytirish, turmush tarzini yanada yaxshilashga qaratilgan oliyjanob maqsad mujassamdir.

Tuman hokimligining Axborot xizmati