SUD RAISI ISHTIROKIDAGI DAVRA SUHBATIDA QONUNCHILIKDAGI O‘ZGARISHLAR TUSHUNTIRILDI

Туман янгиликлари

Huquqiy ong va savodxonlikni oshirish,  qonunchilikdagi yangilik va o‘zgarishlar mazmun-mohiyatini tushuntirish maqsadida ATB Agrobankning tuman filiali xodimlari ishtirokida davra suhbati o‘tkazildi.

Shu yil 7 aprel kuni ATB Agrobank tuman filiali binosida bo‘lib o‘tgan mazkur tadbirda Jinoyat ishlari bo‘yicha tuman sudi mas’ullari, filial boshqaruvchisi K.Aytbayev hamda bank xodimlari ishtirok etdilar. Tadbirda sudi raisi J.O‘razbayev O‘zbekiston Respublikasi JKning 167-moddasi, o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-taroj qilish jinoyati tavsifini tushuntirib, tumanimizda bank sohasida bir qancha jinoyatlar sodir qilinganligi, buning oqibatida davlat va jamoat manfaatlariga ko‘p miqdorda zarar yetkazilganligini, ayblanuvchilarga nisbatan ozodlikda mahrum qilish jazolari qo‘llanilganini aytib o‘tdi.

Bundan tashqari, ATB Agrobank tuman filiali xodimlariga Prezidentimizning 2021 yil 6 iyuldagi “Korrupsiyaga qarshi murosasiz munosabatda bo‘lish muhitini yaratish, davlat va jamiyat boshqaruvida korrupsiyaviy omillarni keskin kamaytirish va bunda jamoatchilik ishtirokini kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni, “Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha 2021-2022 yillarga mo‘ljallangan davlat dasturi”i kabilarda ko‘rsatilgan chora-tadbirlar ijrosini ta’minlash, korrupsiyaning davlat va jamiyat taraqqiyoti uchun eng jiddiy xavf-xatarlardan biri ekanligi kabilar to‘g‘risida so‘z yuritildi. Shuningdek, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Konstitutsiyasi mazmun-mohiyati haqida tushunchalar berib o‘tildi.

Yig‘ilish so‘ngida tadbir ishtirokchilari o‘zlarini qiziqtirgan boshqa savollarga ham javoblar oldilar.

J.O‘razbayev, Jinoyat ishlari bo‘yicha tuman sudi raisi.