NAMUNALI MADANIYAT MARKAZI

Туман янгиликлари

Amudaryo tumanining olis hududlaridan biri Qilichboy ovulida joylashgan Qilichboy madaniyat markazi aholining madaniy hordiq chiqarishini ta’minlash maqsadida ko‘p yillardan buyon faoliyat yuritmoqda.

Ovuldagi ushbu Madaniyat markazini yanada rivojlantirish,  turli xil to‘garaklar sonini ko‘paytirish, eng asosiysi, aholining madaniy hordiq olishini ta’minlashda markaz mudiri,  Qoraqalpog‘istonda xizmat ko‘rsatgan artist I.Siytimovning xizmatlari katta.

Bugungi kunda Qilichboy madaniyat markazida 8 nafar xodim faoliyat olib bormoqda. Shuningdek, markazda drama va ashula to‘garaklari faoliyati yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, to‘garak a’zolari Respublika miqyosida o‘tkazilayotgan tanlovlarda munosib qatnashib kelishmoqda.

O‘tgan yil mobaynida madaniyat markazi tomonidan yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazish, iqtidorli yoshlarni aniqlash va san’atga qiziqishlarini oshirish borasida ko‘plab salmoqli ishlar amalga oshirildi. "Besh tashabbus” doirasidagi ko‘rik-tanlovlar, “Orzular sari”, “Aziz yurtim yoshlari” nomli konsert dasturlari shular jumlasidandir.

Qilichboy madaniyat markazi ovul hududidagi umumta’lim maktablari bilan hamkorlikda faoliyat olib bormoqda. Iqtidorli yoshlar aniqlanib, ularga malakali ustozlar tomonidan ta’lim berilmoqda. Bugungi kunda maskandagi yo‘nalishlarni kengaytirish, aholi, ayniqsa, yoshlarning qamrab olinish darajasini yanada oshirish borasida ko‘plab ijobiy ishlar amalga oshirilmoqda.

Chekka hududlarda dam olish konsert dasturlari  o‘tkazish, turli  mavzularda yoshlar uchun xayriya va pullik konsert dasturlarini namoyish etish, Qoraqalpog‘iston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan artist, ustoz san’atkor Nazir Rahimov muzeyini, “Qo‘g‘irchoq teatri”ni tashkil qilishni asosiy vazifa qilib belgilashgan.  Markaz xodimlari xalqqa xizmat ko‘rsatishdan, ma’naviyat va madaniyatni targ‘ib etishdan aslo charchamaydi.

F.Eshimbetova.