Amudaryo tumani davlat soliq inspeksiyasi boshlig‘i A.Seitovning tadbirkorlarga hisoboti va murojaati

Туман янгиликлари

Muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev joriy yilning 16 mart kuni Davlat soliq qo‘mitasiga tashrifi davomida sohani takomillashtirish, xususan soliq tizimini raqamlashtirish, soliq to‘lovchilarga xizmat ko‘rsatish sifati va ko‘lamini oshirish, shuningdek, “Soliqchi – ko‘makchi” tamoyili asosida tadbirkorlar bilan bevosita muloqotga kirishib, ularning muammolarini o‘rganish va soliq qonunchiligidagi o‘zgarishlarni tushuntirish yuzasidan bir qator topshiriqlar bergandi.

Mazkur topshiriqlarning ijrosini ta’minlash, tadbirkorlarni soliq sohasidagi o‘zgarish va yangiliklar bilan tanishtirish maqsadida joriy yilning 24 mart kuni Davlat soliq qo‘mitasi rahbariyati boshchiligida joylarda tadbirkorlar bilan uchrashuvlar o‘tkazildi.

Amudaryo tumanida o‘tkazilgan uchrashuvda jami 53 nafardan ortiq tadbirkorlar ishtirok etishdi.
Tadbirkorlik subektlariga soliq qonunchiligiga kiritilgan o‘zgartish va qo‘shimchalar, yangiliklar, avtomatlashtirilgan axborot tizimlari haqida muntazam ravishda, batafsil ma’lumotlar berib borilmoqda.

Bugungi kunda ham “Soliqchi-ko‘makchi” tamoyili asosida tuman soliq xizmati organlari tomonidan tadbirkorlar huzuriga borgan holda ularning muammolarini o‘rganib, sayyor soliq maslahatlari ko‘rsatilmoqda.

Masalan, aprel oyi davomida 176ta korxonalarning muammolari batafsil o‘rganildi. Natijada, soliq organlariga aloqador masalalar bo‘yicha 118 ta muammolar ijobiy hal etildi. Bugungi kunda boshqa tashkilotlar bilan bog‘liq masalalar qat’iy nazoratga olinib, hamkorlikda hal etish choralari ko‘rilmoqda.

Shuningdek, o‘rganishlar davomida soliq turlari bo‘yicha 43 ta subektlarning 559,6 million so‘m mavjud ortiqcha to‘lov summasi qaytarib berildi yoki boshqa soliq turlaridan qarzdorlik hisobiga singdirildi.

Darhaqiqat, Prezidentimiz ta’kidlaganlaridek, soliq to‘lovchilarga haqiqiy ma’noda ko‘makchi, o‘rgatuvchi bo‘lish soliq organlarining bosh vazifasiga aylanmoqda. Shu ma’noda, tadbirkorlar uchun yanada yengillik yaratish uchun “Avtokameral” avtomatlashtirilgan axborot tizimining ishga tushirilishi sohadagi yangilik bo‘ldi.

Bu tizim orqali, soliq organlari soliq to‘lovchilar faoliyatida tekshiruvdan oldingi tahlillarni, e’tibor qarating tekshirishlarni emas, tahlillarni o‘tkazishi mumkin. Ya’niki, soliq to‘lovchi faoliyati davomida qandaydir xatoliklarga yo‘l qo‘yayotgan bo‘lsa yoki hisobotlarida qandaydir tafovvutlar kuzatilayotgan bo‘lsa, avtomatlashgan tizim darhol soliq to‘lovchining shaxsiy kabinetiga xatoliklarni tuzatish haqida xabarnoma jo‘natadi. Aqlli dastur o‘zi kamchiliklarni aniqlab, o‘z vaqtida tadbirkorga ko‘makchi bo‘lib, xabar berib boradi. Eng muhimi, bunda inson omili aralashmaydi.

Amudaryo tumani davlat soliq inspeksiyasi joriy etilgan qator soliq imtiyozlari, soliq yuki va turlarining kamaytirilganligi to‘g‘risida tadbirkorlar o‘rtasida olib borilayotgan tushuntirish-targ‘ibot ishlari, xodimlari tomonidan tadbirkorlik subektlari bilan olib borilgan tushuntirish ishlari natijasida aprel oyida 93 ta korxonadagi 158 nafar norasmiy ishlovchi fuqarolar faoliyati qonuniylashtirildi. Muhimi, fuqarolar ish o‘rinlariga ega bo‘ldi.

Agar sohalar kesimida ko‘rib chiqadigan bo‘lsak, savdo va umumiy ovqatlanish korxonarlarida 70 nafar, ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish korxonalarida 42 nafar, qurilish korxonalarida 12 nafar hamda qishloq xo‘jaligi sohasida faoliyat yurituvchi 34 nafar fuqarolarning faoliyati rasmiylashtirildi va budjetga 129,5 million so‘m qo‘shimcha mablag‘ yo‘naltirildi.
2022-yilning aprel oyi davomida tumanimiz soliq to‘lovchilari tomonidan budjetga 6 mlrd 713,5 mln.so‘m miqdorida soliq to‘lanib, belgilangan prognoz 7 mlrd 289,6 mln.so‘m bulib rejasi 576,2 mln. so‘m ortig‘i bilan ya’ni 108,6 foizga bajarildi.

Joriy yilning aprel oyi mobaynida “Soliq hamkor” dasturi orqali Amudaryo tumanida faoliyat yuritayotgan tadbirkorlik subektlari bilan bog‘liq soliq huquqbuzarliklari to‘g‘risida jami 35 ta murojaat kelib tushgan bo‘lib, shundan 2 ta murojaat turli xil sabablarga ko‘ra rad qilingan. Ularning 33 tasida sayyor soliq tekshiruvlari o‘tkazilib, savdo qoidalari buzilayotganligi tasdiqlandi.

Shu o‘rinda ta’kidlash o‘rinliki, bugungi tadbirkor kechagisidan tubdan farq qiladi. Qonunchiligimiz ham ular uchun qator yengillik va qulaylik yaratishga qaratilgan. Buning natijasida, iqtisodiyotda xufyona bozor mexanizmlariga o‘z-o‘zidan chek qo‘yilmoqda. Halol tadbirkor uchun shaffof va qonuniy ishlaydigan davr keldi. Shu bois, savdo va xizmat ko‘rsatish sohasida onlayn nazorat-kassa mashinalaridan foydalanuvchilar soni bugun 899 nafarni tashkil etmoqda.

Bugungi kunda qo‘lida hunari bor yoki uyda yakka tartibda ma’lum faoliyat bilan shug‘ullanib kelayotgan fuqarolarimiz talaygina. Ularning o‘zini o‘zi band qilishi, ish stajiga ega bo‘lishi uchun soliq xizmati organlari tomonidan doimiy ko‘mak ko‘rsatib kelinmoqda. Jumladan, joriy yilning aprel oyi yakuni bilan tumanda 830 nafar fuqarolar o‘zini o‘zi band qilish tizimi orqali ro‘yxatdan o‘tib, muayyan faoliyat turlari bilan muntazam shug‘ullanib kelmoqda.

Hurmatli soliq to‘lovchilar!

Biz soliq xizmati organlari xodimlari sizlarning muammolaringiz qonuniy hal etish, faoliyatingiz davomida yuzaga kelgan barcha tushunmovchiliklarga yechim topishda doimiy ko‘mak berishga tayyormiz.